“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov Yevropa Ligasi 1-turi doirasida “Ludogorets”ga qarshi kechgan bahsda (1:2) gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvning 67-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan o‘zbekistonlik futbolchi o‘yin yakunlanishi arafasida hisobni tenglashtirgan golga muallif bo‘ldi. Biroq rimliklar shundan keyin yana bir to‘p o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi.
Shu tariqa Shomurodov Yevropa Ligasi (UEFA Kubogi) final bosqichida gol urgan tarixdagi beshinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi, deya xabar qilmoqda “Championat.asia”. Undan avval Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Vladimir Shishelov va Vladimir Maminov mazkur musobaqada gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Qayd etish kerak, Shishelov va Maminov Rossiyada tug‘ilgan bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston fuqaroligini olgan.
Musobaqa saralash bosqich o‘yinlari ham inobatga olinsa, yuqoridagi futbolchilar ro‘yxatiga Ja’far Irismetov, Ulug‘bek Baqoyev, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmayev, Sanjar Tursunov, Temur Kapadze, Kamoliddin Murzoyev ham qo‘shiladi.