Toshkentning Yakkasaroy tumanida 1902-yilda ishlab chiqarilgan oltin tangani sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan DXX va Toshkent shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.T. va boshqalar 1902-yilda ishlab chiqarilgan og‘irligi 32,22 gramm bo‘lgan 1 dona Nikolay II oltin tangasini 100 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Madaniy meros agentligining xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin tanganing bugungi kundagi bahosi 1 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.