Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” nomli rukn orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 18-aprel, dushanba

“Yosh leninchi” gazetasi muxbirlari Norin tumani kolxozlarida reydlar o‘tkazgan va traktorlar masalasida ham katta muammolar borligini aniqlagan. “Traktorlarning eng muhim zapas qismlari yo‘q, — deb yozadi muxbirlar “John Deere’ning vinti Fordson’da? Bu remont emas, latifa o‘qishning xuddi o‘zi-ku” sarlavhali materialda. — Ayniqsa, svechalar va magneto yetarli emas. Shuning natijasida hozir 31 traktor ishdan chiqib yotadi. Remontda shunday ahvollar ham bo‘ldikim, bu esa John Deere’ga Fordson’ning qismlarini kiritilishidir. Natijada g‘ildirak o‘qlariga qo‘yilgan Fordson’ning qismlari John Deere’ning ish sur’atini tezlatish emas, sustlashtirdi”.

“Yosh leninchi” gazetasining 1932-yil 18-aprel sonidan lavha

Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining O‘rta Osiyo byurosi 1932-yil 16-aprel kuni “Ikkinchi kvartalda mablag‘ to‘plash va unumsiz chiqimlarni kamaytirish to‘g‘risida” qaror chiqargan (oradan 90 yil o‘tib e’lon qilingan qarorlarga o‘xshash bir hujjat). Bunga, jumladan, yanvar—mart oylarida to‘planishi kerak bo‘lgan pulning taxminan 40 protsenti (40—45 million so‘m) yig‘ilmay qolgani, ma’muriy-xo‘jalik chiqimlari ko‘payib ketgani, shuningdek, “sanoat korxonalarida va muassasalarda oshiqcha ishchi kuchi bor”ligi sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan byuro sanoat korxonalari va qurilishlardagi ishchilar sonini maqbullashtirish (ortiqchasini bo‘shatish), savdoni kuchaytirish, shuningdek, ma’muriy-xo‘jalik chiqimlarini 15 foizga kamaytirish haqida topshiriq bergan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 18-aprel sonidan lavha

Sharqiy Xitoy temiryo‘lida Yaponiyaning harbiy xizmatchilari bo‘lgan poyezdi portlab, ag‘darilgan. Sovet matbuoti (jumladan, “Qizil O‘zbekiston” ham) buni “oq gvardiyachilarning navbatdagi ig‘vosi” deb atagan; umuman olganda, bu fikrga Yaponiya tomoni ham qo‘shiladi. “SSSRning shu halokatga qatnashuvini ko‘rsata turgan hech qanday ma’lumot yo‘q”, deb ta’kidlagan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi vakili. Ayni vaqtda, Manchjuriyadagi yapon diviziyasi qo‘mondoni general Tamon Manchjuriyani o‘g‘rilardan tozalashga jalb etilayotgan yapon harbiylarini tashish uchun zarur miqdorda poyezdlarni bermayotgani uchun SSSRni ayblagan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 18-aprel sonidan lavha

“Yosh leninchi” gazetasidan qiziq bir e’lon:

“Yosh leninchi” gazetasining 1932-yil 18-aprel sonidan lavha

60 yil avval. 18-aprel, chorshanba

Kuni kecha SSSR sanoatining 1962-yilning birinchi choragidagi rivojiga doir statistik raqamlar e’lon qilingan edi. “Qizil O‘zbekiston”ning chorshanba sonida yanvar—mart oylarida O‘zbekiston sanoati qanchalik rivojlanganini ko‘rsatuvchi raqamlar berilgan: “Yalpi mahsulot ishlab chiqarish davlat plani 105 protsent bajarildi. 1961-yilning birinchi kvartalidagiga nisbatan sanoat mahsulotining hajmi 10 protsent ko‘paydi. Mahsulot ishlab chiqarishning o‘sishi planda ko‘rsatilgandan ikki baravardan ham ko‘proq ortdi”. Masalan, 461 million kubometr gaz (1961-yil birinchi choragiga nisbatan 2,5 barobar ko‘p) qazib olingan, 201 ta ekskavator (+12 foiz), 1418 ta paxta terish mashinasi (+33 foiz), 4277 dona traktor pritseplari (+96 foiz), 4,5 million juft paypoq (+7 foiz), 980 million dona papiros va sigaret (+0,6 foiz) ishlab chiqarilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 18-aprel sonidan lavha

Chigit ekishdek doimiy masala yoniga qishloq xo‘jaligining boshqa mavzulari ham qo‘shila boshladi. Farg‘ona viloyatidan yuborilgan “Qurt boqishga kirishildi” sarlavhali xabarda shunday deyiladi: “Bu yil har quti qurt urug‘idan kamida 70 kilogramm pilla olish musobaqasining tashabbuskori bo‘lib chiqqan Lenin nomli kolxoz pillachilari ko‘klamgi qurt boqishga Pop rayonida birinchi bo‘lib kirishdilar... Qurtxonalarga pechkalar o‘rnatilib, talab qilingan miqdorda yonilg‘i jamg‘arib qo‘yildi... Farg‘ona pillachilari KPSS Markaziy Komiteti mart Plenumining qarorlariga amaliy ish bilan javob berib, bu yil davlatga 3 795 tonna pilla sotish uchun kurashmoqdalar”. Samarqand viloyatida esa tamaki ekish boshlangan: “Tamakikorlarning ishida qizg‘in kunlar boshlandi — ular yerga ko‘chat o‘tqazishga kirishdilar… Urgutliklar tamaki ko‘chatlarini o‘tqazishga bu yil o‘tgan yildagidan o‘n kun ilgari kirishdilar”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 18-aprel sonidan lavha

“O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasida “Prozamiz yangi parvoz oldida” sarlavhasi ostida respublika yozuvchilarining 1961-yilgi faoliyat sarhisobiga bag‘ishlangan navbatdagi munozarasi haqida katta material berilgan. Munozara davomida, jumladan, yozuvchi Odil Yoqubov ham so‘zga chiqib, “adabiyotimiz qo‘lga kiritayotgan asarlarga tanqid va taqrizlar o‘z vaqtida berib borilmayotganini aytib, gazeta va jurnallarga ginaxonlik bildirdi. ‘O‘zbekiston madaniyati’ gazeta redaksiyasining bu sohadagi ishini tanqid qildi. Yozuvchi Said Ahmad ham o‘z so‘zida Odil Yoqubovning fikrlarini quvvatlab, gazeta faoliyatini tanqid qildi”, deyiladi materialda (ushbu zabardast yozuvchilar bundan 60 yil avval tilga olgan muammolar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, deyish mumkin).

“O‘zbekiston madaniyati” gazetasining 1962-yil 18-aprel sonidan lavha

“O‘zbekiston madaniyati”ning bu sonida Abdulla Qahhorning “yaqinda yozib tamomlangan” “Tobutdan tovush” nomli yangi komediyasi birinchi ko‘rinishi bosilgan. “Asarda avtor jamiyatimizda uchrab turadigan, eskilik sarqitlaridan qutilolmagan ayrim shaxslar va ba’zi poraxo‘rlar ustidan kuladi, ularning qilmishlarini fosh etadi. Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri komediyani sahnalashtirish ustida qizg‘in ish olib bormoqda”, deb yozadi gazeta.

“O‘zbekiston madaniyati” gazetasining 1962-yil 18-aprel sonidan lavha

30 yil avval. 18-aprel, shanba

Prezident Islom Karimovning Saudiya Arabistoniga tashrifi yakunlanganidan to‘rt kun o‘tib, markaziy gazetalarda “O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining qo‘shma bayonoti” e’lon qilingan. Bayonotga ko‘ra, “ular (ya’ni, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni) Yaqin Sharqdagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashlarini, Falastin xalqining milliy haq-huquqlarini mukammal amalga oshirishni o‘z ichiga oluvchi Falastin masalasini doimiy va adolatli hal qilinishiga erishuvning muhlimgini ta’kidladilar”. Bundan tashqari, “tomonlar Afg‘onistondagi nizoni hal qilish bo‘yicha BMT rahbarligida olib borilayotgan xalqaro harakatlardan o‘zlarining mamnun ekanliklarini ta’kidlab o‘tdilar. BMT bosh kotibi bilan muxolif tomonlar o‘rtasida erishilgan Afg‘onistonda xavfsizlik va tinchlikni tiklashni ta’minlaydigan so‘nggi bitimni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonidan lavha

Gazetalardagi bosh mavzu — Islom Karimovning 17-aprel kuni mamlakat olimlari bilan bo‘lgan uchrashuvi. Uchrashuv tafsilotlari juda quruq, ayni vaqtda, bu Karimov va ilm-fan haqida so‘nggi kunlarning yagona yangiligi emas: prezident shu vaqtgacha Fiziologiya va biofizika institutiga direktorlik qilib kelgan Bekjon Toshmuhamedovni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi etib tayinlagan. O‘zAning yozishicha (“Xalq so‘zi”da ham, “O‘zbekiston ovozi”da ham aynan O‘zA tayyorlagan suhbat bosilgan), “bu (tayinlov) juda katta voqea bo‘ldi. Ochig‘ini aytaylik: Bekjon Toshmuhamedovning bu lavozimga tayinlanishi ko‘plar uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Chunki Bekjon Oybekovich ko‘pgina masalalarda prezidentga muxoliflik mavqeida turadi. Ana shunday paytda birdan kutilmagan qaror qabul qilindi. Ma’lumki, muayyan doiralarda davlat boshlig‘i barcha nufuzli lavozimlarga ‘o‘z’ odamlarini tayinlaydi, degan fikr bor”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonidan lavha

Suhbat davomida Bekjon Toshmuhamedovdan “hokimiyatga nisbatan muxoliflikda turgan” odam sifatida ushbu tayinlovga qanday munosabatda ekani so‘ralgan. “Avval shuni aytib qo‘yay: amaliy muxoliflikda edim. Bunday muxoliflik esa, ma’lumki, idora etayotgan hokimiyatga yordam beradi, hokimiyat kamroq xato qiladi, o‘ziga talabchanroq bo‘ladi. Bundan tashqari, dasturimizning ko‘plab bandlari hoziroq amalga oshdi. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Harbiy xizmatga doir masalalar hal etildi. Inson huquqlari muammosigina qoldi, ammo ularni uch oy ichida hal etib bo‘lmaydi, axir. Hamma masalani hal etish uchun vaqt kerak. Yangi lavozimga tayinlanishimga kelganda esa, men buni ilmiy asarlarim e’tirof etilishi deb bilaman”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonidan lavha

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonida “Parvoz va inqiroz” sarlavhasi ostida “Hayot va iqtisod” jurnali bosh muharriri Ismat Xushevning O‘zbekiston xalq deputati Jahongir Mamatovga ochiq xati e’lon qilingan. “Bir kun kelib sizdek adolatparvar, vijdonli, razolat kushandasi bo‘lgan jasoratli hamkasb do‘stimizga shu oydin ishonchlarimizni poymol etganingiz uchun hafsalam pir bo‘lib noma yozaman, deb o‘ylamagan edim”, deb boshlanadi ochiq xat. “Bugun mening sizga nisbatan bo‘lgan bu ishonch va orzularimga qattiq darz ketdi. Ehtimol, bu darz oldinroq, Oliy Kengashning so‘nggi nufuzli yig‘inlaridan birida Sizning yurtboshiga nisbatan odobsizlarcha aytgan: ‘Bu yurt onangizning mahriga tushganmi?’, degan iborangiz xalqimizning katta qismi singari meni ham ranjitganda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas”, deb davom etadi Xushev.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonidan lavha

Ochiq xat yetarlicha katta, unda Xushev asosan Mamatovning “kirdikorlari”ni birma-bir sanagan. Mana bu xatboshi, ehtimol, xatning butun mazmun-mohiyatini ochib bera olar: “Parlamentda ishsiz qolganingizda chet elga ketaman deb safsata sotdingiz. So‘ng sinalgan usulingizni ishga solib, matbuotda jabrdiyda noib sifatida chiqishlar qildingiz. ‘Qal’a ichidan olingach’ yangi lavozimli ham bo‘lib qoldingiz. Tag‘in omadingiz kulib, o‘zbek oynai jahoni rahbari kursisiga o‘tirdingiz. Qisqa muddatli faoliyatingizda ‘konsertxona’ oynai jahon janjalxonaga aylandi. ‘O‘z ixtiyoringiz bilan’ iste’foga chiqqaningizdan so‘ng, yana ‘shantaj’ san’atini ishga soldingiz: prezident, hukumat noto‘g‘ri ishlayapti... Endi yana siz arizangizda yozganingizdek, ‘oppozitsiyadasiz’”.

Bugungi dayjestni “Xalq so‘zi”da e’lon qilingan “Makkaga — shaxsiy mashinalarda” sarlavhali xabar bilan yakunlanadi:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 18-aprel sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi