Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosinnig eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.
“Qonun loyihasining qabul qilinishi, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan.
Sudlanganlik nima?
Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketgani yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.