Toshkent metrosida poyezd yana to‘xtab qoldi. “Toshkent metropoliteni” UK holatga rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 24-may kuni soat 08:52 da 4-sonli yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd texnik sabablarga ko‘ra “Hamid Olimjon” bekatida to‘xtab qolgan. Voqea haydovchi tomonidan poyezd nosozligi aniqlanishi munosabati bilan sodir bo‘lgan.
Yo‘lovchilar vagonlardan tushirilgan va poyezd zaxiraga, “Paxtakor” bekatining berk qismiga jo‘natilgan.
“16-sonli yo‘nalish bo‘yicha orqadan kelayotgan poyezd yo‘lovchilarni olib, jadvalga muvofiq harakatlanishni davom ettirdi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, — deyiladi rasmiy izohda.
So‘nggi vaqtlarda Toshkent metropoliteni bilan bog‘liq shu kabi voqealar tez-tez yuz bermoqda. Xususan, 13-may kuni “Amir Temur xiyoboni” bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborilgandi. 7-may kuni soat 21:10 dan 22:00 gacha Toshkent metropoliteni Halqa yo‘lining 7-bekatida elektr energiyasi o‘chib qolgandi.
9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga, metropolitendagi yerosti va yerusti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. 28-aprel kuni esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.
18-mart kuni esa “Olmazor” (Chilonzor yo‘li) va “Bekat-1” (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.
Izoh (0)