Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Terakli qishlog‘ida yashovchi Sojida Jovliyeva turmush o‘rtog‘i Shavkat Donayev 2019-yilda tug‘ilgan farzandi Humoyun Eshqobilovni o‘ldirishga uringanini, o‘zi uyida bo‘lmagan paytda eri farzandini urib, bo‘g‘ib unga tan jarohati yetkazganini aytmoqda.

Humoyun Eshqobilov.

Foto: “Daryo”

“Turmush o‘rtog‘imga uchinchi xotin bo‘lib tekkanman. Ikki nafar farzandimiz bor. Erim 2021-yilning 22-sentabr kuni ishdan soat kechki payt to‘rt-beshlarda uyga keldi. Ikki o‘g‘lim ham uyda edi. Men esa mollarga qarash uchun tashqariga chiqqandim. Erim uyda men yo‘qligimda katta o‘g‘lim Humoyunni urib, bo‘g‘ib unga tan jarohati yetkazgan ekan. Shuningdek, ko‘ziga maz surtaman deb, ko‘ziga qo‘lini tiqqan va o‘g‘limning ko‘zi ko‘rmay qolishiga sabab bo‘lgan. Uyga kirsam, o‘g‘lim ko‘karib, hushidan ketib qolgan ekan. Uni uqalab, sal bo‘lsa ham o‘ziga keltirib, ‘do‘xtir chaqiraylik’ desam, ‘baribir o‘g‘ling o‘ladi, o‘lsa ko‘mib kelamiz, ota-onangga ham keyin xabar berasan, dedi’, — deydi eri o‘g‘lining hayotiga qasd qilmoqchiligini aytgan ayol.

Sojida Jovliyevaning aytishicha, yuz bergan voqea haqida dastlab hech qayerga xabar berolmagan. O‘g‘li shu holatda bir kun uyda qolgan.

“Ertasi kuni erim ishga ketgach, ukamga xabar berdim. Va erimning yo‘qligidan foydalanib, o‘g‘limni shifokorga olib keldik. Mana olti kundan beri shifoxonadamiz. Bolam endi o‘ziga keldi. Ko‘zlarini ochdi. Ammo ahvoli juda og‘ir”, — deydi ayol.

Sojida Jovliyeva.

Foto: “Daryo”

Ayolning aytishicha, turmush o‘rtog‘ining avvalgi ikki nafar xotinidan besh nafar, undan esa ikki nafar farzandi bor.

“Erim bolalarimga judayam qattiqqo‘l va bag‘ritosh edi. Shu sababmi, katta o‘g‘lim umuman o‘yinqaroqlik qilmasdi. Uyda jim, qimirlamasdan o‘tirardi. Otasidan shu darajada qo‘rqardi. Erim bizga ham ko‘p zug‘um o‘tkazgan. Hatto, ota-onam bilan telefonda ham gaplashtirmasdi. Agar gaplashsam ham yonimga kelib, men yaxshiman deysan deb, o‘zi nima deyishim kerakligini aytib turardi”, — deydi eridan jabr ko‘rganini aytgan dehqonobodlik ayol.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Shavkat Donayev esa Sojida Jovliyeva haqiqatan ham uchinchi xotini ekanini tasdiqlab, farzandlariga bu darajada yomonlik qilmasligini, ularni yaxshi ko‘rishini aytib, “bolalarim avvaldan shunaqa kasalmand edi”, — dedi.

Foto: “Daryo”

“Xotinimning men bilan yashash niyati yo‘q. Shu sabab ham menga shunday ayblov qo‘ymoqda. Aslida uning menda ko‘ngli bo‘lmagan. Xotinimning bolalarimga mehri, e’tibori yo‘q. O‘zi bolalarimni urib, ularga jabr yetkazgan. Hatto bolalarimni emizmasdi ham. Nega bunday qilyapsan desam, “figuram” buzilib qoladi deya, bahona qilardi. Bir kuni kichik o‘g‘limning ustida uxlab qolgan ekan. O‘g‘lim ko‘karib, tobi qochib qolgan”, — deydi ayblovlarga javob bergan Shavkat Donayev.

Shavkat akaning aytishicha, u farzandini ko‘rish uchun Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Qarshi shahar filialiga kelgan.

“Men bolamdan xabar olish uchun shifoxonaga bordim. Ammo to‘rt nafar yigit meni urib, shifoxonadan ket deyishdi. Ularning kimligini tanimadim. Xotinimning aka-ukasi bo‘lganda ularni tanirdim. Meni urishgach, uyga qaytib keldim. Bolamning sog‘lig‘i men uchun ham qiziq va ahamiyatli”, — deydi Shavkat Donayev.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan hudud profilaktika inspektori Aziz O‘ljayev voqeadan xabar topgan kuni Shavkat Donayevning xonadoniga borganini, u bilan suhbatlashib, voqea yuzasidan tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qildi.

Aziz O‘ljayev.

Foto: “Daryo”

“Men voqeadan xabar topgan paytim Shavkat Donayevni izlab uyiga bordim. Borsam, Shavkat aka molga ketgan ekan shekilli, kech qaytdi. Gaplashib, voqea haqida so‘radim. U bir haftadan beri farzandining tobi bo‘lmaganini, uyida ortiqcha puli yo‘qligi sabab shifokorga ham olib borolmaganini, xotiniga oyligini tushishini kutishi kerakligini aytgan. O‘g‘lini urmaganini ham aytdi. Biroq shunga qaramasdan Sojida Jovliyevaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, vaziyatni ro‘yxatga olib, tergov harakatlarini boshlab yubordik”, — deydi Aziz O‘ljayev.

“Terakli” MFY raisi Akrom Ablazov Shavkat Donayev hamda Sojida Jovliyeva oilasi notinch oilalar ro‘yxatida bo‘lmaganini, avvalroq bu haqda hech qanday murojaat tushmaganini, biroq Shavkat Donayev o‘zi bilan yonma-yon yashab kelayotgan akasi bilan ham tortishib yashashini ma’lum qildi.

“Bundan bir yil oldin er-xotin janjallashib qolib, kelin uyiga ketib qolgandi. O‘shanda o‘zim uni olib kelish uchun borgandim. Ammo uyiga qaytmagandi. Keyin bir oydan so‘ng o‘zi kelgan ekan. Undan keyin ularning oilasida notinchlik bo‘lmagandi. Bizga na eri va na xotini bu haqda shikoyat qilmagan”, — deydi MFY raisi.

Foto: “Daryo”

Hudud oqsoqolining aytishicha, Shavkat Donayevning “Bolalarim bir hafta oldin ham kasal edi”, — degan gapi yolg‘on.

“Bolalari kasal emasdi. Lekin kelin erim bolalarimni uryapti, menga zulm o‘tkazyapti deb shikoyat qilmagan. Biroq Shavkatning oldingi xotinidan ko‘p shikoyat tushgan. U paytlari men mahalla posboni bo‘lganim bois, bundan yaxshigina xabardor edim. Shavkat avvalgi oilasiga zarar berganini, urush-janjal qilganini bilaman”, — deydi Akrom Ablazov.

Xotini tomonidan shafqatsizlikda ayblanayotgan Shavkat Donayevning aytishicha, u maktabda matematika fanidan dars berib keladi. Xotini Sojida Jovliyeva bilan birga yashab, birinchi va ikkinchi xotinidan bo‘lgan besh nafar farzandlariga aliment to‘lab keladi.

“Bolalarimga aliment to‘layotganim uchun ham oilada pulimiz yetar-yetmas yashaymiz. Shu sabab xotinimga bolalarimni davolatish uchun ayni paytda pul yo‘qligini, maoshimni olgan kunim o‘g‘limni shifoxonaga olib borishimni aytdim. Ammo xotinim bunga sabr qilmasdi. Shu sabab urush-janjal qilib, bolalarini urardi. Men o‘sha kuni bolamni urmadim, unga yordam berishga urindim”, — deydi Shavkat Donayev.

Foto: “Daryo”

Otasi tomonidan kaltaklangani aytilayotgan ikki yoshli Humoyun Eshqobilovni davolayotgan shifokorning aytishicha, bemor shifoxonaga 2021-yilning 23-sentabr kuni soat 18:50 da og‘ir ahvolda yotqizilgan.

“Bemor o‘sha kuni shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Bolaning ahvoli o‘ta og‘ir edi. Bolaning nafas olishi qiyin edi. Lablarida, tirnoqlarida ko‘karish bor edi. Miya shishi va miya komasi bilan kelgandi. Shundan beri kerakli yordam ko‘rsatildi. Ayni paytda bemorning ahvoli yaxshi, ancha o‘zgarish bor”, — deydi davolovchi shifokor Barat Bobodo‘stov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan bolaning tog‘asi Jahongir Jovliyev hamda bobosi Ubaydulla Jovliyevlar Shavkat Donayev Sojida Jovliyevaga avvaldan zulm o‘tkazib kelganini ma’lum qilmoqda.

Jahongir Jovliyev.

Foto: “Daryo”

“Opam bir marta uyga yig‘lab qaytib kelganda pochcham unga zulm o‘tkazishini, hatto telefonda ham nazoratga olib biz bilan gaplashtirishini aytgandi. Biz telefon qilsak esa, ularga tusholmasdik. Bu zulmlar bugun jiyanimni shu ahvolga soldi”, — deydi Jahongir Jovliyev.

Ubaydulla Jovliyev esa kuyovi Shavkat Donayevdan hatto uydagilari ham norozi ekanini aytib, kuyovi uydagilarining ham diliga ozor berganini aytmoqda.

Ubaydulla Jovliyev.

Foto: “Daryo”

“Kuyovim shunaqa ichimdagini top deydiganlardan ekan. Biz ham kech bildik. Kech anglab yetdik. Bugun u o‘z bolasiga zarar yetkazyapti. Demak, undan yaxshilik kutish ahmoqlik. Qudam bilan gaplashganimda o‘g‘lining shundayligini, birgalikda uni tuzatishga harakat qilishimizni aytgandi. Demak, undan o‘z yaqinlari ham bezor. Shuning uchun huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bunga adolatli baho berishar”, — deydi Ubaydulla Jovliyev.

Eslatib o‘atmiz, avvalroq Qashqadaryo viloyat IIB voqea nazoratga olinganini, voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev