Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 21-aprel, payshanba

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 21-aprel sonidagi bosh maqola — “Izvestiya” nashridan tarjima qilib bosilgan “Ig‘vo va aldov zanjiri” nomli maqoladir. U Yaponiya tomonidan bosib olingan Xitoy yerlarida Sovet davlatiga qarshi amalga oshirilayotgan provokatsion xatti-harakatlar, shuningdek, Yaponiyaning o‘zida SSSRga qarshi olib borilayotgan targ‘ibot haqida. Maqolada, jumladan, shunday deyiladi:

“Yaponiya hukumat doiralarining aytishiga qaraganda, go‘yo Yaponiya urushmaydi, urushga ham tayyorlanmaydi. Shunday bo‘lsa Sho‘rolarga qarshi Yaponiyada o‘tkazilayotgan urush targ‘ibotidan, tarqalayotgan ig‘vogarchiliklardan, Sho‘rolar hukumati nuqtai nazari to‘g‘risida jim-jit turishdan qanday foyda bor? Ma’lumkim, bu kampaniyaning ma’nisi va foydasi Yaponiya ofkori ommasini urushqoqlikni yanada kengaytirishga tayyorlashdan iboratdir. Biz shuni aytamiz: yapon xalqini aldaydilar, shu bilan birga ularni yangi harakatlar oldiga ko‘z bog‘lab olib boradilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 21-aprel sonidan lavha

Gazetaning ushbu sonida mushtariylar uchun chigit ekish, kolxozlar ahvoli, aholidan pul to‘plashga doir barcha xabar va maqolalardan ham ko‘ra ko‘proq muhim bo‘lgan xabarcha (aniqrog‘i, e’lon) “Non berish tartibi” deb nomlanadi. Unga ko‘ra, “non 9 va 10-talonlar bo‘yicha quyidagi tartibda berilur: 1-kategoriya ‘a’ uchun 800 gramm; ‘b’ va ko‘k daftarlar uchun 600 gramm; oq, sariq va ochgunafsha daflatlar ham ikki va uchinchi kategoriya uchun 400 grammdan, malla daftarlar uchun 300 grammdan non berilishi kerak”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 21-aprel sonidan lavha

“Yosh leninchi” gazetasi chigit ekish kampaniyasi hamda kolxozlar va tashkilotlardagi yoshlar tashkilotlari tashabbuslari (yoki no‘noqliklari) haqidagi xabarlarga to‘la. “Ibrohim akaning g‘o‘zasi chopilayotir” sarlavhali xabardan ma’lum bo‘lishicha, O‘rta Chirchiq tumani To‘ytepa dahasi 1-Toshyon mahallasidagi Ibrohim To‘raqul o‘g‘li — namunali kambag‘al-dehqonlardan, uning “ekilgan bir gektar g‘o‘zasi tekis chopiqqa kelgan”. “Ibrohim akaning ko‘rsatgan tajribasini taqdirlab, rayon ekinqo‘m 80 kilo (5 pud) bug‘doy, bir kalish, bir maxsi bilan mukofotladi”.

“Yosh leninchi” gazetasining 1932-yil 21-aprel sonidan lavha

60 yil avval. 21-aprel, shanba

Kuzatayotganlar biladi, 16-apreldan beri SSSR komsomolining qurultoyi davom etmoqda. 19-aprel kuni qurultoyning kulminatsiyasi bo‘lgan — unda SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyov so‘zga chiqqan. “Qizil O‘zbekiston”ning yarmidan ko‘p shu nutqqa ajratilgan. Mamlakat rahbari o‘z nutqida yoshlardan nimalar kutayotgani haqida fikr yuritgan. Bir o‘rinda shunday deyiladi:

“Ishlamagan tishlamaydi, degan qoida jamiyatimiz hayotining qonunidir. Bu — hayotimizning yaxshi, to‘g‘ri prinsipidir. Lekin o‘zi ishlamasdan, ishlayotgan kishilarga nisbatan ba’zan yaxshiroq maishat qilayotgan harom tomoqlar hali ham bor. Tekinxo‘rlarga, turli-tuman muttahamlarga, bezorilarga, jamiyat uchun zararli bo‘lgan hamma unsurlarga qarshi kurashni kuchaytirish lozim. Biz bu sohadagi butun ishimizni yaxshiroq tashkil etishimiz kerak. Men davlat apparatini ham nazarda tutyapman”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 21-aprel sonidan lavha

Xrushchyovning militsionerlar go‘yoki himoyasizligi haqidagi quyidagi fikrlari esa bugungi kundagi ayrim tashabbuslarni yodga soladi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 21-aprel sonidan lavha

Bu safar “Qizil O‘zbekiston”ning faqat so‘nggi sahifasi komsomol qurultoyidan boshqa materiallarga ajratilgan. “Ogonyok” jurnalidan tarjima qilib bosilgan “Global raketa nima?” sarlavhali maqola ehtimoliy yadro urushi xavflari haqida ma’lumot beradi va AQSh tomonini ogohlikka chaqiradi. Unda ta’kidlanishicha. “Sovet Ittifoqi raketa va yadro texnikasi jihatidan ustun bo‘lishiga qaramay, doim ‘Kelinglar, yadro qurolini uloqtirib tashlaylik! Qurolsizlanaylik!’ deb da’vat qilib kelmoqda”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 21-aprel sonidan lavha

Ushbu materialda, shuningdek, amerikalik bolakaylarning AQSh prezidenti Jon Kennediga yozgan va “yaqinda matbuotda bosilib chiqqan” xatlaridan namunalar ham keltirilgan. Bert Dibold ismli bolakay, jumladan, shunday deb yozadi: “Qadrli prezident Kennedi, men mamlakatimizda hech qanday urushlar bo‘lmasligini tilar edim. Mening ba’zi bir umidlarim bor. Men sizning Rossiya bilan bir stol yoniga o‘tirib, shularning hammasini muhokama qilishingizni istar edim”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 21-aprel sonidan lavha

30 yil avval. 21-aprel, seshanba

1992-yil 21-aprel kuni nashrdan chiqqan deyarli barcha markaziy gazetalarning muqovasida bosilgan “Turkiyaga tashrif” sarlavhali xabar e’tiborga molik. Unda O‘zbekiston parlament delegatsiyasi 20-aprel kuni do‘stona tashrif bilan Anqaraga jo‘nab ketgani ma’lum qilingan. Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Oliy Kengashi raisi Shavkat Muhitdinovga “Oliy Kengash mandat komissiyasi raisi Shavkat Mirziyoyev, boshqa rasmiy kishilar hamrohlik qilmoqdalar. Delegatsiya Buyuk millat majlisi tashkil topganligining 72 yilligi tantanalarida qatnashadi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Oyning asosiy hodisalaridan biri — Afg‘onistondagi hokimiyat almashinuvi. “O‘zbekiston ovozi” gazetasi O‘zAdan olib bosgan tahlilda ma’lum qilinishicha, “Afg‘onistonda 35 yashar Farid Mazdak hokimiyatga bosh bo‘ldi. Afg‘onistonning sobiq prezidenti Najibullonning taqdiri noma’lum. Ayrim xabarlarga qaraganda, u BMTning Kobuldagi vakolatxonasi qarorgohida. Kobul ko‘chalarida osoyishtalik. Shahar aholisi siyosiy kurashga loqaydlik bilan qaramoqda, ko‘pincha kim kimga qarshi jang qilayotganini ham bilmaydi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Qo‘shimcha qilinishicha, “BMT bosh kotibi Butros G‘oliy Afg‘onistondagi voqealar xususida bayonot berdi. Uning mohiyati shundan iboratki, mojaroni siyosiy yo‘l bilan bartaraf etishdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z bayonotida BMT bosh kotibining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi”. O‘zbekistonning barcha markaziy gazetalari bu boradagi TIV bayonotini bosbi chiqargan. Unda ta’kidlanishicha, Afg‘onistondagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish yo‘li “xunrezlik va zo‘ravonlikka chek qo‘yish maqsadiin ko‘zlaydi, milliy yarashga, Afg‘onistonning birligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolishga ko‘maklashadi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasida O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, akademik Jo‘ra Abdullayev bilan suhbat e’lon qilingan. Suhbatning asosiy qismi 1992-yili oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imtihonlarida birinchi marta qo‘llaniladigan test sinovlari haqida. Vazirning tan olishicha, 1992-yilgacha bo‘lagn kirish imtihonlarida “tanish-bilishchilik, domlalarning imtihon paytida abituriyent bilimiga noxolis yondashish hollari ham uchrab turardi”. “Ishonchim komilki, oliy o‘quv yurtida ishlayotgan 97-98 foiz o‘qituvchi halol, pokiza odamlar. 2-3 foizi esa nopok, noinsoflar bo‘lishi mumkin. Bir qoshiq qora moy ham bir xum asalni buzganidek, shu 2-3 foiz nopoklar halol odamlarga, oliy ta’limimiz tizimiga dog‘ tushiryapti. Test usuli bizni ana shunday malomatlardan xalos qiladi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, “test — imtihonlar imtihoni”dir. 1992-yilda test sinovlari orqali qabulni faqat bir necha oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘tkazish rejalashtirilgan. “Bu yilgi tajribamiz ko‘ngildagidek chiqsa, 1993/1994 o‘quv yilida jumhuriyatimizdagi barcha oliy ta’lim yurtlariga test orqali o‘qishga qabul qilamiz. O‘rta maxsus o‘quv yurtlariga ham uni tatbiq etish niyatidamiz”.

“Xalq so‘zi” gazetasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ibrohim Rahimning mustaqillik e’lon qilinganidan yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tib ham, mamlakatda, xususan uning poytaxti Toshkentda sovet o‘tmishiga daxldor joy nomlari to‘lib-toshib yotgani haqidagi “Qachon dadil bo‘lamiz?” sarlavhali maqolasi e’lon qilingan. Uning ta’kidlanishicha, Toshkent vokzalidan chiqib, shahar markaziga yetib kelguncha kishi Kafanov, Chexov, Leningrad, “Pravda Vostoka” kabi ko‘chalardan o‘tadi. “Toshkent aeroportida samolyotdan tushiboq ‘Slava KPSS’dan tortib, sobiq sovet imperiyasiga bag‘ishlangan madhiyalarga to‘yasiz...”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

“Nima uchun hech qachon bir qatra bo‘lsa-da haqiqatni yozmagan, aksincha, tuhmatni haqiqat deb, O‘zebkistonning sodiq va yetuk arboblari Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdullajon Karimov, Abdulhay Tojiyev, Akbar Islomovlarni, ijodiy ziyolilarimizni sud qildirib, avaxtaga tashlatishga erishgan va hozirda chala o‘lik bo‘lib qolgan “Pravda” gazetasi markaziy ko‘chamizning peshonasida turadi? O‘rusiyadan ham nomi o‘chib ketgan Leningrad ne sababdan ozod O‘zbekiston matbuoti joylashgan markaziy manzil hisoblanadi?!”, — deb savol qo‘yadi muallif.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Yozuvchining tan olishicha, “to‘g‘ri, jamoatchilik talabi bilan Shota Rustaveli va Bogdan Xmelnitskiy ko‘chalarining jimjiloqday bir qismi (!) Usmon Nosir va Bobur nomiga joy berdi. Qarang, istasa, shunaqa xo‘jako‘rsinga o‘zbekchalashtirish ham mumkin bo‘larkan”. Ayni vaqtda, yozuvchi joy nomlarini o‘zgartirishda me’yor kerakligini ham ta’kidlagan. Masalan, “Sovetobod” kabi “sovet davrida yo‘qdan bor qilingan tarixiy joylar” o‘z nomini saqlab qolishga haqli, deb hisoblagan muallif: “Sovet yillarida paydo bo‘lagn hamma nomlarni ham o‘zgartirish shart emas. Axir u davrning ham yaxshi tomonlari bo‘lgan. Chunki har sohada xalqning ishtiroki bo‘lgan”.

“Xalq so‘zi” gazetasining bu sonidagi, ehtimol, eng shov-shuvli material — xalq deputati Jahongir Mamatovning “Iqtisod va hayot” jurnali bosh muharriri Ismat Xushevga yozgan javob xatidir. Gazetaning 18-aprel sonida Ismat Xushevning Jahongir Mamatovga “Parvoz va inqiroz” sarlavhali ochiq xati e’lon qilingan, unda xalq deputati asosan “shantajchilik”da, “turli firibgarliklar”da ayblangan edi. “‘To‘pponcha’ga javob” sarlavhali xatida Jahongir Mamatov deyarli har bir ayblovga birma-bir javob qaytargan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Xususan, Jahongir Mamatov prezident Islom Karimov ishtirok etayotgan Oliy Kengash majlisida unga qarata aytilgan shov-shuvli gapini Ismat Xushev o‘z ochiq xatida yozganidek: “Bu yurt onangizning mahriga tushganmi?” qabilida emas, balki “boshqacharoq aytgani”ni ta’kidlaydi (haqiqatan ham shunday). “Siz odatingizga ko‘ra, yurtboshini ustalik bilan himoya qilmoqchi bo‘lib ko‘rinishni istaysiz, — deb yozadi Jahongir Mamatov. — Nahotki O‘zbekiston prezidenti sizning himoyangizga muhtoj bo‘lsa? Agar himoya zarurati tug‘ilsa, ancha obro‘li, e’tiborli zotlar topilishiga shubha yo‘q”.

Mamatov o‘z xatini shunday so‘zlar bilan tugatgan: “Sizga nasihat qilmayman, uzr so‘rashingizni ham istamayman. Haqoratlaringizga kelsak, sud bor. U qarorini chiqaradi. Qolaversa, eng oliy sud — Allohning vaqtidir. Uning har birimizga yarasha jazosi muqarrar... Men sizning uzoq yashashingiz tarafdoriman. Chunki bobomiz Temur hazratlari aytganlaridek, bu dunyoda vijdonni yo‘qotib, uzoq umr ko‘rishdan og‘ir dard yo‘q”.

Ismat Xushevning o‘sha ochiq xatida, jumladan, Jahongir Mamatov “Toshkentda... savdo vaziriga do‘q-po‘pisa bilan qimmatbaho mebel-garniturani suv tekinga qo‘lga kiritgani” haqidagi da’vo ham bor edi. Bu da’voga o‘sha vaqtda O‘zbekiston savdo vaziri hisoblangan Mirabror Usmonovdan “Xalq so‘zi”ga raddiya kelgan. Unda ta’kidlanishicha, “xalq deputati Jahongir Mamatov mebel masalasi bo‘yicha Savdo vazirligiga murojaat qilmagan. Maqola avtori nimaga asoslanib bu haqda yozganliginini tekshirib ko‘rib, gazetaga bosib chiqarishingizni iltimos qilamiz”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 21-aprel sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi