O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov o‘zining Twitter’dagi sahifasida (ijtimoiy tarmoqqa ulanish iyul boshidan cheklangan) yaqinda ishga tushirilgan “Ochiq budjet” portali haqida ma’lumot berib, fuqarolarni uning “Tashabbusli budjet” bo‘limidan faolroq foydalanishga chaqirdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaffoflik islohotlarni ilgari suruvchi asosiy tamoyillardan biridir. Yangi talqindagi “Ochiq budjet” portali mablag‘larning sarflanishi ustidan nafaqat parlament va jamoatchilik nazoratini, balki fuqarolarning budjet mablag‘lari ishlatilishidagi ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.

Vazir fuqarolarning jamiyat uchun hududlardagi xayrli va dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda ushbu portal munosib xizmat qilishiga umid bildirgan.

“Yoshlar, faollar! Yashab turgan shahringiz yoki mahallangizni obodonlashtirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor? Fikrlaringizni do‘stlaringiz va qo‘shnilaringiz qo‘llab-quvvatlaydimi? Loyihangizni ‘Tashabbusli budjet’ orqali amalga oshiring!” — deb yozadi Timur Ishmetov.

U shu paytga qadar portalga 8000 dan ortiq murojaat kelib tushgani va ularni hal qilishga 157 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ yo‘naltirilganini ma’lum qildi.

“Yechim topish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda sizning ovoz va takliflaringiz muhimdir. Bir misol bilan bo‘lishsam, Sirdaryo viloyati Guliston tumani ‘Do‘stlik’ mahallasi aholisi suvsizlikdan qiynalar edi. Mahalla faollari portalga o‘z tashabbuslarini yozib qoldirdilar va ushbu taklif eng ko‘p ovoz to‘pladi. Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ evaziga suv ta’minoti yo‘lga qo‘yildi”, — deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni O‘zbekiston Moliya vazirligi yangilangan “Ochiq budjet” portalini ishga tushirgan, u yerda davlat budjeti, davlat qarzi haqida ma’lumot e’lon qilinadi va “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilgan. Hozircha sayt test rejimida ishlamoqda.