Afg‘on qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning xudkush terrorchilar tomonidan o‘ldirilganiga bu yil 20 yil bo‘ldi. Zamonaviy Afg‘onistonda Ahmad Shoh Mas’ud shaxsiga teng keluvchi shaxsiyat yo‘q, ya’ni uning shaxsiga hurmat afg‘onlarning maqomi, kelib chiqishi, darajasidan qat’i nazar bir ovozdan qabul qilinuvchi yagona narsa. Xo‘sh, ushbu sarkarda qanday qilib jang maydonida emas, o‘z uyida xoinlarcha o‘ldirilgandi?

Afg‘on Che Gevarasi

Panjsher viloyatidagi tojik oilasida tug‘ilgan Mas’ud nisbatan yaxshi ma’lumot oldi, nufuzli Kobul litseyida o‘qidi. 1973-yilda esa Kobul politexnika institutiga o‘qishga kirdi. Shu yerda Mas’ud fransuz tilini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq Mas’ud bu oliygohda uzoq o‘qimadi. Afg‘onistonda Muhammad Zohir Shoh o‘rnatgan demokratiya 1973-yil Muhammad Dovudning harbiy to‘ntarishidan so‘ng tugadi va o‘ng kuchlar vakili bo‘lgan yosh “Panjsher arsloni” Pokistonga qochib ketdi. Shu yerda u Afg‘onistonning bo‘lajak prezidenti Burhoniddin Rabboniyning islomiy muxolifatiga qo‘shildi.

Shoh Mas’ud jang maydoniga 1975-yilda ilk bor qadam qo‘ydi. Uning otryadi Panjsherni egalladi, lekin qo‘zg‘olonga urinish amalga oshmadi. Shoh Mas’ud to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli kurashning muvaffaqiyatiga ishondi va mahalliy aholining munosabati, sodiqligi kabi faktorlarni inobatga olmadi. Natijada u Dovudning asosiy kuchlari bilan to‘qnashmasdan o‘z otryadi bilan Pokistonga qaytishga majbur bo‘ldi.

Ahmad Shoh Mas’ud xatolarini tahlil qildi va kubalik ikki inqilobchi Fidel Kastro va Ernesto Che Gevara tajribalari orqali zamonaviy partizanlar urushining taktikasini o‘rgandi. Shoh Mas’udning strategik iste’dodi tez orada Afg‘oniston urushining boshlanishi bilan tasdiqlandi, bu uning “eng yulduzli” davri bo‘ldi.

Ahmad Shoh Mas’ud mujohidlari bilan

Foto: Afghan Journeys

Mujohid-general

Ahmad Shoh Mas’ud 1978-yil, hokimiyatga kommunistik Afg‘oniston Xalq Demokratik partiyasi kelgach, vataniga qaytib keldi. Muhammad Taraqqiy boshchiligidagi yangi hukumatni ateistlar va chet elliklar qo‘g‘irchog‘i deya hisoblagan Ahmad Shoh Mas’ud qarshilik kuchlarini tuzish uchun strategik qulay hudud — Panjsher tomon yo‘l oladi. Panjsherga deyarli qurol va pulsiz kelgan Mas’ud tez orada nafaqat Rabboniy boshchiligidagi “Afg‘oniston islom jamiyati” guruhining, balki butun mujohidlar harakatining muhim shaxslaridan biriga aylandi. Mas’ud kuchlarining asosiy qismini Afg‘oniston shimolida yashovchi tojiklar tashkil qilardi.

Partizanlar urushidagi mahorat va tanlangan strategik pozitsiyasi tufayli Ahmad Shoh Mas’ud mujohidlarning eng obro‘li qo‘mondonlaridan biri bo‘ldi. Panjsherda joylashgan Mas’ud amalda butun shimoliy Afg‘onistonni nazorat qiladi, shu jumladan, Panjsherdan atigi 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Kobulni ham. Sovet qo‘shinlarining uni yo‘q qilish uchun Panjsherga uyushtirgan beshta harbiy operatsiyasi muvaffaqiyatsiz tugaydi. Mas’ud zamonasining eng kuchli harbiy texnika va yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan askarlariga ega bo‘lgan SSSR armiyasi hujumlarini o‘zining kichik guruhi bilan qaytaradi. Shundan so‘ng uni “Panjsher arsloni” deb atay boshlashadi.

Qizig‘i shundaki, SSSR bilan kurashgan bo‘lsa-da, sovet generallari uni hech qachon insoniy qiyofasi va o‘ziga xos harbiy sharafini yo‘qotmagan oqil hamda qobiliyatli qo‘mondon deb hisoblagan. Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari olib chiqilgandan so‘ng o‘n yil o‘tib Mas’ud bilan uchrashgan sovet generali Ruslan Aushev sobiq dushman bilan suhbatini shunday yozib qoldirgan: “U menga ajoyib bir gapni aytdi: ‘Men siz bilan boshqacha urishishim ham mumkin edi. Men sizning yo‘lovchi samolyotlaringizni urib tushirishim mumkin edi, ammo men buni qilmadim. Men siz bilan urush qoidalari bo‘yicha urishdim’ ”.

Qo‘mondon Ahmad Shoh Mas’ud mujohidlari bilan

Foto: Google Images

G‘arb jurnalistlari Shoh Mas’udni suhbatdoshlarini xushmuomalalik, aql-idrok va bilimdonlik bilan hayratga soladigan inson ekanini qayd etadi. Bunday fazilatlarni jangovar qo‘mondonlarda kamdan kam uchratish mumkin. U qon to‘kishdagi ishtirokini majburiy chora sifatida ko‘rsatadi: “Afsuski, sharoit meni qurol ko‘tarishga majbur qildi”.

Ahmad Shoh Mas’ud Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari olib chiqilgach Shimoliy Afg‘onistondagi eng nufuzli siyosiy arbob bo‘lib qoladi, endilikda u jangarilar otryadini emas, butun boshli armiyani boshqaradigan generalga aylangandi.

“Tolibon” bilan kurash

Nihoyat, 1992-yilning aprel oyida mujohidlarning qurolli guruhlari Kobulga kiradi va sovetparast Najibullo rejimi ag‘dariladi. Ammo kurash bu bilan tugamadi, hokimiyatga kelgan, asosan, o‘zbek va tojiklar, ya’ni milliy ozchiliklarning manfaatini ifoda etuvchi Mas’ud—Rabboniy guruhi SSSRga qarshi kurashgan boshqa mujohid generallar(ayniqsa, pushtunlar)ga yoqmadi. Kechagi ittifoqchilar bir-biri bilan qonli adovat olib borayotgan paytda sahnaga fundamentalist “Tolibon” guruhi chiqadi. Dastlab toliblarni tuganmas zo‘ravonlik va qonunbuzarlikdan aziyat chekkan keng omma qo‘llab-quvvatlaydi. Asosan pushtunlar harakati bo‘lgan “Tolibon” Pokiston va mamlakatdagi pushtunlardan katta ko‘mak oladi.

Toliblar 1996-yil Kobulga yetib keladi va Shoh Mas’ud qo‘shini chekinishga majbur bo‘ladi. Shoh Mas’ud bu safar ham SSSR bilan kurashda tayanch nuqta bo‘lgan Panjsherga joylashadi va yana bir bor “Panjsher arsloni” ekanini ko‘rsatadi. “Tolibon” hech qachon uning qarshiligini kuch bilan yenga olmaydi.

1996-yilning o‘zidayoq “Tolibon”ga qarshi turish uchun shimollik dala qo‘mondonlari Shimoliy Alyans ittifoqiga birlashadi. Shoh Mas’ud uning rahbariga aylanadi. “Tolibon”ga qarshi kurashish uchun Mas’ud Eron va g‘arb mamlakatlaridan ittifoqchilar qidiradi. Yetarli qo‘llab-quvvatlovga erishgan Shimoliy Alyans besh yil davomida “Tolibon” bilan kurashadi va mamlakatning 30 foiz hududini o‘z nazorati ostiga oladi, toliblarning qarshiligini sekinlik bilan sindira boshlaydi. Ahmad Shoh Mas’ud birlashgan Afg‘onistonning ehtimoliy rahbarlari qatoriga kiradi.

Ahmad Shoh Mas’ud va Yevroparlament prezidenti Nikol Fonteyn

Foto: Europarlament

“Mehmon uyni buzmasligi kerak!”

2000-yillar boshida “Tolibon”ning xalqaro siyosiy ahvoli og‘irlashadi, kutilmaganda tashqi va ichki bosim kuchayadi. Turli tashkilotlar Afg‘onistonga “Al-Qoida” terroristik tashkiloti mamlakatda joylashgani uchun sanksiyalar joriy qiladi. Qolaversa, toliblarning shafqatsiz va qattiqqo‘l tartibi aholida ularga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi. Buning ustiga Shimoliy Alyans bilan davom etayotgan urush resurslar taqchilligini keltirib chiqaradi. Shimoldagi qarshilik g‘arbiy va janubi-g‘arbiy mintaqalarga ham tarqaladi. Turkiyadan qaytgan Abdurashid Do‘stum shimolda, Erondan bo‘lgan Ismoilxon g‘arbda askar yig‘ib, urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

Shimoliy Alyans TAPI (Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston) gaz quvuri loyihasi qurilishiga yo‘l bermadi. Aynan shu loyiha tufayli AQSh prezidenti Bill Klinton Afg‘onistondagi insoniyatga qarshi jinoyatlarga e’tibor bermayotgandi, AQSh davlat departamentining maxsus vakili Robin Rayfel hatto Kongressdan “Tolibon”ni xalqaro tan olishga chaqiradi. 1997-yil “Tolibon” delegatsiyasi AQShga tashrif bilan borib, loyiha xavfsizligiga kafolat beradi.

“Tolibon”ning yana bir bosh og‘rig‘i ularning qadrli mehmoni va sarmoyachisi Usoma bin Lodin edi. AQSh va Saudiya Arabistoni “Tolibon” hukumatidan 1998-yil AQShning Keniya va Tanzaniyadagi elchixonalarini portlatishni tashkillashtirgan terrorchini ularga topshirishni talab qiladi. Hatto Saudiya shahzodasi Feysal Turki ham bu masalada Qandahorga tashrif buyuradi, biroq toliblar bin Lodinni amerikaliklarga ham, saudiyaliklarga ham topshirishni xohlamaydi. Natijada Afg‘oniston butun jahon terroristlarining uyiga aylandi, dunyoning turli burchaklaridan Afg‘onistonni “xavfsiz boshpana” sifatida ko‘ruvchi jangarilar mamlakatga oqib keldi. “Tolibon”ni tan olgan uch davlatda faqat Pokiston oxirigacha uning tarafida turdi. “Tolibon”, “Al-Qoida” va Pokiston muammolarning asosiy sababchisi sifatida Shimoliy Alyans hamda uning rahbari Ahmad Shoh Mas’udni ko‘rdi.

Usoma bin Lodin (chapda) va Ahmad Shoh Mas’ud

Foto: Google Images

2000-yilda “Tolibon” hukumati tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan, harakat orasida eng pragmatik bo‘lgan Vakil Ahmad Mutavakkil Usoma bin Lodinnning mamlakatda bo‘lishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bilardi. U davlat rahbari bo‘lgan Mulla Umarga Usoma bin Lodin to‘g‘risida gapirib, “Mehmon uyni buzmasligi kerak!” — deya aytadi.

Mutavakkilning talabi bilan “Al-Qoida”ning madaniy-targ‘ibot markazi “Maktab ul-Alom” yopiladi, Usoma bin Lodinga OAV bilan gaplashish taqiqlanadi. Bundan g‘azablangan bin Lodin “Bizning ikkita dushmanimiz bor: Amerika va Tolibon Tashqi ishlar vazirligi!” deb o‘z noroziligini bildiradi.

Fitna

1999-yil Qandahorga kelgan Afg‘oniston madaniyat va axborot vaziri Amirxon Mottakiy Usoma bin Lodin bilan ko‘rishib, uni qamab qo‘yib, gapirishga ruxsat bermayotganlaridan noroziligiga javoban “Biz urush va iqtisodiy bosimlar ostidamiz. Biz ham o‘z xalqimiz oldida javobgarmiz” deb javob beradi. “Al-Qoida” yetakchisi qisqa gapiradi:“Men sizning ichki muammolaringizni hal qilaman!” Vazir va tarjimon buni moliyaviy yordam deya o‘ylaydi, ammo arab milliarderining sarmoyalari deyarli qolmagandi. U anchadan beri xushlamay yurgan insoni — Ahmad Shoh Mas’udni yo‘q qilmoqchi edi.

Shu maqsadda u o‘z qo‘mondonlarini yig‘inga chaqiradi va “Panjsher arsloni”ni o‘ldirish rejasini kun tartibiga qo‘yadi. Biroq ko‘pgina qo‘mondonlar bunga qarshi chiqadi. Chunki Ahmad Shoh Mas’ud Afg‘onistonni ateist davlat armiyasi egallaganda ularga qarshi mardonavor kurashgan mujohid sarkarda, jihod g‘olibi edi. Uni fitna orqali o‘ldirish islom va jihod qonunlariga zid bo‘lib, ko‘pchilik islomiy davlatga qarshi teraktning o‘zi ziddiyatli masala ekanini aytadi. SSSR bilan bo‘lgani kabi, AQShga qarshi ham urush ketayotganini, ular faqat kofirlarga qarshi kurashishga qasam ichganlarini ta’kidlaydi. Ammo oxir-oqibat Usoma bin Lodin fitnani tashkillashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Bunda u Shoh Mas’udning mehmondo‘st va ishonuvchanligidan foydalanadi.

Soxta jurnalistlar

2001-yilning yozida Ahmad Shoh Mas’udga SSSRga qarshi kurashgan Afg‘onistondagi yetti eng mashhur mujohid generallardan biri, Abdul Rasul Sayyof qo‘ng‘iroq qiladi va ikki jurnalist undan intervyu olmoqchi ekanini aytadi. Mas’ud ularning kimligini so‘raydi, Sayyof ularning Pokistondagi toliblardan viza olgani, Muhammad Qosim va Muhammad Karim ismli Belgiya televideniyesida ishlovchi arab jurnalistlari ekanini bildiradi. “Jurnalistlar” Kobulda ikki hafta yashagach, “Tolibon” bosh qarorgohi joylashgan Qandahorga keladi. Shu yerda ular Usoma bin Lodindan shaxsan ko‘rsatma olgan bo‘lishlari mumkin. Abdul Rasul Sayyof rostini aytganda arablardan shubhalanayotganini Mas’udga aytgan, biroz o‘ylangan tojik generali “Mayli, o‘tkazib yuboring, odamlarim ularni tekshiradi” deb javob bergan.

Ahmad Shoh Mas’ud professor Makkenzi bilan. 1987-yil

Foto: Afghan Journeys

Xudkushlar Abdul Rasul Sayyof nazorati ostidagi Pag‘mon orqali Panjsherga kirib keladi. Ular keliboq Burhoniddin Rabboniy va Shoh Mas’ud bilan bir vaqtda uchrashishni so‘raydi. Biroq Mas’ud ular bilan keyinroq uchrashishini aytadi.

Mas’udning qayerda bo‘lishini aniq bilishning imkoni yo‘q edi, ammo u tez-tez kelib turuvchi joylar: Xo‘ja Bahouddin, Fayzobod va Panjsher ko‘pchilikka ma’lum edi. “Jurnalistlar” uni Xo‘ja Bahouddinda kutishga qaror qiladi va atrofdagilarga o‘zlarini haqiqiy dindor sifatida ko‘rsata boshlaydi. Eng qizig‘i ular o‘zlarini chin dindordek tutib, Qur’ondan bosh ko‘tarmasa ham ertalab soat sakkizda uyg‘onar (musulmonlar tong soat beshda namozga uyg‘onishi kerak) va tashqariga chiqmasdi. Qolaversa, bu “jurnalistlar” o‘z asbob-uskunalariga beparvo, jurnalistik qiziquvchanlikdan juda uzoq edi. Shoh Mas’udning odamlari unga bu arablar jurnalist emasligi, qandaydir mash’um vazifa bilan kelgan dushman askarlari bo‘lishi mumkinligini aytadi. Ammo barchani o‘zi kabi o‘ylovchi qo‘mondon Qur’onga oshno inson qo‘lidan yomonlik kelmasligiga ishonadi va ularni qabul qilishga qaror qiladi. Bundan tashqari Shoh Mas’ud jurnalistlarni xush ko‘rar va ularga intervyu berishdan bosh tortmasdi. Uning dushmanlari esa aynan shundan foydalandi.

Kameraga yashirilgan bomba

Arablarga Mas’ud ularni 9-sentabr, tush paytida qabul qilishi aytiladi. Soat 12:00 da Xo‘ja Bahouddindagi Mas’udning qarorgohi — Nur uyiga kelgan “jurnalistlarni” Ahmad Shoh Mas’ud bilan birga Afg‘oniston Islom respublikasining Hindistondagi elchisi Mas’ud Haliliy, ichki ishlar vazirligi xodimi Asim hamda Shimoliy Alyansning “Muhojid xabari” gazetasi muxbiri Fahimxon kutib oladi. Ikki soqchi eshik tashqarisida qoladi. “Jurnalistlar”ni hech kim tintuv qilmaydi, chunki mehmondo‘st Ahmad Shoh Mas’ud hech qachon o‘z mehmonlarini ishonchsizlik bilan haqorat qilmagan.

12:05 da kuchli portlash ovozi eshitiladi.

Portlashdan oldin soqchilar Mas’udning “Asim u nima qilyapti?!” degan qichqirig‘ini eshitadi. Qo‘riqchilardan biri shu zahoti eshikka qarab yuguradi, ammo kuchli portlash uni ortga itarib tashlaydi. Ichkariga kirgan ikkinchi askar qo‘mondonining qonga belanib yotganini ko‘radi. Fahimxon, elchi va arab “muxbir” tirik edi. Soqchi darhol tirik qolgan xudkushni otib o‘ldiradi.

Ahmad Shoh Mas’udning dafn qilinishi

Foto: Getty Images

Bir daqiqadan so‘ng xona odamga to‘ladi. Shoh Mas’udni Panj yaqinidagi vertolyot maydonchasiga olib borishadi.

Keyinchalik Mas’udning odamlari tirik qolgan arabni so‘roq qiladi. Portlovchi modda “operator”ning qo‘lidagi kamerada bo‘lib, masofadan ishga tushirilishi kerak bo‘lgan. “Muxbir” portlashdan oldin Mas’udga faqat bitta savol beradi: “Agar siz Kobulni qayta egallab olsangiz, Usoma bin Lodin nima qilasiz?”. Boshqaruv pulti to‘satdan ishlamay qolgach “operator”ning bezovta harakatlaridan Mas’ud nimadir bo‘layotganini sezib qoladi va Asimga baqiradi. Asim darhol kamera tomon yuguradi, biroq u kech qoladi

Keyingi voqealar

Portlashdan so‘ng ham Shoh Mas’ud tirik edi, uni kechqurun Dushanbega olib kelishadi. Bu paytda tojik rasmiylari mustaqillikning 10 yilligini nishonlayotgandi, ular general bayramga keldi deb o‘yladi. Qo‘mondonni 201-diviziya gospitaliga yotqizishadi, ammo shifokorlarning harakatlariga qaramay u vafot etadi.

Sandi Gallning “Afg’oniston Napoleoni” kitobi

Foto: Amazon

Shimoliy Alyans qo‘mondonlari o‘sha kuni yig‘ilish o‘tkazadi va Mas’udning o‘limini yashirishga qaror qiladi. Chunki “Tolibon” generalning o‘limini kutib turgan, “Panjsher arsloni”ning vafoti askarlar ruhiga ta’sir o‘tkazishi mumkin edi. Biroq AQSh razvedkasi o‘sha kuniyoq generalning o‘limidan xabar topadi. Oradan ikki kun o‘tib esa Nyu-Yorkda hammaga ma’lum 11-sentabr voqealari bo‘lib o‘tadi.

Bu ikki teraktning bir-biriga bog‘liqligini hech kim inkor etmaydi va avvaldan puxta rejalashtirilgan ssenariy ekanini aytadi. AQSh hamda uning ittifoqchilari “Tolibon” va “Al-Qoida”ga qarshi kurash boshlagach Ahmad Shoh Mas’udning xoki Panjsherga olib kelib, dafn qilinadi. “Tolibon” bilan kurashda yetakchilikni general Muhammad Fahimxon qo‘liga oladi. Tez orada Afg‘onistonda Ahmad Shoh Mas’ud orzu qilgan dunyoviy hokimiyat tiklanadi va uning nomi hurmat bilan eslanadi. Bugungi kunda ham Afg‘oniston shimolida, (janubda unga ikki xil munosabatda bo‘lishadi) shubhasiz, “Panjsher arsloni” shaxsi qadrlanadi. Afg‘on generali hayoti haqida yozuvchi Sandi Gall tomonidan “Afg‘on Napoleoni”, Markela Grad muallifligida esa “Mas’ud” nomli kitoblar yozilgan.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi