Bokschi Bahodir Jalolov Tokio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
+91 kg vazn toifasida harakat qilgan Jalolov final bahsida amerikalik Richard Torresni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va musobaqaning oltin medaliga ega chiqdi.
Jangning birinchi raundida Torresning ustunligi kuzatildi. Biroq Bahodir ikkinchi va uchinchi raundlarda vaziyatni o‘ngladi va g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirdi.
O‘zbekistonlik bokschi yarim finalda Buyuk Britaniya vakili Freyzer Klarkk ustidan g‘alaba qozongandi. Richard Torres esa 1/2 finalda qozog‘istonlik Kamshibek Kunkabayevni taslim etgandi.
Qayd etish kerak, Jalolov uchun Richard Torres begona emas. Bu ikki bokschi 2019-yil Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tgan Jahon chempionati chorak finalida to‘qnash kelgandi. Unda Bahodir raqibini birinchi raundda chuqur nokautga uchratib, g‘alabaga erishgandi.
Shu tariqa o‘zbekistonlik sportchilarning Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki yakunlandi. O‘zbekiston vakillari musobaqada umumiy hisobda 5 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bungacha Ulug‘bek Rashidov (taekvondo) va Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika) oltin, Davlat Bobonov (dzyudo) hamda Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash) esa bronza medaliga ega chiqqandi
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov 1994-yilning 8-iyulida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Bahodir uch karra Osiyo va bir karra Jahon chempioni hisoblanadi. U 2016-yilda Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada chorak finalga qadar yetib borgandi. Shuningdek, Bahodir professional boksda ham faoliyat olib boradi. Hozirgacha u 8 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.
Izoh (0)