1942-yil 7-iyun Liviya poytaxti Tripoli shahri yaqinida badaviy oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keladi. Bu yigit keyinchalik nafaqat yurti, balki butun Afrika tarixida katta iz qoldirdi. “Daryo” Liviya lideri Muammar Kaddafi hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Yoshlik yillari

Muammar Kaddafi 1942-yil 7-iyun kuni Liviyaning Sirt shahri yaqinidagi Qasri Abu-Hodiy qishlog‘ida, arablashgan badaviy barbar oilasida dunyoga keladi. Muammar oltinchi farzand bo‘lib, oiladagi yagona o‘g‘il edi. Uning otasi ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullangan. To‘qqiz yoshida maktabga qatnashni boshlagan Muammar keyinchalik maktabni uch bor o‘zgartirdi. Sababi uning oilasi ko‘chmanchi hayot tarzida yashardi va serhosil joylarni topish uchun tez-tez ko‘chib turishardi. Bolaligidan qiyinchilik bilan o‘sgan Kaddafi kechqurunlari masjidda uxlar, dam olish kunlari 30 kilometr uzoqlikdagi oilasi yoniga piyoda qaytardi.

Yosh Kaddafi o‘sha davrdagi Misr prezidenti Jamol Abdul Nosirning muxlisi edi. U 1956-yilda Suvaysh inqirozi paytida Isroilga qarshi namoyishlarda qatnashdi, 1959-yil Sebhada tashkil qilingan yashirin tashkilot faollaridan biri bo‘ldi. 1962-yilda Beng‘ozi universitetining tarix fakultetini tugatdi.

Kaddafi maktab davridanoq Italiya mustamlakachiligiga qarshi harakat qiluvchi yashirin tashkilotlarga a’zo bo‘lib yuradi, 1961-yil esa o‘zi ham monarxiyaga qarshi kurashuvchi kichik tashkilot tuzadi.

1965-yilda Kaddafi Beng‘ozidagi harbiy kollejni bitiradi va leytenant unvoniga ega bo‘ladi. Keyinchalik Buyuk Britaniyada qayta tayyorlashdan o‘tgan Muammar shu yerda kapitan unvoniga ko‘tariladi. Liviyadagi inqilobga qadar u muhandislik qo‘shinlarida xizmat qildi.

Yosh Muammar Kaddafiy

Foto: Google Images

Siyosiy faoliyatning boshlanishi

Liviyada monarxiyaga qarshi to‘ntarishga tayyorgarlik 1964-yilda boshlanadi. Shu yili Kaddafi boshchiligida “Ozod sotsialist ofitserlar ittifoqi” harbiy tashkiloti tuziladi. Tashkilotga kursantlar puxta saralab olinadi, bunda ularning xarakteri va monarxiyaga qarshi kayfiyati o‘rganib chiqiladi.

1969-yilda inqilob boshlanadi. Turli sabablarga ko‘ra inqilobni o‘tkazish sanasi uch marta o‘zgartiriladi va nihoyat 1-sentabr kuni belgilanadi. Harbiylar tez orada Tripoli, Beng‘ozi va boshqa yirik shaharlarda ommaviy mitinglar o‘zkazib, ularni o‘z qo‘liga oladi. Shu kuni butun Liviya aholisi jonli efir orqali Kaddafining “shafqatsiz va madaniyatsiz rejim qulagani” haqidagi nutqini eshitadi.

Monarxiya tugatiladi, hokimiyat Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tadi. Mamlakat nomi Liviya Arab Respublikasi deb o‘zgartiriladi. Muammar Kaddafi polkovnik unvonini oladi va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni etib tayinlanadi.

1970-yildayoq Kaddafi Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi raisligiga saylanadi. Shu bilan birga u Liviya bosh vaziri va mudofaa vaziri lavozimlarini ham egalladi. Yangi hukumat tomonidan qabul qilingan dastlabki qaror bu yil taqvimni o‘zgartirish bo‘ldi. Yil hisobi hijriy taqvimga o‘zkazildi, oylar nomi ham almashtirildi. Shuningdek mamlakat hududidan boshqa davlatlar harbiy bazalarini chiqarib yuborish, chet el banklari va italiyaliklarga tegishli yerlarni milliylashtirish haqida ham qaror qabul qilindi.

7-oktabr kuni yigirma mingdan ortiq italyalik Liviyadan haydab chiqariladi va ularning mol-mulki musodara qilinadi. Bu kun mamlakatda “Qasos kuni” deb e’lon qilinadi.

1971-yildan monarxiya davridagi qonunchilikni butunlay o‘zgartirish boshlanadi, barcha qonunlar islomiy shariat qoidalariga moslashtirilib, davlatda qimor va alkagolli ichimliklar butunlay taqiqlanadi. Shuningdek inqilobga va yangi hukumatga qarshi muxolifatni “tozalash” boshlanadi.

1979-yilga kelib mamlakatda shariat qonunlari to‘la o‘rnatiladi.

Kaddafi o‘zining siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy qarashlarini dunyoda hukmron ikki g‘oyaga qarshi shakllantira boshladi. Uning “Yashil kitobi”da yoritilgan “Uchinchi dunyo nazariyasi” g‘oyasi islom ahkomlari, rus anarxistlari A.Kuropatkin va M.Bakunin g‘oyalari qorishmasidan tashkil topgan edi.

Muammar Kaddafiy va Haddam Husayn

Foto: Google Images

Kitobing birinchi qismi 1977-yilda e’lon qilinib, unda mamlakat uchun yangi boshqaruv shakli — Jamaxariya (arabcha “omma boshqaruvi”) ijtimoiy tuzilishi tavsiflangan.

Shu yiliyoq Oliy xalq komiteti, kotibiyat va byuro kabi yangi hokimiyat tuzilmalari tashkil etiladi. Hukumat tarqatib yuboriladi va Kaddafi bosh kotib etib tayinlanadi. Ikki yildan so‘ng bu o‘rnini professionallarga bo‘shatgan bo‘lsa-da, endilikda u Liviya inqilobining yetakchisi deya atala boshlanadi.

Tashqi siyosat

Kaddafi hukumatni o‘z qo‘liga olgach, panarab siyosatini yurgizadi. U Liviyani boshqa arab davlatlari bilan birlashtirmoqchi edi. Xususan 1969-yil 27-dekabr kuni Liviya poytaxti Tripolida Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir, Sudan bosh vaziri Jafar Nimeyri va Kaddafi uchrashuvi o‘tkazilib, uch davlatni birlashtirishni nazarda tutuvchi “Tripoli xartiyasi” imzolanadi. Keyingi yil 8-noyabrda Misr, Sudan va Liviyani o‘z ichiga oluvchi Arab Respublikalari Federatsiyasi tashkil topgani haqidagi “Qohira deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Shu yili Kaddafi Tunisga ikki mamlakatni birlashtirishni taklif qiladi, ammo prezident Habib Burg‘iba bu taklifni rad etadi.

1972-yilda u musulmon davlatlarini Falastinni ozod qilish uchun AQSh va Buyuk Britaniyaga qarshi kurashishga chaqiradi.

AQSh bilan ancha iliq aloqalarni yo‘lga qo‘ygan Misr, SSSR bilan siyosiy ittifoqchiga aylangan Liviyani o‘z ichki ishlariga aralashishda ayblay boshladi. O‘z navbatida Misr prezidenti Anvar Sadatning Isroil bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yishi ko‘plab arab davlatlari qatori Liviyaning ham noroziligiga sabab bo‘ladi.

Muammar Kaddafiy

Foto: “Britannica.com”

1976-yil Misr, undan keyin Sudan va Tunis Liviyani o‘zlarning ichki ishlariga aralashishda aybladi. Avgust oyida Misr qo‘shini Liviya chegarasida to‘plana boshladi.

1977-yilda Kaddafi Liviyadagi 220 mingdan ortiq misrliklarga mamlakatdan chiqib ketishni, aks holda qamoqqa olinishini bildiradi. Shu yilning 20-iyul kuni Liviya qo‘shinlari Misrga artilleriya hujumini uyushtiradi. Keyingi kuni Misr qo‘shinlari Liviyaga bostirib kiradi, to‘rt kunlik jang davomida harbiy harakatlarda samolyot va tanklar qatnashadi.

Jazoir va Falastinni ozod qilish tashkiloti vositachiligi natijasida jangovar harakatlar 25-iyulgacha to‘xtatiladi.

Kaddafining siyosiy rejimi tobora xalqaro jamiyatdan uzoqlasha boshlaydi. 1978-yilda rasmiy taklif bilan Tripoliga kelgan Livan shialar jamiyati yetakchisi ikki hamrohi bilan sirli ravishda yo‘qolib qoladi. Livan hukumati Kaddafini Livan shialari ma’naviy yetakchisini o‘g‘irlash va noqonuniy qamoqqa olishda ayblab uni hibsga olishni talab qiladi.

1979-yilda Uganda diktatori Idu Aminga harbiy yordam yuborgani uchun AQSh Liviyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritadi.

1980-yil 10-sentabrda Isroilga qarshi samarali kurashni kuchaytirish uchun Liviya va Suriya birlashuv to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Liviya va Suriya Eron—Iroq urushida Eronni qo‘llab-quvvatlagan yagona arab davlati edi. Bu Saudiya Arabistonining Liviya bilan diplomatik aloqalarini uzishiga olib keladi.

Kaddafining qo‘li borligi aytilgan Sudandagi davlat to‘ntarishiga urinish bostirilgandan so‘ng rasmiy Xartum ham Liviya bilan aloqalarni uzadi.

Marokash bilan tuzilgan Buyuk Arab Mag‘ribi ittifoqi Kaddafining Eron bilan ittifoq shartnomasi imzolashi va Marokash qirolining Isroil bosh vaziri Shimon Peres bilan uchrashuvi Kaddafi tomonidan tanqid qilinishi natijasida bekor qilinadi.

1986-yil 5-aprel kuni G‘arbiy Berlindagi amerikalik harbiylar orasida mashhur bo‘lgan La Belle tungi klubida portlash sodir bo‘ladi. Natijada 3 kishi halok bo‘lib, ikki yuzga yaqin odam jarohat oladi. Portlash tashkil qilinishida Liviya maxsus xizmatlari izi topiladi. Keyinchalik Germaniya birlashgach GDRning maxsus xizmati — “Shtazi” ma’lumotlari G‘arb qo‘liga tushadi, unda Tripolining GDRdagi elchixonasi bilan bilan radioeshittirishida “iloji boricha ko‘proq qurbon bo‘lishi” kerakligi haqida buyruq ham bor edi.

AQSh prezidenti Ronald Reygan Kaddafini “Yaqin Sharqning quturgan iti” deya atab, Liviyani bombardimon qilish to‘g‘risida buyruq beradi. Tripoli va Beng‘ozi shaharlari bir necha kun davomida bombardimon qilinadi.

AQShga qarshi qo‘llovga erishish uchun Kaddafi SSSRga uch marotaba tashrif buyurib, Brejnov va Gorbachyovlar bilan uchrashadi.

Muamar Kaddafi va Vladimir Putin

Foto: Google Images

Ichki siyosat

Muammar Kaddafi davrida Liviya ancha katta iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Kaddafi hokimiyat tepasiga kelgunga qadar aholining savodlilik darajasi 27% ni tashkil qilgan bo‘lsa, ko‘plab kutubxonalar va ta’lim muassasalari ochilgach bu ko‘rsatkich 51% ga yetadi.

Kaddafi siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqlaydi va matbuot ustidan senzura o‘rnatadi. Talaba va ishchilarga ish tashlash taqiqlanadi. Ko‘plab siyosiy muxoliflar qamoqqa olinadi yoki o‘ldirib yuboriladi.

Ammo Muammar Kaddafi ba’zida muxoliflariga juda yumshoq muomalada ham bo‘ladi. Masalan, uning shaxsan o‘zi “Abu Sadim” qamoqxonasi darvozasini buldozer bilan buzib, to‘rt yuz mahbusni ozod qilgan.

2001—2005-yillarda Liviya inflatsiya darajasi pastligi bo‘yicha (-3,1%) Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.

Shu bilan bir qatorda mamlakatda Kaddafining oltin va yosh qizlar bilan aloqalari haqida mish-mishlar tarqaladi.

O‘limi

Muammar Kaddafiga hayoti davomida yetti bor suiqasd uyushtirilgan bo‘lsa ham ularning birortasi omadli yakun topmagan.

AQSh va Yevropa Liviyaga iqtisodiy sanksiyalar kiritib Kaddafi tuzumini yo‘qotishga urindi. Iqtisodiy ahvol yomonlashgach mamlakatda Kaddafiga qarshi kayfiyat shakllanadi va tez orada fuqarolik urushi boshlanadi.

BMT Liviyaga qurol-yarog‘ va har qanday harbiy materiallarni yetkazib berishni taqiqlovchi sanksiyalarni joriy qiladi va Kaddafining xalqaro sayohatlarini taqiqlab qo‘yadi.

2011-yil 27-fevral kuni Beng‘ozi shahrida Kaddafi rejimiga qarshi kuchlar sobiq adliya vaziri Mustafo Muhammad Abduljalil boshchiligida O‘tish davri Milliy Kengashini tuzadi.

Urush bir necha oy davom etadi, hal qiluvchi rolni AQSh va Fransiya boshchiligidagi koalitsiya kuchlari o‘ynadi. NATO kuchlari isyonchilarni havo orqali qo‘llab, Kaddafi tarafdorlari kuchlariga qattiq zarba beradi.

Muammar Kaddafi BMT sammitida

Foto: Google Images

2011-yil 20-oktabr erta tongda qo‘zg‘olonchilar Kaddafi kuchlari nazorati ostidagi so‘nggi shahar Sirtaga hujumni boshlaydi. Muammar Kaddafi shahardan qochib ketishga uringan paytda NATO harbiy havo kuchlari zarbasi natijasida qo‘lga olinadi.

Yaralangan Kaddafini qo‘lga olgan isyonchilar “samosud” orqali buyuk liderni o‘ldiradi. Uning tanasi Tripolidagi savdo markazida sabzavot solinadigan muzlatgichda hamma ko‘rishi uchun bir necha kunga qoldiriladi. Keyinroq u va o‘g‘lining jasadi Liviya cho‘llariga ko‘mib yuboriladi. Shu tariqa polkovnik Kaddafining 42 yillik hukmronligi va u 1969-yilda amalga oshirgan inqilob ham yakunlanadi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi