Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Turkmanistonda 8-avgust kuni Turkmanboshi — Qorabo‘g‘oz — Qozog‘iston chegarasi avtomobil yo‘li bo‘ylab Qorabo‘g‘oz ko‘li (Kaspiy dengizining Turkmaniston g‘arbidagi ko‘rfazi) orqali avtomobil ko‘prigi qurilishi boshlandi, deb yozadi Asia Plus.

Ko‘prik loyihasi

Ko‘prik loyihasi
Foto: “Tdh.gov.tm”

Poydevor qo‘yish marosimida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi, u ayni paytda Kaspiy dengizi sohillarida mehnat ta’tilini o‘tkazmoqda. Voqea joyiga u vertolyotda yetib keldi. Loyiha haqidagi axborotni eshitdi va nutq so‘zladi.

Prezident aytishicha, yangi ko‘prik Turkmanistonning sharqiy va shimoliy hududlari, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan ham tovar aylanmasi, yuk tashuvlari va yo‘lovchi tashuvlarini hajmini sezilarli darajada oshiradi.

“Ko‘prik Turkmaniston, Rossiya, Qozog‘iston, Eron va Hindiston yuk tashuvchilariga samarali xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, bu ularga eng qisqa yo‘l bilan, dengiz, temir yo‘l va avtomobil transportidan foydalanib, Shimoliy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga chiqish imkonini beradi”, — dedi Berdimuhamedov.

Taqdimotdan keyin Turkmaniston rahbari avtomobil ko‘prigi poydevori asosiga avlodlarga atalgan kapsulani joylashtirdi va qazilgan kotlovanga belkurak bilan birinchi betonni tashladi.

Yangi muhandislik inshooti ikki polosali harakatdan iborat bo‘lgan eski ko‘prik o‘rnida quriladi, u oshib ketgan transport yuklamalarini uddalay olmay qolgan. 2019-yilda bu yerdagi trafik kuniga 1200 ta transport vositasidan iboratligi aytilgandi.

Yangi ko‘prik qurilishi bilan Ukrainaning “Altkom” qurilish kompaniyasi shug‘ullanadi, u Turkmaniston hukumati bilan 2009-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Inshoot to‘rt polosali bo‘lib, uning uzunligi 354 metr, kengligi 17 metr, ko‘rfazdan balandligi esa 7 metrni tashkil etadi.

Shuningdek, “Altkom” ikki ming metr uzunlikda sanoat temir yo‘lini jihozlashi kerak. Turkmanboshi — Qorabo‘g‘oz — Qozog‘iston chegarasi avtomobil yo‘li bo‘ylab haydovchilar va yo‘lovchilar uchun dam olish bazalari, mehmonxona, texnik xizmat ko‘rsatish markazlari, avtobus bekatlari quriladi, transport vositalari og‘irligi va gabaritini nazorat qilishning avtomatlashgan tizimlari, yoritish tizimlari, yo‘l belgilari o‘rnatiladi.

Obyektni 2024-yil iyunida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Qurilish vazirligi ogohlantiradi: yangi uy xarid qilayotganda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar
Mahalliy
“Ba’zida o‘zim ham noto‘g‘ri parkovka qilaman” — Rasul Kusherbayev
Mahalliy
Toshkent shahri bosh rejasining bir qismi 2022-yil oxirigacha yakunlanadi