Futbol bo‘yicha Angliya chempionatining 23-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” va “Sauthempton” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 22-yanvar, shanba kuni bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Bellashuv tezkor gol bilan boshlandi, 7-daqiqada Kayl Uoker-Piters “Sauthempton”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Jamoalar tanaffusga shu hisobda yo‘l oldi.

65-daqiqada Kevin de Bryuynening jarima zarbasidan oshirgan to‘pini Emerik Lyaport boshi bilan darvozaga yo‘llab, “shaharliklar”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golga mualliflik qildi.

Shu tariqa Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” safarda kechgan bahsda kutilmaganda ochko yo‘qotdi. Jamoa 56 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Sauthempton” 24 ochko bilan 13-pog‘onani band etgan.

APL

23-tur bahsi

22-yanvar, shanba

“Sauthempton” – “Manchester Siti” 1:1

Gollar: 1:0 – 7 Uoker-Piters, 1:1 – 65 Lyaport.

“Sauthempton”: Forster, Uoker-Piters, Bednarek (Voynovich, 71), Salisu, Perro, Redmond (Elyunussi, 46), Armstrong (Diallo, 82), Romeu, Uord-Prouz, Adams, Broya.

“Manchester Siti”: Ederson, Uoker, Lyaport, Ruben Diash, Joau Kanselu, de Bryuyne, Bernardu Silva, Rodri, Grilish, Foden, Sterling (Gabriel Jezus, 60).

Ogohlantirishlar: Bednarek (33), Armstrong (79), Elyunussi (90).