Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishontirishicha, Rossiya tomoni “Tolibon” guruhi pozitsiyalarining kuchayishi fonida Afg‘onistonga qo‘shin kiritishni rejalashtirmayapti. Bu haqda u “Interfaks”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: “TASS”

“Afg‘oniston hududi bo‘ylab qandaydir mahalliy zarbalar haqida hech kim gapirgani yo‘q, Afg‘onistonga bostirib kirish esa hech kimning xayoliga ham kelgani yo‘q. Siz bizni amerikaliklar bilan yoki biz sovet davridan ‘olib kelgan’ tajriba bilan adashtiryapsiz”, — deya aniqlik kiritdi Lavrov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya TIV boshqa mamlakatlarning xavfsizligi ularning milliy mafkura doirasidagi ichki kelishuvlari tomonidan ta’minlanishi kerak, degan fikrda.

Shuningdek, Lavrov ma’lum qilishicha, Rossiya AQShga Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan o‘zining Tojikiston va Qirg‘izistondagi bazalaridan foydalanishni taklif qilmagan.

Moskva Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealar haqida mintaqadagi bazalari orqali olinayotgan ma’lumotlarni ushbu mamlakatda joylashgan bazalardan yuborilayotgan axborot bilan ayirboshlashga tayyor.

“Kollektiv xavfsizlik haqidagi shartnoma tashkilotining kollektiv javob kuchlarining bir qismi bo‘lgan bazalarga qanday qilib amerikaliklarni taklif qilishimiz mumkin?… Bitta tomon 28 ta uchun qabul qiladigan bir vaziyatda biz o‘zimizni majburiyatlarimizga muvofiq tutamiz. Kollektiv xavfsizlik haqidagi shartnoma tashkiloti kuchlarining bir qismi bo‘lgan bazaga ittifoqdoshlarimizni xabardor qilmasdan hech kimni taklif eta olmaymiz”, — dedi Lavrov.

Shu bilan birga, vazir qayd etishicha, Moskva “Afg‘oniston bo‘yicha Rossiya—Xitoy—AQSh ‘uchligi’, Pokiston ham qo‘shilgan holatdagi ‘kengaytirilgan uchlik’ hamda boshqa formatlarda aloqalarni davom ettirish doirasida Afg‘oniston yeridagi haqiqiy vaziyat to‘g‘risida ma’lumot almashish va vaziyat tinchlanishiga ko‘maklashishga tayyor”.

Avvalroq Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Tojikistondagi harbiy bazasidan foydalanishga tayyorligini bildirgandi. 20-iyul kuni esa Rossiya Afg‘oniston chegarasiga harbiy texnikasini joylashtirdi.

Rossiya tanklari poligonda 5—10-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun yetib kelgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya va Tojikiston harbiy xizmatchilaridan tashqari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ham ishtirok etadi.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida o‘tkazilmoqda.

Afg‘oniston hukumati kuchlari va “Tolibon” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagach kuchaydi.

Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29-aprelda boshlangan, AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.

GermaniyaItaliya va Avstraliya esa Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunladi.