Buxoro shahrida bo‘lib o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida 26-may kuni O‘zbekiston Metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha global majburiyat dasturiga qo‘shildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov metan emissiyalarining iqlimga ta’sirini hisobga olgan holda global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga qo‘shilish muhimligini qayd etdi.
“Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun mamlakatimizda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznes tarmoqlariga e’tibor qaratilib, kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur”, —dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) prezidenti Odil Reno-Bassoning aytishicha, O‘zbekistonda metan emissiyalariga qarshi maqsadli kurash ikki tomonlama ta’sirga ega. Bu — iqlim bo‘yicha Parij bitimiga muvofiq, iqtisodiy va ekologik foyda olish imkoniyati yo‘lidagi muhim qadamdir.
“O‘zbekiston uchun issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirish va milliy miqyosda belgilangan ko‘rsatkichiga erishish imkoniyati yuqori hisoblanadi. Shunday ekan, bizning texnik va moliyaviy ko‘magimiz O‘zbekistonga 2030-yilgacha emissiyalarni samarali kamaytirishga yordam beradi, deb o‘ylayman”, — dedi Odil Reno-Basso.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning ta’kidlashicha, metan atmosferada karbonat angidriddan keyin eng ko‘p tarqalgan ikkinchi modda bo‘lib, iqlim isishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
“Afsuski, metan hajmi sezilarli darajada oshib boryapti. O‘zbekistonning global metan majburiyatiga qo‘shilishi zarur edi. O‘zbekiston issiqxona gazlari va metan emissiyalarini 30 foizgacha tushirish bo‘yicha majburiyatlar olgan. Buni amalga oshirishda birgalikda ishlaymiz va yaqindan ko‘maklashamiz”, — dedi Sharlotta Adrian.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 2030-yilgacha metan chiqindilarini 30 foizga kamaytirishga qaratilgan Metan bo‘yicha global majburiyatda (GMP) ishtirok etayotgan va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur kelishuvga qo‘shilgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi.
Izoh (0)