O‘zbekiston Davlat test markazining rasmiy veb-saytiga 2021/2022-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari o‘tkaziladigan stadion va xiyobonlar bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unda har bir viloyatda test imtihonlari o‘tkaziladigan hududlar bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar joylashtirilgan:

  • stadion yoki xiyobonning rasmi;
  • hududga kirish joylari;
  • stadion yoki xiyobon nomi;
  • stadion yoki xiyobon manzili;
  • sektor raqami;
  • test topshiradigan guruhlar;
  • stadion yoki xiyobonning Google xaritadagi geolokatsiyasi.

Xususan, Toshkent shahrida OTMlarga kirish imtihonlari “Paxtakor” va “Bunyodkor” stadionlari, shuningdek, “G‘alaba” va “Botanika” bog‘larida bo‘lib o‘tadi.

Bundan avval O‘zbekistonda OTMga kirishda eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar abituriyent uchun Prezident granti joriy etilgani, O‘zbekiston OTMlari uchun qabul kvotalar to‘liq tasdiqlanib, endi DTM saytida yo‘nalishlarni tanlash mumkinligi hamda Davlat test markazi kirish imtihonlarini o‘tkazishdagi yangiliklar haqida ma’lumot bergani haqida xabar qilingandi.