Ijodkorlar go‘zallik va jafo, odamlarga muhabbat-u ijodga bo‘lgan ehtiros, yolg‘izlikdan azoblanish-u ommadan g‘ijinish, isyon va rizo o‘rtasidagi o‘zaro qarama-qarshiliklar qurshovida yashaydi. Ular tomonidan yaratilgan ijod mahsullari insonga estetik zavq, ko‘ngilga orom berish bilan birga, bir lahza bo‘lsa ham ichki haqiqatlar bilan yuzma-yuz kelish, maishiylikdan chekinishga undaydi. Jamoatchilikka ijodning shunchaki ishtiyoq emasligi, bir san’at asari qanchadan-qancha odamlarning nolasi, ovozi bo‘lishi mumkinligini anglatish maqsadida 17-yanvar kuni, dunyoning turli mamlakatlarida “Ijod va ilhomlanish” kuni nishonlanadi. “Daryo” sana munosabati bilan she’riyat, tasviriy san’at va musiqa olami yosh vakillarining ijod va ilhom borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Jurnalist va shoira Kumush Abdusalomova (25 yosh)

Foto: Kumush Abdusalomovaning shaxsiy arxividan

Uyimizda kitoblar ko‘p bo‘lardi, uyum-uyum kitob o‘qiganman, deb uydirma to‘qish niyatim yo‘q. Bolaligimda faqat darsliklarim, onam boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgani uchun ba’zi bolalar jurnallari bo‘lardi. Asosan maktab kutubxonasidan foydalanganman. Ilk mashqimni 7-sinf adabiyot darsligidagi she’rlarga havas qilib yozganim esimda.

Foto: Kumush Abdusalomovaning shaxsiy arxividan

Litsey vaqtlari Farhod bozori yonidagi kutubxona sevimli joyimga aylandi. U yerdan ham yangi nashr etilgan, ham eski ammo salobatli kitoblarni topish mumkin edi. Haftalik berilgan pulning hammasiga kitob sotib olib, pulsiz qolgan kunlarim bo‘lgan. Ana o‘sha o‘qiganlarim yozganlarimga ozgina bo‘lsa-da mazmun bergan chog‘i, litseyda o‘qib yurganimda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Kuylamasam bo‘lmaydi” nomli kitobim 20 ming nusxada chop etilgan.

Ijod – men uchun ozodlik demakdir. Chunki biz yashab turgan jamiyatda ayol istaklarini chegaralash ko‘p. Ijod olami esa chegarasiz. Hadsiz…hududsiz. Men istalgan mavzuda, istalgan ko‘rinishda o‘z fikrimni bayon eta olishim mumkin. Bunga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi. Hayotda juda ko‘p odamlarga hisob berishimga to‘g‘ri keladi. Hatto o‘zim istamasam ham. Ammo ijodda vijdonimdan boshqaning oldida hisobdor emasman. Yana bir ahamiyatli jihati ijod, ya’ni adabiyot vatanni to‘liq anglash, yetti yot begona odamlarni ham eng yaqin do‘stimga aylantirgani bilan qadrli.

Bir she’rning tug‘ilishi uchun sarflanadigan vaqtni o‘lchash qiyin. Besh yil oldin ro‘y bergan holat, vaziyat yillar o‘tib she’r bo‘lib o‘sib chiqishi mumkin. Ba’zida lahzada she’r quyilib keladi-yu uni qog‘ozga ko‘chirish qoladi, xolos. Ijod qilish uchun nimadan ilhomlanasiz, degan savolga tugal, mukammal javob berilgan nazarimda: Ilhomning vaqti yo‘q, selday keladi! Bir paytlar yozishim uchun albatta tun bo‘lishi, yolg‘iz bo‘lishim shart edi. Ammo hozir yo‘ldami, ko‘chadami, shovqinga parvo qilmay yozaverishga moslashdim (ko‘nikdim). “Telefonda yozilgan ertaklar” degan narsalar bir paytlar odamlarga qiziqarli tuyilgan. Men esa qulay bo‘lgani uchun deyarli hamma she’rlarimni telefonda yozaman. Uzoq muddat she’r yozmay ketsam, juda yomon ahvolga tushib qolaman. Bu hayotda nima uchun yashayapman? Nega bu hayotga kelganman? Taqdir oldindan bitib qo‘yilgan, odamning hayot yo‘li aniq belgilangan bo‘lsa, bu rolni ijro etishdan maqsad ne? Nahot, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasa? Shu kabi savollar tinimsiz ta’qib qiladi. Uxlash, uyg‘onish, kun davomida uch marta ovqatlanish, shularning hammasi yana qaytadan takrorlanishi juda zerikarli, mazmunsizday tuyiladi. Chidab bo‘lmas darajaga yetganda she’r bostirib keladi. Ana shundagina bu savollardan qutilish mumkin. Menga mana shu jarayon muhim. Men mana shu jarayonda borman, tirikman. Ammo o‘quvchimga jarayon emas natija – she’r kerak.

Har bir ijodkorning o‘z olami bor. Ammo bu olamni faqat meniki deb osmonga ko‘tarib yuborish yaramaydi. Chunki ijodkor yaratgan olamida faqat o‘zi yashamaydi. Yozgan narsamni o‘qigan har bir odam ana shu olamga kiradi. Men faqat o‘zim uchun yozaman. Menga birovlarning fikri qiziqmas, deguvchilar ham bor. Ammo azaldan she’r (haqiqiy she’r), shoirning tug‘ilishi ijtimoiy hodisa bo‘lib kelgan.

Opera yo‘nalishida xalqaro tanlovlar g‘olibi Go‘zal Abdullayeva (25 yosh)

Foto: Go‘zal Abdullayevaning shaxsiy arxividan

San’atga, qo‘shiq kuylashga qiziqishim bolalikdan paydo bo‘lgan. Ayni vaqtda tanlagan yo‘nalishim bo‘yicha Konservatoriyada magistratura, 2-bosqich talabasiman. 2019-yil yanvar oyidan buyon bo‘lsa O‘zbekiston davlat Musiqali komediya (operetta) teatrida faoliyat yuritaman. Shuningdek, aktrisa sifatida telenovella va seriallarda ham o‘zimni sinab ko‘rdim.

Foto: Go‘zal Abdullayevaning shaxsiy arxividan

Ijodkorlarning ishi to‘xtab qolishiga turli sabab bo‘lishi va shuni deb ijod mahsulining yaralishiga uzoq vaqt ketishi mumkin. Aynan o‘zimdan kelib chiqsam, betoblikdan boshqa hech narsa ijod jarayonimning surilishiga sabab bo‘lolmaydi. Kasallik sabab xonanda kuylay olmasligi mumkin, aynash shuning uchun ham bizning sohada ovozning ahamiyati katta.

Iste’dod insonga Yaratgan tomonidan berilgan ulug‘ ne’mat. Aynan shu sabab ham bunday kishilarning o‘z olami, fikrlari bo‘ladi. Hafsalaning pir bo‘lishi va qo‘l siltash esa ijod mahsulining yaralishiga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Ijodda chegara yo‘qmi, demak ijodkor insonni cheklashda ham mantiq yo‘q. Ijodiy tafakkur sohiblari erkin faoliyat yuritishi kerak. Ana shundagina, o‘ziga xos ijod mahsuli yaraladi. U bilan bog‘liq natija esa sizni qanday jarayonlardan o‘tganingizni ko‘rsatib beradi.

Mohina Raimova — musavvir (24 yosh)

Foto: Mohina Raimovaning shaxsiy arxividan

Bolaligimdan tasvirlar, ranglar umumlashmasi, umuman rassomlik san’atiga shaydo bo‘lganman. Tasviriy san’atga kundan-kunga mehrim oshib, hayotimni usiz tasavvur qilolmay qolganman. Ayni vaqtda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining magistratura 2- bosqichi, multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi yo‘nalishi talabasiman.

“Baletga tayyorgarlik”

Foto: Mohina Raimovaning shaxsiy arxividan

Ruhan tetik bo‘lishim, kayfiyatim ko‘tarilishi va eng muhimi o‘zligimni anglashga yordam bergani sabab ham ijodni hayotimning muhim bir bo‘lagi deb bilaman. U menga hislarimni ifodalashga yordam beradi, ruhiyatimdagi o‘zgarishlarni chizgan rasmlarim orqali anglatishga urinaman. Har bir ijod mahsuli ijodkorning hayot yo‘llarini o‘zida mujassam qilgan ko‘zgu, shuning singari mening asarlarimda ham ichki kechinmalarim, his tuyg‘ularim aks etadi. Bir san’at asarining dunyoga kelishi uchun muayyan vaqt ketadi deb aytish noto‘g‘ri, fikrimcha. Negaki, ba’zan bir asar uchun bir oydan kam vaqt kerak bo‘lsa, ba’zida yillab ham tugata olmaslik mumkin. Asosiysi esa ijodkorning o‘zi tugatganini ich-ichidan his qilishi kerak. Uni tomosha qilganlar nima demoqchi ekaningni anglasa, undagi kechinmalarni qalban his qilolsa bu sening katta yutug‘ing.

“Sirdaryo manzarasi”

Foto: Mohina Raimovaning shaxsiy arxividan

Ijod uchun ilhomni ustozlarimning erishgan yutuqlari, mashhur rassomlarning ijod mahsulini tomosha qilish yana onam menga aytib beradigan hikoyalardan olaman. Insonning eng katta dushmani bu uning dangasaligi. Ba’zan hayot tashvishlari bois surat chizishga qo‘lim bormay qoladi, lekin iloji boricha o‘zimni qo‘lga olib ijod taxtacham bilan yuzlanishga intilaman. Keyin o‘zim bilmagan holda tasviriy san’at olamiga sho‘ng‘ib ketaman va vaqt qanday o‘tganini bilmay qolaman. Rasm chizishda kayfiyatim ko‘tariladi, jarayon bilan chambarchas bog‘liq bo‘laman, natija esa uni tomosha qiladiganlarniki. Unga bahoni tomoshabin beradi.

Mirzoahmad Ahmadov — sozanda (23 yosh)

Foto: Mirzoahmad Ahmadovning shaxsiy arxividan

Bolaligimdan multfilmlardagi gitara chalinadigan sahnalar meni hamisha o‘ziga maftun qilgan. Shu turtki bo‘lib Qarshi san’at kollejini tamomlagach,Toshkentga kelib

Konservatoriyada musiqaning sir-asrorlarini o‘rgandim.

Musiqani yoqtirmaydigan odamning o‘zi bo‘lmaydi. Men uchun u bir bo‘lak, qismim desa ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Ijod mahsuli tug‘ilishi uchun ba’zida bir soat, ba’zida esa bir umr ketishi mumkin, anig‘ini odamning o‘zi bilmaydi.

Ilhom yomg‘ir yog‘ganda, bolalar, daraxtlar va odamlarning yuz ifodasini kuzatganda dabdurustdan kelishi mumkin. Menda esa, asosan, bu g‘oyalar o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolganda keladi. Ro‘zg‘or tashvishlari, hayotdagi muammolar uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shaxsan o‘zim tirikchilik va boshqa sabablar tufayli san’atni tashlab qo‘ygan, unga ijoddan ham ko‘ra daromad keltiradigan manba sifatida qaraydiganlarning ko‘pini taniyman.

San’atkor qachon erkin, xotirjam va muammolardan yiroq bo‘lsa, ana shunda samarali ijod qiladi. Musiqachi tayyor musiqani chalishi mumkin, lekin ijodkor o‘zi biron yangilik yaratishga harakat qiladi. Asosiysi, o‘sha yaraladigan narsa boshqalarnikiga o‘xshab qolmasligi, ajralib, alohida bo‘lib turishi kerak. Chunki hammadagi taassurot va tasavvurlar turli bo‘ladi, bu esa ijod mahsulida o‘z aksini topadi. Hammaning fikri farqlimi, demak ular yaratgan namunalar ham shunga yarasha bo‘lishi joiz.

Ijod va ilhom — ushbu ikki tushunchani bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ilhom kelmasa ijodkorning qo‘li ishga bormaydi. Aynan shu sabab ham tarixdagi mashhur yozuvchi, rassom, kompozitorlar ijodi sermahsul bo‘lishi uchun turli usullardan foydalangan. Mashhur kompozitor Chaykovskiy masalan, yolg‘izlikda musiqa bastalagan. Balzak esa qora qahva ichmasa, ijod qila olmagan. Ayrimlar butun umr ijod qilib ham, ilhom manbaini topa olmagan. Biz bilan suhbatlashgan ijodkorlarning ham shuning singari o‘z ishtiyoqlari, ilhomlari bor. Ularning har biri boshqa ijodkorlar singari o‘z olamida bir-biridan farqli yashaydi. Ijod, ilhom, jarayon va natija haqidagi tushunchalari o‘xshash bo‘lmagani bilan o‘rtalarida bir umumiylik bor. Ular ijodning erkin bo‘lishi kerakligiga ishonadi.

Muallif:Gulira’no Musayeva