Samarqand shahridagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad al-Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muzokaralarda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Uchrashuv avvalida Qatar amiri Shavkat Mirziyoyevga tashrif bilan kelish taklifi hamda Qatar delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan. Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etilgan.
“Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so‘nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda”, — deydi davlat rahbari.
2023-yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani taʼkidlangan. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli surʼat bag‘ishlashiga ishonch bildirgan.
Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini taʼkidlagan.
Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentabr oyida O‘zbekiston—Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etilgan.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etgan.
Madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan, birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olingan. Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar, ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi taʼkidlangan.
Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan. Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini taʼkidlagan.
Shu maʼnoda, Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv so‘ngida shayx Tamim ibn Hamad al-Soniy Shavkat Mirziyoyevni Qatarga tashrif bilan kelishga taklif qildi.