O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori Muhammadali Abduqunduzov “Daryo”ga intervyu berdi. U suhbat davomida Toshkentdagi ishsizlik sabab Termizdagi Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida 11 yil ishlagani, ayolining qistovi bilan poytaxtga qaytgani va ko‘plab qiyinchiliklarga uchragani haqida so‘zlab berdi.

Muhammadali Abduqunduzov Bobur obrazida

Foto: Aktyorning shaxsiy arxividan

1976-yili A.NOstrovskiy nomidagi Toshkent davlat san’at institutini tamomlab, Toshkentda ish o‘rni yo‘qligi uchun Termizga yo‘llanma asosida yuborishgan. Surxondaryo xalqidan hamisha minnatdorman. Begona ekanligimni bildirmay, o‘z yaqinlaridek qabul qilishdi. U yerda oila qurdim, ikki farzandim ham Termizda dunyoga keldi. Ayolim Toshkentdan ko‘ngil uzolmadi, shu bois oilamiz bilan poytaxtga ko‘chib keldik. Ammo bu menga og‘ir zarba bo‘ldi. Chunki ijodkor uchun bir teatrdan ikkinchi teatrga ishga o‘tish va yana hammasini boshidan boshlash oson emas. Toshkentga kelganimda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangandim, ammo O‘zbek Milliy akademik drama teatrida aktyor shtati yo‘qligini aytishdi. Ancha vaqtgacha teatr yaqinidagi 9 kvadrat metrli xonani ijaraga olib, ikki farzandim bilan yashashishimizga to‘g‘ri keldi. Qiyinchiliklar sabab ayolim bilan ko‘p tortishardim va muammoda uni ayblardim. Ayolim Valentina tonggacha yig‘lab chiqardi. Mana shunday qiyin kunlarda Madaniyat vazirligiga borib, muammolarimga yechim izlash uchun yo‘laklarda soatlab o‘tirgan kunlarim bo‘ldi. Yordamchilar vazir bilan uchrashishga yo‘l qo‘yishmasdi. O‘shanda nega bizda katta lavozimdagi odamning oldiga kirib, dardingni aytolmaysan, deb ko‘nglimdan o‘tkazgandim. Taqdirning tuhfasini qarangki, oradan bir necha yil o‘tib, ‘zamministr’ lavozimiga ishga olindim.

Muhammadali Abduqunduzov, O‘zbekiston xalq artisti

Bundan tashqari, aktyor nima sababdan rus qiziga uylangani va bunga ota-onasi qanday munosabat bildirgani haqida ham so‘zlab berdi.

Termiz teatrida ‘18 yoshligim’ nomli spektaklni sahnalashtirayotgandim. Rahbariyat chaqiruvi bilan Valentina Toshkentdan yordamga kelgan. Chunki u paytlarda viloyat teatrlarida tajribali xodimlar biroz taqchil edi.

Valentina bilan repetitsiya jarayonida uchrashib, asta-sekin o‘rtadagi munosabat muhabbatga aylangan. Avval u islom dinini qabul qildi, undan keyin shar’iy va qonuniy nikohdan o‘tdik. Ayolim o‘zbek tilini umuman bilmasdi, urf-odat va an’analarimiz ham unga begona edi. Ketma-ket ikki o‘g‘il farzandli bo‘ldik. U paytda rus tilini bilmaslik uyat sanalgani, bu tilni bilmaganlar karyera qilolmasligi haqida o‘ylab, farzandlarimni rus maktabiga berishga qaror qilgandim. Ammo ayolim menga qarshi chiqib, o‘g‘illarimizning o‘zbek maktabiga borishlarini istadi. Onasi o‘zbek tilini yaxshi bilmasligi uchun farzandlarim maktabda qiynalishdi.

Albatta, rus qiziga uylanganim onamga yoqmagan. Hayotimdagi bu burilish ham katta nizo va muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik bolalar ulg‘ayib, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan quda bo‘lganimizdan keyin munosabatlar ancha yumshadi. Oxirgi paytlarda onam qattiq betob bo‘lib, jigar xastaligiga chalinganida ayolim parvarishlab, duolarini oldi. Shukrki, kech bo‘lsa-da, hammasi joy-joyiga tushdi.

Inson o‘zi istamagan odam bilan yasholmaydi. Yashagan taqdirda ham, ularning hayotidan tushunmovchilik va ziddiyatlar arimaydi. Ayolim san’at sohasini yaxshi tushungani uchun ham spektakl yoki kinolardagi muhabbat sahnalarini berilib o‘ynashni maslahat beradi. Agar u boshqa soha vakilasi bo‘lganida, vaziyat aksincha bo‘lishi ham mumkin edi. Chunki o‘rinsiz rashk ijodni sindiradi”, — deydi aktyor.

Muhammadali Abduqunduzov bilan bo‘lgan to‘liq intervyuni quyida tomosha qilishingiz mumkin.