Qamchiq dovonidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lining 193—253-kilometrlari oralig‘ida qor yog‘moqda, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati. Ta’kidlanishicha, vazirlik xodimlari yo‘lni qordan tozalash va muzlamalar hosil bo‘lishining oldini olish ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda.

“Qamchiqavtoyo‘l”ning ma’lum qilishicha, qor yog‘ib turgan paytda dovonda transport vositalarining beto‘xtov ikki tomonlama harakatlanishi ta’minlash uchun yo‘llarni qordan tozalash ishlari bajarilmoqda. Transport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanyapti.
“Yo‘llarda ko‘rish uzoqligi 50 metrni, havo harorati 2 daraja sovuqni, namlik 76 foizni tashkil etmoqda. Shamol tezligi 9-19 metr/soniya. Qamchiq dovoni yo‘lidan yuradigan haydovchilardan barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini tavsiya qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir: “O‘zgidromet” hafta davomida qanday ob-havo bo‘lishini ma’lum qildi
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” Qamchiq dovonida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishidan ogohlantirgan, O‘zbekistonning ayrim hududlarida 19-yanvar kuni qor yog‘ishi mumkinligini e’lon qilgandi.







