Toshkent viloyatidagi “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonasida “Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqarilishi mumkin. Bu haqda Zuma-Pharma MChJ farmatsevtika korxonasining sifat nazorati bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Ilhom Saburov “O‘zbekiston 24” telekanaliga ma’lum qildi.

“Shpritslarda ishlab chiqariladigan dori vositalari liniyasida inaktivirovanniy vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz, ya’ni koronavirusga qarshi ‘Sputnik V’ vaksinasini ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi. Agarda loyihamiz ishga tushsa, yiliga 18 million dona vaksina ishlab chiqarish imkoniyati bo‘ladi”, — degan u.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarish maydoni va xalqaro standartlarga javob beradigan sinov laboratoriyasi tashkil etilishi belgilangan.

2021-yilning may oyida Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga kelishib olganini ma’lum qilgandi. Vazir O‘zbekiston tomoni hozirda Rossiya vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan hududni tanlab bo‘lgani, loyiha ustida ishlar olib borilayotganini bildirgan.

O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ommaviy qo‘llash jarayoniga 17-fevral kuni ruxsat berilgan. 5-iyul kuni O‘zbekistonga Rossiyadan “Sputnik V” vaksinasining navbatdagi 40 ming dozali 1-komponenti olib kelindi. 1-iyun kuni ushbu vaksinaning 70 ming dozali 1-komponenti, 10-iyunda 70 ming dozali 2-komponenti, aprel oyida esa ushbu vaksinaning 100 ming dozasi keltirilgandi (uning 50 ming dozasi 1-komponent, 50 ming dozasi 2-komponent).

Shunday qilib, mamlakatdagi “Sputnik V” vaksinasi zaxirasi 280 ming dozaga yetdi. Yaqin kunlarda vaksinaning navbatdagi 40 ming dozalik 2-komponenti olib kelinishi kutilmoqda.