Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda renovatsiya dasturlari haqida fikr bildirdi.
“Birgina Toshkent viloyatidagi jami 5 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning yarmi bundan 50 yildan oldin qurilgan. Shu bois, yil yakunigacha ushbu uylarning joriy holati, jumladan, zilzilaga chidamli ekanligi to‘liq o‘rganiladi.
Umuman, aholi bilan maslahatlashgan holda, ularning roziligi bilan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan massivlarni yangilash bo‘yicha ishlarni amalga oshiramiz. Albatta, bu jiddiy masala. Shuning uchun, renovatsiyaning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lishi kerak. Shu maqsadda, Renovatsiya dasturlari faqat va faqat odamlarimizning roziligi va keng jamoatchilik fikrini olgan holda qabul qilinadi”, — dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, 2025-yilga qadar 25 ta shaharning, 2030-yilgacha esa barcha aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqilishi to‘liq yakunlanadi.
“Bosh plan”larni ishlab chiqish jarayonlari aholi va tadbirkorlar uchun ochiq-oshkora va shaffof bo‘ladi. Buning uchun, alohida portal ishga tushirilib, ularning tashabbus va takliflari albatta inobatga olinadi. Bu maqsadlarga kelgusi yetti yilda 2 trillion so‘m yo‘naltiramiz”, — dedi nomzod.
Izoh (0)