Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Oila (shaxsiy) budjetini shakllantirib, to‘g‘ri sarflash va tejashni, maqsadlarni belgilab, ularga erishish yo‘lini aniqlashni o‘rganilganda, budjet himoyasini ta’minlash muhim ahamiyatga egaligini unutmaslik kerak. “Daryo” moliyaviy zaxira nima ekanligi, u nima uchun kerakligi haqida so‘z yuritadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Hayotda, budjetga ta’sir qilib, odamlarni zarur mablag‘larsiz qoldirishi mumkin bo‘lgan turli xil kutilmagan holatlar bo‘lishi mumkin. Bularga misol qilib quyidagilarni keltirsa bo‘ladi:

  • tabiiy ofatlar; 
  • virusli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan ish va daromad manbaini yo‘qotish yoki vaqtincha to‘xtatishi;
  • ish qobiliyatini yo‘qotish;
  • favqulodda vaziyatlar.

Budjetni himoya qilish uchun moliyaviy zaxira kerak. Moliyaviy zaxira 6-12 oylik xarajatlarga teng miqdorda shakllantiriladi. 

Kutilmagan hayotiy vaziyatlar ro‘y berganida, moliyaviy qiyinchiliklar o‘tib, daromad tiklanishiga qadar oila odatiy hayot tarzida yashashi uchun oyiga qancha sarflashini anglash muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy zaxira “moliyaviy yostiqcha” deb ham yuritiladi.

“Moliyaviy yostiqcha” miqdori qanday bo‘lishi kerak?

Har bir oila yoki shaxs uchun “moliyaviy yostiqcha” miqdori farq qiladi. Uning miqdori kamida 3-6 oylik xarajatlarga teng bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Masalan, bir oila oyiga o‘rtacha 2 mln so‘m sarf qilsa, moliyaviy yostiqcha kamida 6-12 mln so‘mni tashkil etishi kerak.

“Moliyaviy yostiqcha” uchun muntazam ravishda qancha pul ajratib qo‘yish zarur?

Aslida zaxirani shakllantirish unchalik qiyin emas, shunchaki, “oylik oldingizmi – avval o‘zingizga pul ajrating” tamoyiliga amal qilish zarur. 

Oila budjeti xavfsizligini ta’minlash maqsadida daromadingiz miqdoridan qat’iy nazar kamida uning 15-20 foizini tejashni boshlang.

Masalan, bir oila a’zosi 1 million so‘m daromad olsa, u holda oyiga kamida 150-200 ming so‘m tejalishi kerak. 

Shunday qilib, “moliyaviy yostiqcha” besh-yetti yil davomida asta-sekin shakllantiriladi.

“Moliyaviy yostiqcha” mablag‘larini qanday saqlash mumkin?

“Moliyaviy yostiqcha” mablag‘larini saqlashning muhim mezoni bu — jamg‘armalarni ilojsiz vaziyatlarda mablag‘larni tezda olish va kerakli miqdorda foydalanish imkonini beradigan usulda saqlash. 

Shu nuqtai nazardan, “Moliyaviy yostiqcha” mablag‘larini saqlashning quyidagi turlarini ko‘rib chiqish mumkin.

Uyda saqlash — bu usulning afzalligi pullarni qo‘l yetadigan joyda joylashganida, ya’ni uydan chiqmagan holda daromaddan ajratilgan pulni qo‘shib qo‘yish mumkin. 

Biroq, ko‘zda tutilmagan mavjudligini hisobga olishingiz kerak: kutilmagan holatlar (yong‘in, sel va boshqalar), inflyatsiya, boshqa maqsadlar uchun pulni sarflab yuborish ehtimoli va eng muhimi, xavfsizlikning ta’minlanmagani. 

Agar uyda pul saqlashga qaror qilinsa, temir sandiq (seyf) sotib olish haqida o‘ylab ko‘rish lozim.

Depozit qutichalarida saqlash — pullarni saqlash xizmati uchun haq to‘laydigan bankdagi shaxsiy temir sandiq(seyf). 

Ushbu usul har safar bankka borishni talab qiladi: depozit qutisi to‘ldirilganda, bank filialiga tashrif buyurish va zaxirani naqd pul bilan to‘ldirish kerak.

Onlayn depozit — zaxirani saqlash uchun foydali tanlov, chunki masofadan turib amaliyotlarni bajarish mumkin. Omonatni bankka borib, naqd pul bilan to‘ldirish shart emas. 

Istalgan vaqtda bankning mobil ilovasidan foydalanish mumkin. Buning uchun telefon (smartfon), internet va bank kartangiz bo‘lsa kifoya.

Bir necha usulni diversifikatsiyalash — zaxira uchun mablag‘larning bir qismi uyda saqlash, bir qismini esa onlayn depozitlarda joylashtirish mumkin. 

Shunday qilib, ko‘zda tutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, “moliyaviy yostiqchangiz” naqd va naqd pulsiz shaklida bo‘ladi.

Maqolada Markaziy bankning “Finlit.uz” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Maslahatlar
Bir necha daqiqa ichida djinsi kiyimlardan yog‘ dog‘larini tozalashga yordam beradigan usullar
Mahalliy
Surxondaryoda “Jiguli” qo‘ylar podasini urib yubordi
Mahalliy
“Biz uchun JSTga qo‘shilish mutlaq ustuvor vazifa” –  tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov