YouTube’dagi Bengregers kanalida britaniyalik haydovchilarning Shimoliy Nottingemshirdagi yo‘llardan birida hosil bo‘lgan chuqur ko‘lmakni bosib o‘tishga uringani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Kommunal xizmatlar muntazam ravishda ogohlantiruvchi belgilarni qo‘yib kelishiga qaramay, haydovchilarning aksariyati katta tezlikda undan o‘tishga urinadi. Biroq “ayyor” ko‘lmak ko‘plab transport vositalari egalarining xatosini kechirmaydi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Motor

Yevropaning deyarli barcha davlatlarida kuz fasli kuchli yog‘ingarchilik kuzatiladi va bu ayrim tumanlarda suv toshqinlarini yuzaga keltiradi. Shu bilan birga ko‘plab haydovchilar ko‘lmaklar chuqurligiga shubha qilib, transport vositasi undan muammosiz o‘tishiga ishonadi. Statistikaga ko‘ra, 74 foiz haydovchilar suv bosgan hududni katta tezlikda bosib o‘tishni ma’qul ko‘radi, bu esa gidrozarbga olib keladi.

E’lon qilingan videoda o‘nlab avtomobillar Shimoliy Nottingemshirda hosil bo‘lgan ko‘lmakdan o‘tishga uringani tasvirlangan. Bunday kunlarda Britaniya kommunal xizmatlari ko‘lmaklar oldiga ogohlantiruvchi belgilarni qo‘yib ketadi. Ammo haydovchilarning aksariyati xavfni jiddiy qabul qilmaydi.

Videodan ko‘rish mumkinki, bir qancha yengil mashinalar tom ma’noda ko‘lmak ichidan suzib o‘tgan. Ayrim haydovchilar esa uning o‘rtasida to‘xtashga majbur bo‘lgan.