Xorazm viloyatida ikki yil avval o‘ta mudhish voqea yuz bergan. Ichkilikka ruju qo‘ygan fuqaro avval pulni bahona qilib sotuvchini pichoqlab tashlaydi. So‘ng ushbu jinoyatni oshkor qilmoqchi bo‘lgan tanishini ham vahshiylarcha bolg‘a bilan urib o‘ldiradi. “Daryo” holat tafsilotlari haqida “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuviga asoslangan holda material tayyorladi.

Birinchi qotillik

2020-yilning 2-aprel kuni Bog‘ot tumani ichki ishlar bo‘limiga tumandagi “Ma’naviyat” mahallasi G‘ayrat ko‘chasida joylashgan savdo do‘konining egasi Faxriddin Quryozev pichoqlangani haqida xabar kelib tushgan. Jabrlanuvchi yo‘lovchi mashinada tez tibbiy yordamga olib kelingan va shifoxonada vafot etgan.

Bog‘ot tuman prokurori Alisher Ro‘zmetovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha tezkor tergov guruhi tuzilib, zudlik bilan Bog‘ot tumani tibbiyot birlashmasiga borilgan.

Bog‘ot tuman prokurori Alisher Ro‘zmetov

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“Haqiqatan ham, ‘Ma’naviyat’ mahallasida yashagan, 1979-yilda tug‘ilgan Faxriddin Quryozev chap ko‘krak sohasidagi sanchib kesilgan jarohatlari yetkazilgani natijasida vafot etgani aniqlandi”, — deydi u.

Mazkur holat sodir bo‘lgandan so‘ng Xorazm viloyati prokuraturasida ham shoshilinch tergov guruhi tuzilib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi xodimlari Bog‘ot tumaniga yuborilgan. Shu mahallada yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan Islombek Abdullayev yashirinishi mumkin bo‘lgan joylar aniqlanib, shu kunning o‘zida qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi Islombek Abdullayev 2020-yilning mart oyida ishlab topgan 200 dollarini mahallasidagi oziq-ovqat do‘koni egasi Faxriddin Quryozevga berib qo‘ygan. Bir necha bor do‘kondan oziq-ovqatlar bilan birga, spirtli ichimliklar ham sotib olgan. Aynan fojia sodir bo‘lgan kuni Faxriddin Quryozev tomonidan hech qanday qo‘pollik yoki dahanaki aytishuvlar bo‘lganini hech kim eslolmaydi.

Ayblanuvchi Islombek Abdullayev 2-aprel kuni erta tongdan Faxriddin Quryozevning do‘koniga kelib, oldindan berib qo‘ygan pulidan “17,5 ming so‘m urib qolding” deb janjal ko‘targan va do‘kondan chiqib ketgan.

Xorazm viloyati prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Jumaniyozovning aytishicha, Islombek Abdullayev go‘sht sotish shoxobchasidan pichoq olib borib, Faxriddin Quryozevni uning turmush o‘rtog‘i Gulruh Qurbonovaning ko‘z oldida ko‘krak va yurak sohasiga 2 marta pichoq sanchib, qasddan o‘ldirgan.

Xorazm viloyati prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Jumaniyozov

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“Islombek Abdullayev pichoqni cho‘ntagida olib kelgan. Unda pichoq bor ekanligini sezishmaganmiz. Holat besh daqiqaning ichiga bo‘lib ketdi”, — deydi Gulruh Qurbonova.

Faxriddin Quryozevning turmush o‘rtog‘i Gulruh Qurbonova

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

Islombek Abdullayevga pichoqni qassob bermagan, qassob boshqa bir fuqaroga go‘sht kesib turganida Islombek tasodifan kirib, pichoqni olib ketgan.

Mahalla faollaridan biri Olim Qurbonov, jumladan, shunday deydi:

Mahalla faoli Olim Qurbonov

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“ ‘Go‘sht olaman’ dedi, ‘go‘sht kam bor, suyakli go‘sht bor’, dedim. Islombek pichoqni olib ketganida ‘bir daqiqada kelaman’, dedi. Kutib o‘tirdim. Qarasam u do‘konga kiryapti ekan, keyin ovoz keldi. Borsam, bizning pichog‘imiz ekan”.

Profilaktika inspektori Muzaffar Sapoyev mazkur holatga yoshlikdan noto‘g‘ri tarbiya berilganligi, spirtli ichimlik ta’siri sabab bo‘lganini aytdi.

Profilaktika inspektori Muzaffar Sapoyev

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“Jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarni o‘tkazmoqdamiz. Prokuratura, Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda ‘tun tadbirlarini’ tashkil qilyapmiz. Bundan tashqari, spirtli ichimliklarning noqonuniy sotilishiga chek qo‘yish maqsadida nazorat organlari bilan birgalikda ishlarni tashkil qilyapmiz. Shuningdek, jamoatchilik nazorat maskanlari, tungi reydlar uyushtirilmoqda. Yoshlar o‘rtasida bu kabi jinoyatlar sodir bo‘lishini oldini olish maqsadida maktablarda ham uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ikkinchi qotillik

Voqea joyidan yashirinish maqsadida Islombek Abdullayev shu mahallada yashovchi, 1971-yilda tug‘ilgan Oybek Quryozevning uyiga boradi. Ular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqadi va Islombek Abdullayev Oybek Quryozevni ham o‘ldiradi.

“Islombek Abdullayev hodisa joyidan yashirinish maqsadida, shu mahallada yashovchi qarindoshi Oybek Quryozevning uyiga boradi. Oybek Quryozev Islombekning egnidagi kiyimlari qonligini ko‘rib, sababini so‘raganida, u Faxriddin Quryozevni qasddan o‘ldirganini aytgan. Oybek Quryozev Islombek Abdullayevga huquqni muhofaza qiluvchi organlariga o‘zi taslim bo‘lishi lozimligi haqida tushuntirib, aks holda o‘zi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga xabar berishini bildiradi. Shundan keyin Islombek Abdullayev jinoyatini yashirish maqsadida Oybek Quryozevni o‘ldirmoqchi bo‘lib, uning yuz qismiga mushti bilan uradi. Oybek Quryozev hushidan ketganidan keyin shu xonadagi pechkaning yonida turgan bolg‘ani olib, bosh qismiga bir necha marotaba shafqatsizlarcha urib o‘ldiradi”, — deydi Xorazm viloyati prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Jumaniyozov.

Mazkur holatlar yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”, “r” bandi (qasddan odam o‘ldirish o‘ta shafqatsizlik bilan takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari kelishilgan.

Bog‘ot tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Murod Rahimboyevning aytishicha, “Ma’naviyat” mahallasida jinoyat sodir qilinganidan keyin mahalla raisi hamda profilaktika inspektori intizomiy jazoga tortilib, lavozimlaridan ozod qilingan.

Bog‘ot tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Murod Rahimboyev

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“Hozirgi kunda profilaktika inspektorlari tomonidan shu jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha asosan ‘tun tadbirlari’ tashkil qilinib, tunda bemahal yurgan fuqarolarni IIB bo‘limlariga hamda tayanch punktlariga olib kelinmoqda. Shuningdek, ularning shaxsi aniqlanib, barmoq izlari olinib, yashash joyiga olib borib qo‘yilyapti”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Mahalla raisi To‘rabek Qobilov Islombek Abdullayev aslida doimiy ichkilikka berilganini, ichkilikbozlik bilan shug‘ullanib kelganligini, mahallada ham ichkilikka berilgani, xarakteri bilan obro‘-e’tibordan tushganini aytib o‘tdi.

Mahalla raisi To‘rabek Qobilov

Kadr: “O‘zbekiston” telekanali

“Islombekning sherigi Oybek Quryozev ham ichkilikka berilgan. Buni ichkilikning 4-darajasi deydi. Bularning ko‘ziga ichishga aroq topilmay qolgan vaqtida na oilasi, na farzandlari, na tanish-bilishi ko‘rinadi”, — deya qo‘shimcha qiladi mahalla raisi.

Hukm

Xorazm viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining raisi Ulug‘bek Bekturdiyevning ma’lum qilishicha, viloyat sudi tomonidan Islombek Abdullayevga oid jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqilib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, “j”, “r” bandlari bilan aybli deb topilib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.