Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Ayolning o‘rni qayerda? Ilm-fan yo‘lini tanlagan ayol oldida qanday to‘siq, majburiyat, imkoniyatlar bor? Mas’uliyat qaysi jins vakilining yelkasiga ko‘proq tushadi? Ayol faqat ro‘zg‘or tashvishi va kundalik yumushlar bajarish uchungina yashaydimi? Bu savollarga tilshunos, tadqiqotchi, Janubiy Koreyadagi Kemyong universiteti kichik ilmiy xodimi Dilfuza Abbosova bilan imkon qadar javob izlaymiz.

Foto: Dilfuza Abbosovaning shaxsiy arxividan

Foto: Dilfuza Abbosovaning shaxsiy arxividan

– Kimningdir turtkisi, maslahati, tavsiya yoki daldasi ko‘pincha muayyan kasbni tanlashga yo‘l ochadi. Koreys tili mutaxassisi, tilshunos bo‘lishingizga sabab nima?

– Toshkentdagi 144-maktabda o‘qiganman. Maktabimizda negadir o‘sha paytlari hind tili o‘qitilardi. 1-sinfdan hindchani o‘rganganimiz uchunmi xorijiy tillarga muhabbat o‘shandan boshlangan-ov. Hindlar ko‘p mehmonga kelardi, o‘yinlar o‘ynardik, tadbirlar o‘tkazardik. Koreys tilini Sharqshunoslik instituti (u paytlari institut edi) qoshidagi litseyda o‘rganganman. Adashmasam, 1997-yili televizorda “Qalbim chechagi” seriali berilardi. Ekranga mixlanib, koreyslar hayotini hayratimiz oshib, keyingi qismlarini intiq kutardik. “Koreyslar shunday chiroyli ekanmi? Shunaqa yasharkanmi?” derdik. Madaniyati bo‘lakchaligi qiziq tuyulardi. Qarang, serial orqali o‘zga millatlarni madaniyat, til, an’analarga qanday qiziqtirish mumkin! Menam shunday qiziqqanlar orasidan chiqqanman...

– Koreyaga ketish va tadqiqot qilish oson tanlov va ish emas. Ketish qarori, jarayoni qanday bo‘lgan?

– Ketish hozir ancha osondir, lekin olti-yetti yil avval sal qiyin edi. Koreyaga ketmasimdan avval Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida 8 yil ishladim. Talabalik yillarim va ish payti Koreyaga bir necha marta qisqa muddatli o‘quv kurslari, mavsumiy lager, tanlovlarga borib-kelardim-u, uzoq muddat yashash, grant yutib ketishga negadir omadim chopmasdi. Juda ko‘p grant dasturlariga ariza topshirar, har safar o‘tolmaganimni eshitib, umidlarim o‘lardi.

2007–2008-yili qisqa muddatga borganimni aytmasa, uzoq vaqtga ketishga “navbat” kelmasdi. Oxiri, 2014-yili sinxron tarjimonlik bo‘yicha malaka oshirishga universitetdagi professor o‘qituvchilar bilan birga jo‘nadim. Bu safarim yo‘limni ochdi. Koreys tili ta’limi mutaxassisi, professor xonim Kim Son Jong bilan tanishdim. Ma’ruzasini eshitib, mahliyo bo‘lganman. Negadir shu xonimning qo‘lida ilmiy ish boshlagim keldi. Anjuman tugagach, muallimani holi uchratib, niyatimni aytdim. Xursand bo‘ldi. O‘zaro tashrif qog‘ozlarimizni almashdik. Ortimga qaytib, yana grantlarga topshiraverdim. Lekin men kutgan omad hadeganda kelavermas, ketish “ishq”iga kul tortilaverardi.

Oradan bir yilcha o‘tib, uyimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Koreyada tanishgan olima xonim Kim Son Jong gapiryapti. Xursand bo‘lib ketdim. Toshkentga kelgan ekan. Ko‘rishmaymizmi, dedi. Shosha-pisha bordim. Ancha suhbatlashdik. Gap oxirida ilmiy ish qilish-qilmasligimni so‘radi. Yo‘q, dedim. Oila, ikki bola, qaynona-qaynotadan ortib, qanday qilaman? Yana Koreyada yashash, o‘qishning o‘zi bo‘ladimi? Xarajatlariga imkonim yetmaydi, dedim hafsalasiz. “Yo‘q, shu safar, yana bir marta, oxirgi marta urinib ko‘r!”, – deya qurigan umidlarimni tiriltirdi. “Mayli, shu safar harakat qilay-chi! Bu ayolning ham gapini yerda qoldirmay...” – deb yana qaytadan grant izlab, hujjatlarimni topshirdim. Omadim kelib, Janubiy Koreya Respublikasi taqdim etadigan GKS grantiga ega chiqdim – hamma xarajatlarim qoplab berildi, stipendiya ajratildi.

O‘ylantiradigani – oila a’zolarimni ko‘ndirish bo‘ldi. Hozirgacha onam va qaynonamga – qarorimni to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlagan shu ikki mo‘tabar insonga rahmat aytaman. O‘g‘illarimni qaynona-qaynota qaramog‘iga qoldirib, jo‘nab ketdim. Turmush o‘rtog‘im oradan sal o‘tib, ortimdan bordi. Agar oila a’zolarim ko‘magi, suyanchi bo‘lmaganda hozirgi yutuqlarimga erisholmagan bo‘larmidim...

– Koreyslarning juda ko‘p odat, tartibiga havas qilamiz. Talabchanlik va o‘z ishini puxta bajarish qoidasi ular uchun baridan ustun. Bir qancha “koreyscha qoida”larga ko‘nib, ilmiy ish qilish, yoqlash qiyin bo‘lmadimi?

– Birinchi yil og‘ir o‘tdi. Bolalarimni sog‘inib, anchagacha o‘zimga kelolmaganman. Lekin o‘qish boshlangach, sog‘inch tafti ancha pasaygan. Koreyada, umuman, xorijda ilm qilish – o‘zingni sinovlari ko‘p maydonga otish degani. Oxirida mukofoti shirin bo‘ladi. Kemyong universitetida “O‘zbek tilidan koreys tiliga tarjimada qo‘shma gaplarni berishning o‘ziga xosliklari” mavzusida besh yil izlandim.

Koreyada PhD darajasini olish O‘zbekistonnikidan farq qiladi va jarayon juda qiyin. Har qaysi nomzod avval ikki yillik ta’lim dasturini o‘zlashtirishi, o‘qishi kerak. Ikki yildan keyin dissertatsiya yozasiz. Lekin bizdan farqli sizdan dissertatsiyani 3 yil ichida yozib, topshirishingiz, himoya qilishingiz so‘ralmaydi. Tanlangan ishning qiyin-yengilligiga qarab, muddat beriladi. Ayrimlar o‘n yillab ham ishini tugatolmaydi. Agar siz 3 yilda yozib qo‘ysangiz siz – yo daho, yo ko‘chirmachisiz. 3 yilda tadqiqot ishini bitirishni tasavvuriga sig‘dirolmaydi ular.

Tadqiqotchi uchun ko‘proq uning rahbari – professor javob beradi. Hatto ayrimlari yonidan pul to‘lab, shogirdini olib qolishga, laboratoriyasida birga ishlashga ko‘ndiradi, stipendiyalar beradi. Keyinchalik universitetda muallimlik qilishiga oq yo‘l tilab, tavsiyanoma yozib beradi. Bu juda muhim. Tavsiyanomasiz sizni ishga olishlari qiyin.

2015-yili el qatori ikki yillik o‘qishni boshladim. Boshida o‘qish va besh yilga cho‘ziladigan ish sochlarimni oqartiradigan darajada og‘irligini bilmagandim. Orada bolalarimni chaqirtirib, bir yilcha birga yashadik. Lekin o‘qish qiyinligi, qiladigan yumushlarim ko‘pligi uchun ularni uyga – Toshkentga qaytardim. Uyqusiz tunlar, kutubxona, laboratoriyalardagi o‘qish-o‘rganishlar, tadqiqot uchun so‘rovnoma o‘tkazish, izlanishdan to‘xtamaslik – hammasi gapirganda oson, bajarilganda qiyindan qiyin. Yillar o‘tgani sari tadqiqotim murakkablashib borar, hatto, bir marta ustozimga “Bo‘ldi, shu yerda to‘xtataman! Ilm qilish menga emas, shekilli...” dedim sabrim tugab. “Shuncha joygacha kelish oson emas. Bir qadam qolganda orqaga yurish – ojizlar ishi. Bitta qadam tashla, bo‘ldi!” deya professor xonim Kim Son Jong yana jonimga ora kirdi.

Axiyri, shu yili ishimni tugatdim, himoya qildim. O‘zbekcha aytganda “besh”ga yoqladim. Tanlagan mavzuyim hali ko‘pchilikka noma’lum. Tilshunoslikdagi bir bo‘lakni olib, obdon o‘rgandim. Tadqiqotim tarjima, so‘zlashuv jarayonida asqatsa xursand bo‘laman.

– Ilmiy ish, dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talab ham boshqacha bo‘lishi tabiiy. Tadqiqotchidan mas’uliyatdan tashqari yana nimalar so‘raladi? Ilmiy ishning originalligi nima bilan belgilanadi?

– Koreyada tadqiqotchiga faloncha maqola chiqarasan, falon-falon jurnallarda ko‘rinishing shart, degan bema’ni talablar qo‘yilmaydi. 3 yoki 5 ta maqola chiqarib qo‘ying – tamom. Keyin faqat asosiy ishingizni qilaverasiz. Konferensiyalarda qatnashib, anjumanlarda faol bo‘lsangiz ham yetarli. O‘zbekistonda 20 tacha maqola chiqarish kerak deb eshitdim. Bu yerda eng avval o‘quv rejangiz bilan qiziqishadi. Nima qilmoqchisiz, deb so‘raladi. Koreys tili ta’limi bilan shug‘ullanayotganlarga ishingni tanitgin deyishadi.

Koreyslardagi 3 jihat:– qanday ish yuklatilmasin, vazifani sifatli bajarish, imkon qadar kamchiliksiz tugatish;– mas’uliyat;– punktuallikni juda hurmat qilaman.

O‘zim ham shunday bo‘lishga, kimdir ish tayinladimi, ortig‘i bilan bajarishga o‘rgandim. Bu ularning qoniga singib ketgan. Hech kimga malol kelmaydi, aksincha, kimdir nolisa, kamchilikka, nuqsonga yo‘yishadi. Professoringiz sizga “Soat to‘qqizda kel ertaga!” desa, siz yarim soat yoki o‘n besh daqiqa oldin yetib kelishingiz, “Yuz bet o‘qib kel!” desa, ikki yuz bet o‘qib kelishingiz shart. Shunday! Buni birov aytmaydi. Hamma amalda ko‘rsatadi. Bir-biriga shunday namuna bo‘ladi. Og‘iz ko‘pirtirish, faqat va’da, berib, “xo‘p-xo‘p” deyish ularga begona.

Ilmiy ishlar originalligiga kelsak, Janubiy Koreyada olimlar dissertatsiyasi, tadqiqotchining ilmiy ishi joylanadigan “riss.kr” degan mashhur sayt bor. Shu saytga qo‘yilgan ish – original, boshqa nusxasi yo‘q degani. Sayt nufuzi juda baland. Koreyadagi jamiki izlanuvchining ishi shu yerga jamlanadi. Lekin hammaniki ham emas. Ayrim dissertatsiyalarni to‘liq o‘qishga ruxsat yo‘q. Ishi noyobligi uchun muallif yopiq holda turishini xohlaydi. Lekin mana shu yopiq ish sizga kerak bo‘lsa, ko‘rsatilgan universitetga murojaat qilib, ruxsat olish mumkin.

Yana bir qattiq qoralanadigan ish – plagiatorlik. Universitetlarning ichki antiplagiat darajasi bor. Qay biri 20 % qo‘yadi, ba’zisi bundan ham kam yo ko‘p. Plagiatorlik aniqlangan ishlar avtomatik bekor qilinadi. Hatto, tadqiqotchi ustozining unvon, darajasi ham bekor qilinishi mumkin.

– Bilishimcha, professor reytingi degan tushuncha bor. Bu qanday aniqlanadi? O‘qituvchi ishga olinayotganda qandaydir mezonlarga qaraladimi?

– Reyting – bu professorning ishda qolish-qolmasligi. Buni talabalar belgilaydi. Kimning qanday dars o‘tishi, pedagoglik mahorati, metodlariga bahoni na oliy ta’lim vazirligi, na universitet rahbariyati beradi. Talabalarning bahosi “gapiradi”. Professor shu reytingda kam ovoz to‘plasa, o‘z-o‘zidan ishdan ketadi. Shuning uchunam professor na o‘zi tinadi, na talabasini tindiradi. Kun-tun o‘qiydi, izlanadi, to‘xtab qolish ular uchun fojia. Kutubxonasi, laboratoriyasida sutkalarni o‘tkazadi. Universitetlarda qator imtiyozlar bor. Professor eng kerakli kadr bo‘lgani uchun uy, mashinagacha ta’minlanadi.

– Gumanitar fanlar doirasida ilmiy ish qilayotganda uning natijasi hadeganda bilinmaydi. Lekin bizda ko‘pincha ayrim ishlar, negadir, qog‘ozda qolib ketayotgandek. Amaliyotga olib chiqishda, samarasini ko‘rishda shoshilmaymiz. Nega shundayligini bilgim keladi.

– Javob juda oddiy: so‘rovnoma o‘tkazish kerak! Bu yerda kimdir kitob yozmoqchi bo‘lsa, shunchaki, “Keling, kitob yozamiz!”, deyishmaydi. Oldin “riss.kr” saytiga kirasan. 5 yil ichidagi so‘rovnomasi bor maqolalarni olasan, erinmay o‘rganib chiqasan, hijjalab o‘qiysan, deyishadi. Keyin ikki viloyat talabalariga dars o‘tib, natijani kuzatishadi. Agar ikkala viloyatdagi talabalar mavzuni teng o‘zlashtirsa, demak, ularga bir xil kitobni yozish kerak ekan, deyishadi. Natija o‘xshamasa, ko‘proq grammatika va boshqa jihatlariga qarab tayyorlanadi. Bugun nazariy kitoblarni xohlashmayapti. Amaliyotga, hayotga bog‘langanini qadrlab, talab etishyapti. Shunday ishlarni ko‘tarib borsangiz: “Biz buni bilamiz. Mana, internetda aytib qo‘ygan. Qani, amaliy tarafi? Sen bizga bugungi holatni ko‘rsatgin!” deb albatta qaytarishadi. Nazariy ish qilaman, desangiz, yo‘q, yaxshisi uyingga – O‘zbekistonga borib so‘rovnoma o‘tkaz, deyishadi.

Dissertatsiya yozish asnosi o‘zbekcha manbalar topishga qiynaldim. O‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha qilingan dissertatsiyalarning elektron variantini topolmadim. Ishim bevosita o‘zbek tilidagi adabiyotlarga ham bog‘liq. Koreys tilida manba juda ko‘p. Nimaga faqat koreyslarning tadqiqotini yozgansan, o‘zbeklarniki yo‘qmi, deb so‘raydi ustozim. O‘zbekistonniki bor, faqat kitob qilib chiqarishgan, deb aytishga uyaldim ham.

Gumanitar soha yoki ta’limda natija bo‘lishi uchun tadqiqotlarni pedagogika institutlari olib borishi kerak. To‘g‘rimi? Magistratura, doktoranturada o‘qiyotgan talabalarga shunday mavzu berish kerakki, maktabni rivojlantiradigan tadqiqotlar olib borishsin. Shunda ta’lim rivojlanadi. Bizda ko‘proq nazariyaga bog‘lanib qolishgan. 1 ta yoki 10 ta kitob olib, unisi-bunisidan parchalar yulib, tadqiqot ishini yozib qo‘yishadi. Bo‘ldi, dissertatsiya tayyor! Qani, amaliyot, hayotga bog‘liqlik tarafi, degingiz keladi.

Sharqshunoslik, jahon tillaridan talabalarim menga chiqib: “Ustoz, qanday mavzuda ish qilsam ekan?” deb so‘rashadi. “So‘rovnoma qiling!” desam, “Qanday qilib?!” deb eski zamon odamidek qarashadi. Hoy, baraka topkur, hamma gap so‘rovnomadan chiqib keladi. Jarayon qiziq bo‘ladi. Birovning kitobidan ko‘ra so‘rovnomada ko‘p savollar ochiqlanadi. 10 yil oldingi nazariy bilim hozirgi zamon talabiga javob bermayapti, axir.

– Gapimiz ta’lim mavzusiga burilgan ekan, koreys ta’limi va yutuqlarini e’tirof etmay iloj yo‘q. O‘rgansa arzigulik tomonlari juda ko‘p-u, ammo havas qilib o‘tib ketaverish ham yomon-a?

– Shunday. Namuna qilib olgulik taraflari ko‘pligidan qaysi birini aytishni bilmayapman. Masalan, Koreyada boshlang‘ich sinflarga (1–6-sinf) uy vazifasi berilmaydi. Hamma topshiriq maktabda bajariladi. Daftar-kitobni tashlab ketadi. Ota-onalar ertalabdan kechgacha ishlagani uchun uyda bolasi bilan shug‘ullanolmaydi. Bu yerda qandaydir qoida, qonun chiqarishdan oldin tadqiqot o‘tkaziladi. So‘rovnoma, anketalar to‘ldirib, vaziyat o‘rganiladi. Muammolarning ko‘pi shu yo‘l bilan ochiqlanib, to‘g‘rilanadi. Ota-onalarning bolalariga vaqt ajratolmasligi, darsini birga qilolmasligi ham shunday so‘rovnomalarda bilingan.

Eng qizig‘i, maktablarda farrosh deyarli yo‘q. Har bir bolaning o‘ziga tegishli kichkina hokandozchasi va cho‘tkasi bo‘ladi. Darsini tamomlagach, partasi va oyog‘ining tagini supurib, tozalab, chiqindisini maxsus joyga tashlab, keyin ketadi. Tarbiyaning eng samarali yo‘li – birovlarning mehnatini qadrlashni o‘rganish. Maktablarda sinf reytingi past chiqsa ham darrov o‘qituvchini ayblab, hayfsan berilmaydi. Avval vaziyatni o‘rganishadi. O‘qituvchi bir yillik fikrlarini yozib, shunchaki “yaxshi o‘qitolmadim”, demaydi. Bolalarning darslikni o‘rganishda qiynalgan joyi, munosabati, darsni o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklarini batafsil izohlaydi va takliflarini aytadi. So‘ng muhokama uchun internetga qo‘yiladi. Mutasaddilar shu yerdan kam-ko‘stni bilvolib, muammoni to‘g‘rilashadi.

Kitob, darsliklar ham shunday uslubda o‘zgartirilib, yangilanadi. Bunda ko‘pincha o‘qituvchilardan yordam so‘raladi. Masalan, o‘qituvchi ta’lim vazirligi chiqargan kitob bo‘yicha dars o‘tsa-yu, bola buni tushunmasa, qiynalsa yoki umuman aqli yetmasa, bolalar qiynalgan mavzuni belgilab, hammasini batafsil qog‘ozga tushiradi. Kimning qanday reaksiyasi bo‘lganini erinmay qoralaydi va ta’lim vazirligiga topshiradi. Ekspertlar bunday takliflarni o‘rganib, darslik yangilanish paytida hammasini inobatga olishadi. Masalan, 5 yil davomida bolalarning eshitib o‘rganish darajasi yuqori edi, lekin o‘qish past edi. Endi teskarisi kuzatilyapti, nega, deb savollar qo‘yishadi. Darslar tahlil qilinadi. Doimiy nazorat bo‘ladi. Oddiy o‘qituvchi ham taklifini bemalol ayta oladi tegishli tashkilotga.

– Oxirgi paytlari ta’limda o‘qituvchini aybdor ko‘rsatish, bebosh o‘quvchini jazolaganni ko‘pincha ishdan bo‘shatish holatlari ko‘paymoqda. Ayrim o‘quvchilarning ota-onasi, aka-opasi o‘qituvchiga qo‘l ko‘tarib, tan jarohati yetkazishgacha boryapti. Koreyada o‘qituvchi-o‘quvchi munosabati, muomalasi haqida gaplashsak.

– Bolaga shaxs deb qaraydi, bolaga go‘dak deb emas. O‘qituvchi o‘quvchisi bilan xuddi o‘zining bolasidek muomala qiladi. “Sen yaxshisan. Rahmat, maktabga kelganing uchun! Kech qolmagin, xo‘p. Eng aqllisi o‘zingsan. Senga ishonaman. Ishonchimni oqlagin-a! Mayli, bugun kech qolibsan. Mayli, boshqa bunday qilma. Ertaga seni mana bu paytda kutaman, xo‘p”, deydi. Keyin boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari har kuni ertalab navbati bilan galma-gal katta yo‘lda navbatchi bo‘ladi. Chorrahaning to‘rt tarafida ota-onalar turib, dars boshlangunicha bolalarni yo‘ldan o‘tkazib qo‘yadi. Men o‘z xohishim bilan haftada 1-marta chiqib navbatchilik qilardim. Ertalab maktab direktori darvoza oldida bolalarni kutib turadi. Shaxsan o‘zi. Keyin barvaqt kelgan bolalarni rag‘batlantirish uchun qo‘liga nakleyka beradi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, koreys xalqida kalsiy yetishmovchiligi ko‘p uchrarkan. Iqlimi, havosi shunday kasallikni zo‘raytirgan. Shuning uchun bolalarga har kuni maktabda sut beriladi. Ta’tilga chiqqanida ham ikki oylik suti (60 ta)ni uyingizga eltishadi. Hammasi bepul. Sutni yomon ko‘radiganlarga maxsus shirin sutlar, kalsiyga boy yogurtlar ishlab chiqariladi. Bolalarga ham yoshligidan o‘rgatishadi. Uyda ichmasayam, albatta, maktabda ichadi.

Bolalar ovqatini shifokor nazorat qiladi. Maktab oshxonasiga kelib, ovqatni yeydi, sanitariya-gigiyena qoidalarini tekshiradi, keyin ruxsat beradi. Balki bunday e’tibor bolalar sonining kamligi, tug‘ilish darajasining pasayotgani bilan bog‘liqdir. Yana kim bilsin...

Ta’lim majburiy. Koreya respublikasida yashayotgan (hujjati bormi-yo‘qmi, muhojirmi yoki muqim boshpanasiz – farqi yo‘q) bolalar maktabga borishi shart. Shaxsiy ma’lumotlari ochiqlanmaydi. Niyat – bola ko‘chada yurmasin, bekor yurmasin. Hujjati bo‘lmasa ham maktabga oladi.

– Ilmiy sohada ayollar soni har doim kam bo‘ladi. Bir qancha omillar: uy-joy, ro‘zg‘or ishlari, bola tug‘ish-boqish, o‘zbekchilik, bosimlar yoki tushunmaslik ayolning shashtini sindiradi, ilmga rag‘batini susaytiradi. Ilm uchun oiladan voz kechishga hammaning ham yuragi betlamaydi. Siz o‘qigan-ishlagan universitetda holat qanday? Ayol tadqiqotchilarga qandaydir imtiyozlar bormi?

– Yo‘q, hech qanday imtiyoz yo‘q. Ayol va erkak tadqiqotchilar soni baravar. Ikki jinsdan ham bir xil talab qo‘yilib, bir xil natija so‘raladi. Erkaklarning ko‘pi oilali. Lekin aksar ayollar ajrashgan yo turmush qurmagan. “Men bittasini eplashim kerak!” deb ilmni tanlagan ayollar ancha. Ammo bundan afsuslanishadiyam ba’zan. Menimcha, oiladan voz kechish ayol kishiga minus qaror. Har bir ayolning oilasi bo‘lishi kerak. Menam bu yerga kelguncha ikki farzandning onasi, rafiqa va kelin edim. Oila a’zolarimga vaziyatni to‘g‘ri tushuntira bilganman, deyman hozirgacha. Qaynonam ham men taraf bo‘lganlar. “Nevaralarim va ularning kelajagi uchun foyda. Uyni eplasa bo‘ladi, ro‘zg‘orni amallash mumkin, ilm qilish qiyin” – deb qo‘llaganlar.

– Kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz? Yana uzoq muddatga Koreyaga jo‘nab ketish arafasidasiz... Qaytib kelish niyati bormi?

– Kelajagimni O‘zbekiston ta’limi rivojiga bog‘layman ko‘pincha. Agar oliy ta’lim vaziri imkon bersa, O‘zbekistonda koreys tili, umuman, chet tillari ta’limini rivojlantirishga hissamni qo‘shgan bo‘lardim. Lekin afsuski, yaqinda takliflarimni ko‘tarib, vazirlikka borganimda, vazir safarda ekanligi sababli uchrasholmay qaytdim. Mayli, vaqti kelsa aytarman ham. Kelajagimni yurtimizda chet tili ta’limini rivojlantirayotgan ustoz sifatida ko‘rgim keladi. Uzoq yillarga rejalashtirgan ishlarim ko‘p. Orzularim ham ko‘p. Ularni amalga oshirish yo‘lidaman.

Charos Nizomiddinova suhbatlashdi

Malumot uchun:

Dilfuza Abbosova, 37 yoshToshkent shahrida tug‘ilgan;Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti Uzoq Sharq va Janubiy Osiyo tillari fakultetini tamomlagan;Janubiy Koreyaning Kemyong universitetida tahsil olgan;Koreys tili va madaniyati ta’limi mutaxassisi;Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD);Yodju institutida dotsent;Oilali, ikki o‘g‘ilning onasi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
“Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak” — Vladimir Norov
Mahalliy
Foto: Dubay—Namangan—Dubay yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi