Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

So‘nggi bir necha oyda butun dunyo nigohi Sharqiy Yevropa, Ukrainaga qaratildi. Dunyoning eng kuchli davlatlaridan biri deb aytiluvchi Rossiya mana nechchi oydirki, Ukrainada deyarli muvaffaqiyatga erisha olgani yo‘q. Bu paytda jahonning boshqa burchagida yana bir qaynoq nuqta alangalanmoqda. Bu Sharqiy Osiyodagi Tayvan oroli atrofidagi mojarodir. Bu orol-davlat Xitoy hududiy birligi hisoblanadi, biroq tayvanliklar Xitoyga qo‘shilishiga qarshilik qilmoqda. AQSH esa Tayvanning Xitoy hududi ekanini tan olgan holda uning Xitoyga kuch bilan qo‘shilishiga qarshi chiqyapti. Xitoy ma’muriyati Tayvanni qaytarish uchun harbiy amaliyot o‘tkazishi mumkinligi aytgan bo‘lsa, AQSH prezidenti Jo Bayden orol-davlatni himoya qilish uchun kuch ishlatishga tayyorligini ma’lum qildi. Xo‘sh, Yevropaning sharqidagi urush o‘chog‘i Osiyoning sharqiga ko‘chishi mumkinmi? Dunyo gigantlari: AQSH—Xitoy to‘qnashuvi haqiqatga qanchalik yaqin? “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov ushbu savolga javob izladi.

Xitoy—Tayvan qarama-qarshiligi qachon va qanday paydo bo‘lgan?

Tayvan oroli Xitoy yilnomalarida ilk bor milodiy 239-yili qayd etiladi. Shu davrda ilk Xitoy ekspeditsiyasi Tayvanni o‘rganish uchun bu yerga keladi. Hozirgi Xitoy aynan mana shu faktga asoslanib, Tayvan uning tarixiy mulki ekanligini da’vo qiladi.

Orol bir necha yuz yillar davomida Xitoydagi imperiyalarning tarkibiy qismi bo‘lib qoladi. 1624-yil Tayvanga ilk yevropaliklar: gollandlar kirib keladi va orolni o‘z mustamlakasiga aylantiradi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay (1683-yil) Xitoydagi Sin sulolasi Tayvanni qaytarib oladi va 1895-yilgacha uni o‘z tarkibida ushlab turadi.

XVII asrdan boshlab orolga Xitoydan ko‘plab muhojirlar kela boshlaydi hamda qiyinchiliklar va mahalliy aholi bilan to‘qnashuvlar sabab ularning katta qismi ortga qaytadi.

Xitoy Xalq Respublikasi va Tayvan

Xitoy Xalq Respublikasi va Tayvan
Foto: ABC

Muhojirlarning aksariyati Fujian (Fukang) provinsiyasidan kelgan xan va Guandun provinsiyasidan kelgan hakka qabilalari edi. Bu ikki qabilaning avlodlari hozir kunda orol aholisining katta qismini tashkil qiladi.

1895-yilda Birinchi Xitoy-Yaponiya urushida Yaponiya g‘alaba qozongach, Sin sulolasi hukumatining Tayvanni Yaponiyaga topshirishdan boshqa chorasi qolmaydi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng urushdagi g‘olib davlatlardan biri bo‘lgan Gomidan tomonidan boshqariluvchi Xitoy Respublikasi ittifoqchilari – AQSH va Buyuk Britaniyaning roziligi bilan Tayvanni boshqara boshlaydi. Mag‘lub Yaponiya esa orolga bo‘lgan da’volaridan voz kechadi.

Urush tugagach Xitoyda davom etayotgan kommunistlar va Gomindan o‘rtasidagi fuqarolar urushida Mao Szedun boshliq kommunistlar qo‘li baland kela boshlaydi. Sun Yat Sendan so‘ng Gomindan partiyasi yetakchisiga aylangan Chan Kay Shi qator mag‘lubiyatlardan so‘ng, 1949-yil Gomidan hukumati qoldiqlari bilan Tayvanga qochib keladi.

Chan Kay Shi (chapda) va Mao Szedun (o‘ngda)

Chan Kay Shi (chapda) va Mao Szedun (o‘ngda)
Foto: Bestchinanews

Bu guruh Tayvanda qit’alik xitoylar deb ataladi. Ularning soni o‘sha paytda bir yarim million kishi atrofida bo‘lgan. Ushbu guruh tarkibida sobiq harbiylar, hukumat a’zolari va tadbirkorlar bor edi. Mao Szedun boshliq kommunistlar Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) tuzilganini e’lon qilgach, Chan Kay Shi Nankindagi Gomindan poytaxtini Tayvanga, Taypey shahriga ko‘chiradi va hududiy Xitoy Respublikasini tuzadi. Shu tariqa Tayvan va Xitoy bir-biriga dushman davlatlarga aylanadi.

AQSH hukumati 1979-yilgacha Tayvandagi Gomindan hukumatini qonuniy Xitoy davlati vakili sifatida tan olib keladi. SSSRdagi kommunizm bilan raqobatda bo‘lgan AQSH uchun yana bir yirik kommunistik davlatning tashkil topishi tabiiyki yoqimsiz yangilik edi. Shu bois Qo‘shma Shtatlar Tayvanni faol ravishda qo‘llab-quvvatlaydi va 1954-yil Tayvanga hujum yuz bergan taqdirda uni himoya qilish va’da berilgan mudofaa to‘g‘risida shartnomani imzolaydi. 1979-yil AQSH Xitoy va SSSR munosabatlari yomonlashuvi fonida Xitoy bo‘yicha o‘z siyosatini o‘zgartiradi va XXRni Xitoyning qonuniy hukumati deb tan oladi. Shu yili Taypeydagi AQSH elchixonasi Pekinga ko‘chiriladi va AQSH Tayvan bilan rasmiy aloqalarni to‘xtatadi. Natijada AQSH va Tayvan o‘rtasidagi “mudofaa shartnomasi” amalda o‘z kuchini yo‘qotadi. AQSH buning o‘rniga “Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida Qonun”ni qabul qiladi. Ushbu qonunda AQSH Tayvanni XXR tajovuzidan himoya qilishga kafolat beradi. Vashington Tayvan XXR hududi ekanini tan olishini, biroq uning kuch bilan qo‘shib olinishiga qarshi ekanini bildiradi.

Chan Kay Shi davrida Tayvan iqtisodi o‘sishni boshlaydi. 1950-1965-yillarda Tayvan AQSHdan jami 1,5 milliard dollarlik iqtisodiy, 2,4 milliard dollarlik harbiy yordam oladi. 1965-yilda Tayvan mustahkam moliyaviy bazaga ega bo‘lgach, Amerika yordami to‘xtatiladi.

Tayvan erkin bozor qoidalari yordami bilan juda tez gullaydi va dunyodagi eng yirik valyuta zaxiralarga ega davlatga aylanadi. Tan olinmagan Tayvan respublikasi Osiyoning iqtisodiy to‘rt yo‘lbarsidan (Gonkong, Janubiy Koreya va Singapur) biri hisoblanadi. 2000-yildan so‘ng Tayvanda demokratik tuzum o‘rnatiladi.

XXR ham bu davrda iqtisodiy va harbiy o‘sishga erishadi. Xitoy jahon siyosatidagi asosiy o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Tayvandan farqli o‘laroq, XXR qattiq yakkapartiyaviylik tuzumda qoldi va Kommunistik partiya mamlakatda demokratiya o‘rnatmaydi.

1980-yillarda bir necha o‘n yillik dushmanlik va tajovuzkor ritorikadan so‘ng, Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilana boshlaydi.

Foto: Zuma

Xitoy “bir mamlakat, ikki tuzum” deb nomlanuvchi formulani ilgari surdi, unga ko‘ra Tayvan Xitoy bilan qayta birlashishga rozi bo‘lsa, unga muhim avtonomiya berilardi.

Taklif rad etildi, ammo Tayvan Xitoyga tashrif buyurish va sarmoya kiritish qoidalarini soddalashtiradi. Taypey, shuningdek, 1991-yilda Xitoy Xalq Respublikasi bilan urush tugaganini e’lon qiladi. Ikkala tomonning norasmiy vakillari o‘rtasida ham cheklangan muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

XXR’ning Xitoy Respublikasi(Tayvandagi hukumat)ning hokimiyati noqonuniy ekanligi bo‘yicha pozitsiyasi hukumatlar o‘rtasidagi aloqalarga to‘sqinlik qilib keladi.

Xitoy 2000-yili Tayvanda mustaqillik tarafdori bo‘lgan Chen Shuyi-byan prezident etib saylanishidan xavotir bildiradi va u 2004-yilda qayta saylanganda, Pekin Tayvan Xitoydan ajralib chiqishga harakat qilsa, unga qarshi “tinch bo‘lmagan vositalar”ni qo‘llash imkonini beradigan bo‘linishga qarshi qonunni qabul qiladi.

2008-yilda Ma Ying Jou orol prezidenti etib saylanadi. U Xitoy bilan munosabatlarni, asosan, iqtisodiy kelishuvlar orqali yaxshilashga intiladi.

2016-yilgi saylovlarda esa yana mustaqillik tarafdori bo‘lgan nomzod, Say Ing Ven Tayvan rahbarligiga saylanadi. Shu yili AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp bilan telefon suhbati o‘tkazgan Say Ing Ven 1979-yilda aloqalar to‘xtatilgandan so‘ng AQSh rahbariyati bilan rasmiy aloqa o‘rnatgan ilk Tayvan rahbariga aylanadi.

2018-yil davomida Xitoy xalqaro kompaniyalarga o‘z veb-saytlarida Tayvanni Xitoyning bir qismi sifatida ro‘yxatga olish uchun bosimni kuchaytirdi va agar bu talab bajarilmasa, Xitoyda biznes qilishni taqiqlash bilan tahdid qildi.

XXR va Tayvanning ayni paytdagi yetakchilari: Si Szinpin (chapda) va Say Ing Ven (o‘ngda)

XXR va Tayvanning ayni paytdagi yetakchilari: Si Szinpin (chapda) va Say Ing Ven (o‘ngda)
Foto: Global Look Press

Harbiy to‘qnashuvlar

Bugungi kunga qadar Xitoy va Tayvan o‘rtasida bir necha bor harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

1954-yil Birinchi Tayvan inqirozi yuz beradi. Xitoy materik qirg‘oqlari yaqinida joylashgan bir necha orollarni Gomindan tortib oladi. Shu yili AQSH va Tayvan o‘rtasida Vashington Tayvan himoyasiga ko‘maklashishni o‘z zimmasiga oluvchi “mudofaa shartnomasi” imzolanadi.

Foto: Twitter

Oradan to‘rt yil o‘tib, Ikkinchi Tayvan inqirozi yuz berdi. Tarixda “to‘plar urushi” deb nomlangan bu urush Tayvan tomonidan nazorat qilinuvchi ikki orolni XXR artilleriyasi o‘qqa tutgach boshlanadi. Tomonlar bir-biriga havodan zarbalar beradi. To‘qnashuvga bu safar AQSH aralashadi va Tayvanni himoya qilish uchun samolyotlarini yuboradi. 1954-yilgi “mudofaa shartnomasi”ga bu ikki orol kiritilmagani bois Amerika kuchlari faqatgina Tayvan orolining o‘zini himoya qiladi, natijada AQSH-Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvi yuz bermaydi.

Uchinchi Tayvan inqirozi 1996-yil, XXR Tayvandagi saylovchilarga bosim o‘tkazish uchun harbiy manyovrlar amalga oshirgach boshlanadi. AQSH Xitoyning harakatlarini qoralaydi va javob harakati tariqasida Tayvan bo‘g‘oziga o‘z kemalarini jo‘natadi. Prezident Bill Klinton 1979-yilgi “Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida Qonun” doirasida Tayvanni himoya qilishini e’lon qiladi va mojaroli hududga ikkita samolyot tashuvchi kemani yuboradi.

To‘plar urushi

To‘plar urushi
Foto: Getty Images

Biroq AQSH-Xitoy to‘qnashuvi yana yuz bermaydi. Pekin vaziyatni yumshatish uchun choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi. Xitoy diplomatik kanallar orqali AQSHdan harbiy kemalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tayvan bo‘g‘oziga jo‘natmaslikni iltimos qiladi. AQSH bunga javoban Tayvanni himoya qilish majburiyatdan voz kechmasligini ma’lum qiladi. Lekin Amerika kemalari bo‘g‘ozga kiritilmaydi, ular bo‘g‘oz yaqinidagi xalqaro suvlarda qoladi. Ushbu inqiroz ta’sirida Tayvan prezidenti “yagona Xitoy” konsepsiyasini tan oladi, ammo bu jarayon uchun hali vaqt borligini aytadi.

AQSH-Xitoy munosabatlari keyingi yildanoq normallashadi. 1997-yil XXR raisi Szyan Szemin AQSHga, bir yildan so‘ng AQSH prezidenti Bill Klinton Pekinga tashrif buyuradi.

Hozirgi vaziyat

Donald Tramp va Say Ing Venning telefon muloqotidan so‘ng AQSH Tayvan bilan deyarli qayta rasmiy aloqalar o‘rnatdi. Biroq Tramp birinchi suhbatdan so‘ng Xitoy bilan muammolar oldini olish uchun Tayvan rahbari bilan muzokaralardan bosh tortdi. U buni Xitoyning Shimoliy Koreyani jilovlashda AQSHga yordam berayotgani bilan izohladi.

Ukrainadagi urush boshlangach dunyo yetakchilar, xususan AQSH nigohi Sharqiy Yevropa tomon yo‘naltirildi. Bu vaqtda esa Xitoy Tayvanga yana qayta bosim o‘tkazishni kuchaytirdi.

Foto: Getty Images

Tayvan borasida munosabatlarning keskinlashuvi fonida XXR AQSHni Tayvan bilan rasmiy aloqalarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. 2021-yil 16-dekabr bo‘lib o‘tgan Bayden va Si Szinpinning videomuloqotida ko‘p mavzular qatorida Tayvan masalasi ham ko‘rildi. Biroq Vashington ushbu muzokaralardan biron natija chiqmaganini ma’lum qildi.

Shu yilning aprel oyida Xitoy Tayvan orolida yaqinida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi. Pekin buni AQSH tomonidan “tayvanlik ayirmachilar”ga jo‘natilayotgan “jiddiy noto‘g‘ri signallar” bilan izohladi. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken shundan keyin Tayvanni har qanday ehtimoliy tajovuzdan, shu jumladan Xitoy tomonidan bo‘ladigan agressiyadan himoya qilish uchun barcha zarur vositalar bilan ta’minlashga va’da berdi.

AQSHdagi Xitoy elchixonasi kotibi Lyu Penyuy bunga javoban Vashingtonni “Xitoy va AQSh o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy zarar yetkazmaslik uchun” o‘z gaplari va harakatlariga ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. XXR rahbariyati Oq Uydagilarga “Tayvan masalasi” — Xitoyning ichki ishi ekanligini yana bir eslatib o‘tdi.

27-aprel kuni Pekin Amerika esminetsi Tayvan bo‘g‘ozidan o‘tgani sababli Vashingtonga norozilik bildirdi. AQSH bunga javoban kema xalqaro huquqqa muvofiq ravishda bo‘g‘oz orqali “oddiy tranzit”ni amalga oshirganini ma’lum qildi.

23-may kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Yaponiya tashrifi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSH Tayvanni harbiy yo‘l bilan himoya qilishga tayyor ekanini aytdi. Bayden o‘t nutqida Xitoyning harbiy amaliyotlari haqida ham to‘xtaldi: “Pekin “(Tayvanga) yaqin uchib va bu manyovrlarni amalga oshirib, olov bilan o‘ynashyapti. Bizning Tayvanga nisbatan siyosatimiz umuman o‘zgargani yo‘q: biz hamon Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlab turish hamda status-kvo bir tomonlama o‘zgartirilishi yuz bermasligini kuzatib turish niyatidamiz”. Shuningdek u AQSH “yagona Xitoy siyosati” tarafdori ekanligini, biroq bu “Xitoyda Tayvanni egallab olish uchun kuchdan foydalanish huquqi bor” degani emasligini ta’kidladi.

Si Szinpin (chapda), Say Ing Ven (markazda) va Jo Bayden (o‘ngda)

Si Szinpin (chapda), Say Ing Ven (markazda) va Jo Bayden (o‘ngda)
Foto: AP Photo

Oradan bir necha hafta o‘tgach, Pekin Tayvan mustaqilligiga bo‘lgan “har qanday urinishlarni qat’iy ravishda yo‘q qilishini” aytib, keskin raddiya berdi. 12-iyun kuni Xitoy Mudofaa vaziri general Vey Fenhe AQSHni orolning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblab, amerikaliklarni “Tayvan bilan munosabatlar bo‘yicha bergan va’dasini buzmoqda” va Xitoy ishlariga “aralashyapti” deya bayonot berdi.

“Menga tushuntirishga ruxsat bering: agar kimdir Xitoyni emas Tayvanni tanlashga jur’at etsa, biz shubhasiz u bilan jang qilamiz. Biz har qanday narx evaziga va oxirigacha kurashamiz. Bu Xitoy uchun yagona tanlov” — deya nutq so‘zlagan Fenhe Singapurda bo‘lib o‘tgan Shangri-La Dialogue Osiyo xavfsizlik sammitida.

AQSH va Xitoy munosabatlarining bunday keskinlashuvi mutaxassislar tomonidan turlicha baholanmoqda.

Vey Fenhe

Vey Fenhe
Foto: Getty Images

AQSHdagi Baknell universitetining siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Zi Jun Zu “AQSh va Xitoy o‘rtasidagi urush tahdidi qanchalik haqiqat va u qaysi ko‘rinishda: to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki gibrid shaklda yuz beradi?” savoliga javob berdi:

“AQSH va Xitoy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri urush ehtimoli unchalik katta emas, ammo voqealarning bunday rivojini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Xitoyning millatning qayta tug‘ilishi haqidagi orzusi Tayvan bilan birlashishni o‘z ichiga oladi. Biroq, Tayvanda Xitoy bilan birlashishga qiziquvchilar kam. Aksincha, desinozizatsiya (xitoylik bo‘lmagan jamiyatlarning xitoy madaniyati, xususan, Xitoyning eng yirik etnik guruhi bo‘lgan xan xalqining madaniyati, tili, ijtimoiy me’yorlari va etnik o‘ziga xosligi ta’siri ostida o‘tishi jarayonidir — oddiyroq aytganda xitoylashtirish) ruhida tarbiyalangan Tayvanning ko‘pchilik aholisi bugungi kunda o‘zlarini xitoylik emas, tayvanlik deb hisoblaydi.

Ikki qarama-qarshi kuchni yarashtirish imkonsizdek. AQSH nafaqat o‘zining ichki qonuni, balki Tayvan bilan munosabatlari to‘g‘risidagi qonun doirasida ham Tayvanni himoya qilishga yordam berishga majbur, bundan tashqari Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan global raqobatda ham olib bormoqda. Tayvan bo‘g‘ozidagi mojaro AQSH va Xitoy o‘rtasida deyarli to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy qarama-qarshilikka olib kelishi aniq”.

Rus sharqshunosi, Xitoy sivilizatsiyasining ma’naviy-madaniy an’analari hamda SHHT mamlakatlaridagi zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bo‘yicha mutaxassis. Tarix fanlari doktori, professor Aleksey Maslov ham bu borada o‘z fikrlarni bildirib o‘tgan:

“Xitoy va AQSH o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv sodir bo‘lishi mumkin.

Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi mojaro provokatsiya sodir bo‘lgan taqdirda, masalan, Tayvan yoki Xitoy kemalari o‘zaro to‘qnashganda yoki o‘qqa tutilganda harbiy inqirozga aylanishi mumkin.

Aleksey Maslov

Aleksey Maslov
Foto: PNP

Ikkinchi vaziyatda esa xuddi shunday voqea havoda sodir bo‘lishi mumkin. Mojaro kuchayishining yana bir sharti Tayvan Xitoyga qarshi agressiv rejalarini e’lon qilganda bo‘ladi.

Uchinchi variant, agar Qo‘shma Shtatlar Tayvanni o‘zining kengaytirilgan qurolli kuchlarini yaratishga undasa, bu Xitoy xavfsizligiga yanada ko‘proq tahdid soladi. Eng muhim savol shundaki, Xitoy hozir mojaroning qizg‘in bosqichi ekanligini yaxshi tushunadi, Tayvanga qilingan har qanday hujum Xitoyning rivojlanish konsepsiyasini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Hozirda XXR tinchliksevar davlat sifatida harakat qilmoqda va barchani hamma narsani tinch va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiryapti. Bu Xitoyning asosiy siyosiy formulasi. Birinchi o‘q otilishi bilanoq Xitoy siyosiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygani darhol ayon bo‘ladi. Savol shundaki, ular hozir bunga qanchalik tayyor?”.

Richard Hass. AQSHlik diplomat. 2003-yil iyulidan buyon Tashqi aloqalar bo‘yicha kengash prezidenti bo‘lib, bunga qadar AQSH Davlat departamentining siyosatni rejalashtirish bo‘yicha direktori va Jorj Bush ma’muriyatida Davlat kotibi Kolin Pauellning yaqin maslahatchisi bo‘lgan.

“Mening o‘ylashimcha, biz (AQSH) o‘zimizni aldayapmiz.

Agar AQSH Xitoyga Tayvanni egallashga ruxsat bersa va javob harakati amalga oshirmasa, Yaponiya, Avstraliya, Hindiston hamda dunyoning shu qismidagi barcha boshqa davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya AQSH bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqadi. Bu esa Xitoyga qo‘shnilariga bosim o‘tkazish uchun ulkan geografik va strategik afzalliklar beradi”.

Tayvan aholisining Xitoyga qarshi namoyishlari

Tayvan aholisining Xitoyga qarshi namoyishlari
Foto: BBC

Ko‘pgina ekspertlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli past ekanligi aytayotgan bo‘lsa-da, buning yuz berishini istisno qilmayotganlari anchagina. Hozirgi vaziyat va AQSHning Ukrainada bandligini hisobga olgan holda XXR hukumatining qat’iy harakat qilishi ehtimoli yuqori baholanmoqda. Biroq XXR raisi Si Szinpin Tayvan Xitoyga tinch yo‘l bilan qo‘shilishiga va’da bergan.

Dunyodagi bu ikki superkuchli, yadroviy davlatning to‘qnashuvi shubhasiz dunyo uchun juda ayanchli oqibatlarga olib kelishi aniq. Biroq AQSH rahbariyati ham, XXR hukumati ham buni ancha yaxshi tushunib turibdi va diplomatik munosabatlarni hozircha to‘xtatgani yo‘q.

Muallif: Muhammadqodir Sobirov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Putin prezidentlikdan ketsa, uning lavozimiga kim da’vogarlik qilishi mumkinligi ma’lum qilindi
Mahalliy
Qashqadaryoda tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimi tok urishi oqibatida vafot etdi
Dunyo
Afg‘onistonda urush boshlagan AQSH, dispetcher xatoligi sabab qulagan samolyot va Putinning tug‘ilgan kunida o‘ldirilgan faol jurnalist. Kun xronologiyasida 7-okta...