Qashqadaryoda bog‘cha rahbariyati tekshiruvchilardan yashirib bolalarni hojatxonaga qamab qo‘ygani, holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati ushbu bog‘cha mudirasi va boshqalarga jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahridagi 32-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni hojatxonaga yashirib turilgani holati va boshqa kamchiliklarni o‘rganish yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qarshi shahar bo‘limi tomonidan 29-noyabrda xat kelgan.

Xatda keltirilishicha, Qarshi shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 32-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 2021-yilning 1-yanvaridan 1-noyabrigacha bo‘lgan davrda moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda 80 153 669 so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda sud hujjatlarini ijro etmaslik jinoyati alomatlari aniqlangan.

Shu sababli ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Z.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Qarshi shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Avvalroq Qashqadaryoning Nishon tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bog‘cha mudirasi va yordamchi tarbiyachi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjal tuman IIB nazoratiga olingani haqida xabar berilgan edi.