Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining izlari borligi aniqlanib, rasmga olindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, xodimlar qo‘riqxona hududida olib boriladigan monitoring-kuzatuv ishlari jarayonida har bir holatni e’tiborga olib, suratlarda ham qayd qilib boradi. Qo‘riqxonaning Qizilsuv bo‘limida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlarda ana shu ayiq izlari suratga olindi.
Qo‘riqxona xodimlarining bildirishicha, bir qarashda odamnikiga ham o‘xshab ketadigan bu izlar taxminan 7–8 yoshlardagi qo‘ng‘ir ayiqqa tegishli bo‘lib, changli so‘qmoqda yurganida aniq ko‘ringan. Qo‘ng‘ir ayiq — respublika faunasining noyob turlaridan biri.
TMXI Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqlarni muhofaza qilishga keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Xususan, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi hududidagi aniqlangan ayiqlar soni hozirda 150 boshdan ortiq va qo‘riqxonaning deyarli barcha hududlarida uchraydi.
Mavzuga doir: Video: “Hisor” qo‘riqxonasidagi fotoqopqonga tushgan qor qoploni va tulki