Ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra Italiya oshxonasi mashhurlik bobida yetakchilik qiladi. Ushbu oshxona haqida gap ketganda barchaning ko‘z oldiga mazali pitssa va spagettilar keladi. Ammo mashhurlik hammaga ma’lumlikni bildirmaydi. Italiyada bo‘lmaganlar ushbu mamlakatdagi ovqatlanish bilan bog‘liq odatlar haqida bilmasligi yoki yanglish tushunchaga ega bo‘lishi mumkin.

Kapuchino faqat nonushtada ichiladi

Foto: Getty Images

Italiyada qahva ichish bilan bog‘liq qat’iy qoida bor. Masalan, kapuchino yoki boshqa sut qo‘shilgan qahva faqat nonushta paytida ichiladi, kafe va restoranlarda soat 11 dan keyin buyurtma berilmaydi. Yana bir qiziq ma’lumot: Italiyada kapuchino va lattega hech qachon dolchin qo‘shilmaydi.

Nonushtaga shirinlik tanovul qilinadi, tuxum yeyilmaydi

Foto: AdMe

Italiyaliklar to‘yimli nonushta qilmaydi, buning o‘rniga tongda qahva ichish hamda shirinlik, masalan, pechenye yeydi. Shuningdek, nonushtaga tuxum iste’mol qilinmaydi. Tuxum faqatgina mehmonxona va restoranlarda sayyohlarga pishirib berilishi mumkin.

Taomni faqat suv bilan iste’mol qilish mumkin

Foto: AdMe

Italiyaliklar taom bilan birga sut iste’mol qilsa, hazm tizimiga zarar yetishiga ishonadi. Shuningdek, ovqat ta’mini o‘zgartirishi bois gazlangan suv va sharbat ham ichilmaydi. Xuddi shu sabab bilan qahva ham faqat ovqatlanib bo‘lgandan keyin ichiladi. Gazlangan ichimliklarni istisno sifatida pitssa bilan iste’mol qilish mumkin.

Non dasturxonga sariyog‘dan alohida tortiladi, qolaversa, pasta ham nonsiz iste’mol qilinadi

Foto: AdMe

Yaxshi xizmat ko‘rsatiladigan restoranlarda xo‘randa buyurtma berishidan avvalroq stolga non solingan savatcha hamda sariyog‘ va pichoq qo‘yiladi. Italiyada non deyarli dasturxonga sariyog‘ surtib tortilmaydi. Ba’zida zaytun yog‘i surtilgan holda tortilishi mumkin. Shuningdek, pasta ham hech qachon non bilan yeyilmaydi.

Non bilan bog‘liq boshqa bir odat

Foto: AdMe

Italiyaliklar ovqatdan keyin tarelkada qolgan qoldiqni non bo‘lagi bilan yeb qo‘yadi. Bo‘laklarga bo‘lingan non “skarpetta” deb ataladi.

Asosiy tanovul vaqtlari orasida tamaddi qilinmaydi

Foto: Getty Images

Ovqatlanish Italiya aholisi uchun o‘ziga yarasha an’ana hisoblanadi va aynan shu bois ham asosiy tanovul vaqtlari orasida tamaddi qilinmaydi. Mashhur oshpaz Pallegrinomn Artuzining kitobida yozilishicha, tushlik va kechki ovqat orasida 7 soat vaqt bo‘lishi kerak — taomning to‘liq hazm bo‘lishi uchun aynan shuncha vaqt lozim. Shu bilan birga, italiyaliklar fikricha, tanovul mobaynida shoshilish yaramaydi. Televizor qarshisida yarimtayyor mahsulotlar va gazaklarni cho‘qilash ham italiyaliklarga xos emas. Ular ovqat pishirishga, ba’zida esa undan ham ko‘ra iste’mol qilishga ko‘proq vaqt sarflaydi.

Tushlik qat’iy tartib asosida dasturxonga tortiladigan bir necha ovqatdan iborat bo‘ladi

Foto: AdMe

Asosiy ovqatlanish paytida ham dasturxondan an’anaviy tarzda bir necha yegulik o‘rin oladi. Dastlab antipasto, keyin birinchi ovqat — pasta yoki rizotto keltiriladi. So‘ngra ikkinchi taom — go‘sht yoki baliqni garnir yo bo‘lmasa salat bilan birga yeyish mumkin. Keyin ta’bga qarab shirinlik, meva va qahva iste’mol qilinadi. Ulardan birini tanovul qilmaslik mumkin, ammo ketma-ketlikni buzish aslo mumkin emas.

Foto: AdMe

Salatga zaytun yog‘i va balzamli sirka qo‘shiladi va faqatgina ikkinchi ovqat bilan qo‘shib iste’mol qilinadi. To‘yimli taomlar bilan qo‘shib iste’mol qilingani hisobiga ham Italiya oshxonasiga mansub salatlarning deyarli bari yengil va oddiy bo‘ladi.

Insalatona — qaynatilgan tuxum, go‘sht, baliq, no‘xat va jo‘xoridan iborat bo‘ladi. Birinchi ovqatdan avval dasturxonga tortiladigan antipastoga oid bo‘lgan insalatona ba’zida to‘liq ovqatlanishni ham o‘rnini bosadi.

Baliq va dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomga hech qachon pishloq qo‘shilmaydi

Foto: AdMe

Qirg‘ichdan chiqarilgan parmezan pishlog‘ini istalgan italyancha taomga qo‘shish mumkin, deb o‘ylaganlar yanglishadi. Ushbu pishloq turi pitssa, pasta, rizottoga o‘zgacha ta’m bag‘ishlaydi, ammo hammasi sousga bog‘liq bo‘ladi.

Spagetti qiymali sharchalar yoki tovuq bilan qo‘shib iste’mol qilinmaydi

Foto: AdMe

Italiya oshxonasiga xos yozilmagan qoida bor: pasta va go‘shtni bitta likopchadan iste’mol qilmaslik kerak. Shuning uchun ham kotlet yoki qiymali sharchalar boshqa bir yegulik bilan birga yeyiladi. Shuningdek, Italiyadan asosida tovuq bo‘lgan sousli pastani deyarli topib bo‘lmaydi. Tovuq ikkinchi taom sifatida iste’mol qilinadi.

Spagetti qoshiq bilan yeyilmaydi va pichoq bilan bo‘linmaydi

Foto: AdMe

Spagettini faqat bolalargina qoshiq bilan yeyishi mumkin. Kattalar esa sanchqi ishlatgan holda iste’mol qilishi kerak. Qolaversa, ushbu taomga pichoq ishlatish shart emas. Spagetti va boshqa makaronlar bo‘kib qolmasligi uchun tuzli suvda, baland olovda qaynatiladi.

Pitssa bo‘linmaydi

Foto: AdMe

Italiyada pitssa stolga tortishdan avval bo‘laklarga bo‘linmaydi. Odatga ko‘ra, italiyaliklar kishi boshiga bittadan pitssa buyurtma qiladi. Gap shundaki, u yerda pitssalarning hajmi unchalik katta bo‘lmaydi. Nachinkasida esa kaloriya bisyor emas. Shundan kelib chiqib italiyaliklar pitssani bo‘lishishda ma’no ko‘rmaydi. Bundan tashqari pitssa kesilsa, motsarella xamir ichiga oqadi va xamir yumshab qoladi. Umuman olganda, ushbu mamlakat aholisi bir nechta odam uchun bitta taomni buyurtma bermaslikni ma’qul biladi. Bu qoida bolalarga ham taalluqli. Shirinlik va gazaklar bundan mustasno.

Menyuda pitssaga xos odatiy nomlarni uchratib bo‘lmaydi

Foto: AdMe

Dunyoning boshqa burchaklari uchun odatiy bo‘lgan pitssa nomlari italiyaliklarga begona. Masalan, go‘shtli yoki hammaga mashhur bo‘lgan peperoni u yerda yo‘q. Peperoni buyurtma qilgan sayyohga odatiy qalampir yetkazilishining ehtimoli katta. Chunki peperoni italyanchada peper, ya’ni qalampirning ko‘plik shakli hisoblanadi. Kolbasali pitssa ta’mini ta’tib ko‘rish uchun pizza al salamino, pizza diavola yoki pizza calabrese’ni so‘rash kerak.

Meva va sabzavotlar po‘sti archilgan holda iste’mol qilinadi

Foto: AdMe

Italiyaliklar boshqa mamlakatlarda po‘sti bilan iste’mol qilinadigan meva va sabzavotlar — olma, nok, shaftoli, bodringni po‘stini archib keyin iste’mol qiladi. Archilmagan meva yeyayotgan mehmon yoki sayyohga pichoq keltiriladi.

Foto: AdMe

Oilaviy tushlik (italiyaliklar oila a’zolari bilan har yakshanba kuni uchrashadi) vaqtida kimdir “Buon appetito!”, ya’ni yoqimli ishtaha demagunicha ovqatga qo‘l urish yaramaydi. Bu so‘z aytilmasidan avval hatto stakanlarga ichimlik quyilmaydi. Qolganlar tushlik qilib bo‘lmagunicha stol atrofini tark etish ham italiyaliklarga xos emas.

Bolalarni hamisha birga olib yurish mumkin

Foto: AdMe

Bolalar ushbu mamlakat aholisining jon-u dili. Shu sabab ham ular hamma yerga bolasini o‘zi bilan olib yurishi mumkin. Italiyada uyquga erta yotilmaydi, aynan shu sabab restoranlarda hatto tun yarmida ham farzandi bilan birga tashrif buyurgan xo‘randalarni uchratish mumkin.