“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — besh yildan buyon Turkiyada ishlayotgan 53 yoshli muhojir ayol.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi oshkor etilmadi.

Besh yildan buyon Turkiyada ishlayman. Yoshim 53 da. To‘rt farzandim, bir nabiram bor. Quda-andaliman, yaqinda yana bir qizimni turmushga uzataman. Shuning uchun ismimni aytish, o‘zimni yaxshiroq tanishtirish men uchun biroz noqulay. To‘g‘ri tushunasiz deb o‘ylayman.

Turkiyaga kelishdan maqsadim — erimning operatsiyasi va qizlarimning o‘qishi uchun yetarli miqdorda pul topish bo‘lgan. Besh yil davomida enaga bo‘lib ishladim, Allohga behisob shukr, aksariyat maqsadlarimga erishdim. Ammo pul topaman deb bolalarimga eng kerak bo‘lgan vaqtimda ularning yonida bo‘lolmadim. Birinchi bor Turkiyaga ketayotganimda o‘g‘lim 6 yosh edi, uning 1-sinfga chiqqanini ko‘rolmagandim. Oradan yillar o‘tib yana ishlashga ketdim. O‘g‘lim 2021-yil maktabni bitirdi, bu safar ham uning quvonchli kunini ko‘rish nasib qilmadi.

Musofirchilikda o‘tgan umrim menga katta dars berdi. Sinaldim, aldandim, turli gap-so‘zlarga chidadim. Balki, mening hayotim chetga ishlashga ketmoqchi bo‘lgan ayollarimizga ibrat bo‘lar degan maqsadda boshdan o‘tkazganlarimni hikoya qilib berishga qaror qildim.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Asli Xorazmda tug‘ilib o‘sganman. Ko‘p qarindoshlarimiz poytaxtda tahsil olardi. Ularning ortidan men ham 10-sinfni bitirib, Toshkentga kelganman. O‘sha yili Toshkent davlat chet tillari universiteti (hozirgi Jahon tillari universiteti)ning nemis tili fakultetiga o‘qishga kirganman. U vaqtlari bakalavriat ta’limi besh yillik edi. Beshinchi kursligimda xorazmlik yigitga turmushga chiqdim, poytaxtda qoldik. Universitetni tamomlab, maktabda nemis tilidan dars bera boshladim.

Bir yildan so‘ng farzandli bo‘ldim. Bu orada maktabimizda nemis tili darslari qisqartirildi. Keyin esa ketma-ket yana farzandli bo‘ldim. Qayta ishga chiqmadim. Erim ishladi, men esa uyda bolalarim tarbiyasi bilan band bo‘ldim.

Yillar o‘tib, turmush o‘rtog‘imda yurak yetishmovchiligi kasalligi aniqlandi. Shifokorlar erimning tuzalishi uchun operatsiya qildirish kerakligini aytdi. Ko‘plar Hindistondagi malakali mutaxassislarga operatsiya qildirish kerakligini maslahat berdi. Biroq bizda buning uchun yetarlicha pul yo‘q edi.

Erim ishdan qoldi, men ro‘zg‘orni tebratish uchun davlat tashkilotiga ishga kirdim. Topish-tutishim yaxshi edi, lekin ro‘zg‘or va bolalarning xarajatidan ortib, operatsiya uchun pul yig‘a olmadim.

O‘sha paytda bir qo‘shnim Turkiyada ishlardi. Men ham unga o‘xshab, chetga ishga ketishni o‘yladim. Kirib gaplashdim, u olib ketishga rozi bo‘ldi. Xo‘jayinim va ota-onam bilan maslahat qilib, 2010-yilda ilk bor Turkiyaga ishlashga keldim.

Boshida firibgar o‘zbek ayolga aldanib qolganman

Bilasizmi, hayotda shunday vaziyatlar bo‘lar ekanki, sizni begonalar emas, aynan o‘z millatdoshlaringiz chuv tushirarkan. Men ham boshida bir firibgar o‘zbek ayoliga aldanib qolganman. Turkiyaga qo‘shnimga ishonib borgandim, u esa meni samarqandlik bir ayolga ishonib olib borgan ekan.

Borishimiz bilan ayol pasportimni olib qo‘ygan. Ishlagan joylarimga mendan oldin kelib, maoshimni olib ketardi. O‘sha paytlari turmush o‘rtog‘imning mazasi yo‘q, lekin men uyga pul yubora olmasdim. Qaytib ketay desam pulim ham, pasportim ham yo‘q. Chorasizlikdan juda yomon qiynalganman. Oradan olti oy o‘tib, samarqandlik ayol pasportimni qaytarib bergan. Shundan keyin olgan maoshlarimni uydagilarga yuborishni boshlaganman.

Onani yaratmasin ekan

Turkiyada ayollar asosan chaqaloqlar va yoshi katta ayollarga enagalik qiladi. Chunki ham yotoq joy, ham osh-ovqati tayin bo‘ladi. Men boshida uch oylik egizak chaqaloqlarga qaraganman. Kechasi bolaga qarab uxlamasdim, kunduzi uy ishlari bilan band bo‘lardim. Vaqt o‘tib, kuchim yetmay qolgan. Keyin esa boshqa ishga — yoshi katta ayolga qarashga o‘tganman. O‘shanda oyligim 600 dollar edi.

U paytlari hozirgiday Telegram, Imo kabi messenjerlar yo‘q edi (bo‘lsa ham men bilmasdim). Pulni ko‘zim ko‘rmasdi: maoshimning yarmini telefonimga tashlab, bolalarimga qo‘ng‘iroq qilardim, tinmay xabar olardim. Boisi bolalarim hali juda yosh, katta qizim 16 da kichigi 6 yoshda edi. Bolani bolaga omonat qilib, bu yerlarga kelgandim (hozir qaysi yurak bilan chiqib ketgan ekanman deb o‘ylab qolaman).

Men ularning eng kerakli davrida yonida emasdim. Kechalari yig‘lab chiqardim. Qiz bola ekan qo‘rqarkansiz. “Bolam qayerdasan?”, “Nima kiyib chiqib ketyapsan?”, “Kim bilansan?” deb so‘rayverardim. Kim bilan o‘rtoq bo‘lsa, ularning ota-onalari bilan bog‘lanib, “qizim farzandingiz bilan birgami?” deb xabar olardim.

Ko‘plar ustimdan kulardi. Mijg‘ovsan, topgan puling telefonga ketyapti derdi. Uy egalariga ham hadeb telefonda gaplashishim yoqmasdi. Lekin nima qilay, onani yaratmasin ekan. Ixtiyor o‘zimda emasdi. O‘z-o‘zidan xavotir olib, telefon qilaverardim.

Qizlarimning bir kunini bo‘sh qoldirmasdim. Ularni pazandalik, hamshiralik, kompyuter kurslariga o‘qiting deb xo‘jayinimga pul yuborardim.

Endi qaytib Turkiyaga ketmayman degandim, ammo...

Topganlarimni faqat farzandlarimning ilm olishi uchun sarfladim. Tayyorlov kurslariga berdim, doim nazorat qildim. Alhamdulillah, mehnatlarim samarasini berib, ikkila qizim ham Jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdi. Ikkisini ham kontraktda o‘qitdik. Men 2013-yil O‘zbekistonga qaytdim. Katta qizimni turmushga uzatdik.

O‘zimizda turmush o‘rtog‘imni operatsiya qildirdik. Ammo juda og‘ir o‘tdi. Erim harakatsizligi sabab hamma joyini yara bosib ketdi. Bir yil to‘shakka mixlanib qoldi. O‘zim qaradim. O‘sha paytlari har xil gap-so‘zlar tarqalgan. Endi ering yotib qoladi deb hatto o‘zimga ham aytishgan. Yashayversangiz, har xil odamni ko‘raverarkansiz.

Operatsiyadan so‘ng, ancha qiynalib qoldik. Orada ikkinchi qizimni uzatdik. Qolaversa, o‘g‘lim ham o‘qishga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Erim oyoqqa turdi, lekin og‘ir ish qilolmasdi. Endi qaytmayman degandim, biroq bolamning o‘qishi uchun 2019-yilda yana Turkiyaga ishlashga keldim.

Men Turkiyaga dam olgani kelmaganman

Turkiyada ish topib beradigan shirkatlar ko‘p. Omadingiz kelib halol shirkatga uchrasangiz, ish topib, unga o‘rganib ketguningizcha sizga yordam beradi. Men ham bir yaxshi inson orqali Gaziantep shahridan ish topdim.

Hozir mashhur bir oilaning keksa onasiga qarayman, u 86 yoshda. O‘zimiz alohida turamiz, yuqori qavatimizda o‘g‘li, pastimizda esa qizi yashaydi. Yashash joyimizda sharoit zo‘r. Onaxonning xonasi ham alohida, menga ham alohida xona, hammom, hojatxona berilgan. Kommunal to‘lovlar, yeb-ichish, xullas, hamma narsa ish beruvchi hisobidan.

Oyligim 550 dollar. Turkiyada ishlaganlarga haftada bir kun izn, ya’ni dam olish kuni beriladi. Xohlaganlar oladi, xohlamaganlar o‘sha kuni ham ishlayveradi. O‘sha kun uchun 50 lira (taxminan, 5 dollar) pul beriladi.

Shartnoma tuzilayotganda “men dam olishga kelmaganman, boradigan joyim ham yo‘q. O‘sha kunimga hisoblab, pulimni bersangiz ishlayveraman” deganman. Men ketgan kunlarim qizi qarardi. U izn kuni uchun 50 lira emas, 100 lira berishini aytgan. Men dam olmasdan ishlayman. Agar juda zerikib ketsam, onaxon bilan yon-verimizdagi supermarketlarga chiqamiz. Aylanib kelamiz.

Turkiyada ishlaydiganlarning aksariyati oliy ma’lumotli

Turkiyada juda ko‘p o‘zbek ayollari ishlaydi. Aksariyati vodiy, Samarqand va Xorazmdan. Ayniqsa, men ishlayotgan shaharda (kvartalda) o‘zbek muhojirlari juda ko‘p. Har birining o‘z hikoyasi bor. Biri yoshgina turib beva qolgan, birining boshiga musibat tushgan, yana kimdir o‘qib, bo‘sh vaqtida ishlaydi. Er-xotin kelib ishlayotganlar ham bor. Ko‘pchiligi bolalar va kattalarga qaraydi, uy tozalovchi bo‘lib ishlaydi. Eng achinarlisi, muhojirlarning aksariyati oliy ma’lumotli.

Afsuski, musofirlar orasida noto‘g‘ri ishlar bilan shug‘ullanayotganlari ham bor. Eshitib turamiz. Afsuski, biroq ular sabab bolam-chaqam deb ishlab yurgan ayollarning ham nomi yomon otliqqa chiqadi. Shu sabab ko‘pchilik Turkiya, Dubayda ishlaydigan ayollar haqida odatda yomon xayolga boradi. Men ham boshida qizlarim bo‘lgani uchun Turkiyada ishlayotganimni hammadan yashirganman. Bolalarimga ham meni Turkiyada ishlayapti demanglar, qolaversa, oliy ma’lumotliman uyalaman, derdim.

“Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozi” deyilganiday, Turkiyada ishlashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

Biroq halol ishlagan odam ishini, o‘rnini topib ketadi. Masalan, ishga kirayotganimda shifokor ko‘rigidan o‘tkazib, keyin olishgan. Sil, OITS, turli yuqumli teri tanosil kasalliklari yo‘qmi deb qon tahlillarini topshirtirishgan. Negaki buni ko‘pchilik oilalar talab qiladi.

Yolg‘iz ayolga oson emas

O‘zim ko‘p kitob o‘qishini yaxshi ko‘raman. Mutolaa qilish meni yolg‘izlik, xasrat, umidsizlikdan qutqaradi. She’r ham yozib turaman. O‘shanda bolalarimni tashlab ketayotib, samolyotda quyidagi misralarni yozganman:

Ro‘zg‘or yukin ortib yelkaga,

Ayol chiqib ketar qayerga?

Jondan aziz qorako‘zlarin,

Topshiradi yolg‘iz Allohga.

Alloh rizqin sochgan qayoqqa?

Yana bilmas qaysi tomonga.

Johillardan bezgan bu ayol,

Yolvoradi yolg‘iz Allohga.

Siz bormangiz yomon xayolga

Oson tutmang “yolg‘iz” ayolga.

Bolalarimni o‘ylab, xasta onamning oldiga bormaganman

Hayotimdagi eng katta armonim haqida aytmoqchiman. Toki odamlar men kabi bir umr pushaymon bo‘lib yurmasin.

Onam rahmatli onkologik kasallikka chalingan edi. Toshkentda operatsiya qildirganmiz. Operatsiya yaxshi chiqdi deyishgan, ammo ularning ahvoli yaxshi emasdi. Qishloqda ayni yoz payti, ish ko‘p, onamga qarashga boquvchi kerak bo‘lgan. Kunduzi qarab ketishardi, ammo kechasi ham yonida bir odam bo‘lishi kerak edi. Men ahmoq, oqibatsiz esa Toshkentda bolalarimni kimga tashlab kelaman deb onamning yoniga bormaganman. Vaholanki, bolalarim katta bo‘lib qolgandi.

Turkiyadaligimda mana pul uchun bolalaringni tashab kelding-ku, kerak bo‘lsa pampers kiydirib ishlayapsan-ku, nahotki bir oy volidangga qaramading deb ich-etimni yeganman. Vijdon azobiga chidolmay yig‘laganman.

Turkiyadan kelib, yonlariga borganman. O‘shanda bir hafta yonlarida bo‘lganman, juda quvongandilar...  Onajonim 2015-yil Qurbon hayiti bayramida qo‘llarimda jon berib, bu dunyoni tark etdilar.

Nega duolarini olib, yonlarida bo‘lmadim deb o‘zimga savol beraman. To‘g‘ri, onam yolg‘iz emasdilar, kelinimiz, opa-singillarim kelib turardi, ammo men ham farzand edim-ku deb juda ko‘p afsus chekaman.

Ba’zida sog‘inchga chidab bo‘lmaydi

Musofirning noni shirin, azobi ming yashirin bo‘ladi. Yurak yuragingizda farzandlar diydori, vatan sog‘inchi o‘rtayveradi. Nabiram bor besh yosh. Videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashsak, “Oyijon, qachon kelasiz?” deb so‘rayveradi. “Virus bor-da bolajonim, samolyot uchmayapti” desam, u “Yo‘q, yo‘q, samolyot uchyapti men ko‘rdim, niqob taqib chiqsangiz uchirishadi, keling” deydi.

Farzandlardan ham nabiralarning xasratiga chidash qiyin ekan, avvalari ota-onam aytsa ishonmasdim. Ba’zan shunday istak tug‘iladiki, koshki hozir shu daqiqaning o‘zidayoq, uyimda, farzandlarimning oldida bo‘lib qolsam deb o‘ylayman, yig‘layman. Yana o‘zimni bosaman, bor dardimni joynamozga to‘kaman, o‘sha yerdan halovat topaman.

Bu tuyg‘ularni his qilishni, begona yurtlarga kelishni hech bir bir ayolga ravo ko‘rmasdim.

Ikki farzandim budjetga o‘qishga kirdi

To‘g‘ri, men begona yurtlarda bolalarimdan uzoqda bo‘ldim. Ammo ular yuzim yorug‘ qilib, mehnatlarimni zoye ketkazishmadi. O‘tgan yili uchinchi qizim Toshkentdagi nufuzli bir oliygohga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. “Oyijon, bu sizning mehnatlaringiz, duolaringiz” deb javob varaqasida birinchi o‘rinda turganini jo‘natgan edi. Alhamdulillah, bu yil o‘g‘lim ham davlat granti asosida universitetga qabul qilindi.

Ba’zan inson shunchaki e’tibor kutarkan

Turmush o‘rtog‘im afg‘on urushi qatnashchisi, sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bilan yashadi. Ammo minnat bo‘lmasin deb biror marta bu haqida hech kimga aytmadi. Doim o‘zlari “Burchimni bajarganman” deydilar. Bir marta rag‘bat, tabrik olmaganmiz. Mayli, hech qanday moddiy rag‘bat kutmaymiz, lekin odam ba’zan shunchaki e’tiborga tashna bo‘larkan, kutarkan.

Hozir nogironlik nafaqasiga chiqqanlar. Shukr, farzandlarim boshidalar, oilamiz baxtiga sog‘ bo‘lsinlar.

Yaqinda farzandlarim bag‘riga, ona yurtimga butunlay qaytmoqchiman. Qizlarimni so‘rashyapti, inshaolloh, borib to‘ylar qilaman.  Endi ketsam bu yerlarga qaytib kelmayman deb umid qilyapman. Yoshim ham 55 ga qarab ketyapti. Biroq yana Yaratgan bilguvchi. Boisi, 2013-yilda ham bolalarimning oldida bo‘laman, qaytib kelmayman degandim, lekin vaziyat yana Turkiyaga borishni taqazo qilgandi. Xullas, yana ortimga qaytamanmi, yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi.

Loyihada ishtirok etishni istagan muhojir yurtdoshlarimiz Telegram’dagi @daryomuxbiri’ga murojaat qilishlari mumkin. 

Muallif:Xonzodabegim A’zamova