Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda ayol zo‘rlangani haqida “Ojiza ayolning nomusiga tegdi” sarlavhasi ostida videomurojaat tarqaldi. Surxondaryo viloyati IIB ushbu videomurojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Boshqarma matbuot xizmatining yozishicha, 9-may kuni P.G. ismli ayol Oltinsoy tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unda aytilishicha, 8-may kuni soat 23:00 larda “Ipok” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.O. uni Nexia avtomashinasida Oltinsoy daryosi bo‘yiga olib borib, nomusiga tegmoqchi bo‘lgan. Ayol rozi bo‘lmagandan so‘ng uni o‘sha mahallada joylashgan “Shox nur fayz” MChJ binosining xonasiga olib borib, jinsiy aloqa qilgan. Shundan so‘ng xonadan tashqariga chiqarib yuborgan. Xonada unga tegishli bo‘lgan narsa-buyumlar qolgan.

Murojaatchi ayol fuqaro Sh.O.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda va narsalari qaytarilishida amaliy yordam so‘ragan. Uning arizasi shu kuni tuman IIB navbatchilik qismining kitobida qayd qilinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun tergov guruhiga yuklatilgan.

9-may kuni ayolning va Sh.O.ning tanasida tan jarohatlari va ularning izlari mavjudligini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ayolning o‘ng yelka o‘rta uchligida ikki tomondan qontalash aniqlangan, og‘irlik darajasiga ko‘ra “yengil” tan jarohati toifasiga kirishi ko‘rsatilgan. Uning tanasining boshqa joylarida tan jarohatlari aniqlanmagan.Fuqaro Sh.O.ning tanasida esa biror-bir tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmagan.

Shu kuni P.G.ning ko‘rsatuvlariga asosan Oltinsoy daryosining oldi va “Ipok” mahallasida joylashgan “Shox nur fayz” MChJga tegishli bo‘lgan bino xonasi Jinoyat protsessual kodeksi talablariga asosan tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida olingan narsa-buyumlarda ishga aloqadorligiga va holatga oydinlik kiritish maqsadida bir qator tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Hozirda Oltinsoy tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijon viloyatida 18 yoshli kelin zo‘rlangani, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Andijon viloyati IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu jinoyat  ishini ichki ishlar vaziri shaxsan nazoratga olgan. Jinoyat ishi, shuningdek, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan ham nazoratga olingan.