Navoiy aeroportida xorijdan yuborilgan jo‘natma ichidan chiqqan taqiqlangan kitoblar bojxonadan o‘tkazilmadi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: O‘zA

“Navoiy aeroporti” chegara bojxona posti orqali Turkiya davlatidan Navoiyga aviareys bilan olib kelingan kuryerlik jo‘natmalari bojxona xodimlari, yuk egasi hamda xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik davomida 4 ta karton qutidagi tovarlar sinchiklab tekshirilganda, 26 dona diniy mazmundagi kitoblar borligi aniqlandi.

Ushbu kitoblar O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 19-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlar nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va belgilangan nizom talablari asosida o‘rganilganda taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatiga kirishi tasdiqlandi.

Hozirda ushbu kitoblar dalolatnoma asosida vaqtincha saqlovga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan avval Navoiyda XIX asrga tegishli tanga va qog‘oz kupyuralarni xorijga olib chiqib ketayotgan shaxslar aniqlangani, Namanganda fuqaroning buyumlari orasidan qiymati 400 mln so‘mlik tilla va tilla kukunlari topilgani hamda Buxorodagi bojxona postida 701 mln so‘mlik noqonuniy tovarlar aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.