Sobiq MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev avtohalokatga uchrab vafot etdi.

Foto: Instagram

Bu haqda Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov xabar berdi. O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev 19-iyul, dushanba kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘z boshqaruvidagi “BMW X5” avtomashinasida avtohalokatga uchrab, vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati to‘liq ma’lumot berdi.

“2021-yilning 19-iyul kuni soat 11:30 larda, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan “Lacetti” hamda “BMW X5” rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida “BMW X5” rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Natijada, “BMW X5” rusumli avtomobil haydovchisi, 1987-yilda tug‘ilgan M.X. voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Foto: YHXBB

Ma’lumot uchun, “Osiyo ayig‘i” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Xonto‘rayev 1987-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. MMA’dagi professional faoliyatini 2013-yilda boshlagan Murod Xonto‘rayev jami 15 ta jang o‘tkazib, ularning 12 tasida g‘alaba qozongan, uchta jangda mag‘lub bo‘lgan, yana bitta jang natijasi bekor qilingan.

Xonto‘rayev 2018-yil 21-iyunga o‘tar kechasi Yunusobod tumanidagi tungi klublardan birida yuzaga kelgan tartibsizlikda ishtirok etgani uchun hibsga olingan va sud hukmiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining (172 240 so‘m hisobida) 94 barobari — 16 190 560 so‘m miqdorida jarimaga tortilgandi.  O‘sha yilning noyabr oyida Xonto‘rayev o‘z ofisida pichoqlab ketilgandi. Hozirga qadar Xonto‘rayev O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgandi.