Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tez tibbiy yordam tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, xorijiy grant hisobiga Samarqand shahrida tez tibbiy yordamni o‘rgatadigan simulyatsion markaz tashkil etilib, 100 nafar tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining amaliy malakasi oshirilgan. Bunday markaz Toshkent shahrida ham mavjud.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimlariga bunday markazlarni respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etishni boshlash topshirig‘i berilgan. Shuningdek, tez yordam brigadalarining 12 mingdan ziyod shifokorlari va 28 mingga yaqin feldsherlarini o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Buning uchun vazirlik huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv-mashg‘ulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi tizimiga o‘tkaziladi. Xodimlarning malakasini oshirish maktabi sifatida qayta tashkil etiladi.
Malaka oshirish ishlarini sifatli tashkil etish uchun Turkiya, Koreya, Fransiya kabi tez yordam tizimi ilg‘or bo‘lgan mamlakatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda tez tibbiy yordam ko‘rsatish bir tuman hududida emas, masofaga qarab butun viloyat bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi
- Shavkat Mirziyoyev bemorga shoshilinch yordam eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatilishini tanqid qildi
- “Bemor sarson, shifokorlar esa qo‘shimcha qog‘ozbozlik bilan ovora” — Shavkat Mirziyoyev