McDonald’s nomini mamlakatida bu kompaniya do‘konlari bo‘lmasa ham dunyodagi deyarli barcha insonlar eshitgan bo‘lishi mumkin. 1940-yil 15-may kuni birinchi restorani ochilgan ushbu gigant korporatsiya paydo bo‘lishi va uning bu qadar mashhurlikka erishish yo‘li haqida “Daryo” hikoya qiladi.

McDonald’s haqida  

McDonald’s Corporation – umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritadigan fast-fud restoranlarining eng yirik tarmog‘i hisoblanadi. McDonald’s daromadi bo‘yicha ham dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Kompaniya tomonidan har kuni 100 dan ortiq mamlakatda o‘rtacha 69 million mijozga xizmat ko‘rsatiladi. McDonald’s gamburger, chizburger va qovurilgan kartoshka(fri)lari bilan mashhur bo‘lsa-da, ular mijozlarga qovurilgan jo‘ja, nonushta yeguliklari, alkogolsiz ichimliklar va turli shirinliklarni ham taklif qiladi. So‘nggi yillarda iste’molchilarning notabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan salbiy reaksiyasi kuchaydi. Bunga javoban kompaniya o‘z taomnomasiga salat, baliq, kokteyl va mevalarni ham qo‘shdi. 2018-yil hisobotlariga ko‘ra McDonald’s 1,7 million ishchi bilan dunyodagi ikkinchi yirik xususiy ish beruvchidir. McDonald’s brendi 2020-yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra dunyoning eng yaxshi tovar belgilari reytingida 9-o‘rinni egalladi.

McDonald’s’ning do‘konlaridan biri, 1948-yil.

Foto: “Telegraf”

Kompaniyaning paydo bo‘lish va rivojlanish tarixi

Kompaniya 1940-yilda aka-uka Richard va Mavrik Makdonald(McDonald)lar tomonidan tashkil etilgan. Birinchi restoran 1940-yil 15-may kuni Kaliforniya shtatining San-Bernardino shahrida ochilgan. 1948-yilda ushbu kompaniya dunyoda birinchi marta “tezkor tamaddi qilish” tushunchasini amaliyotga kiritdi. 1954-yilda illinoyslik tadbirkor Rey Krok aka-uka Makdonaldlardan ushbu franshiza doirasida maxsus agent sifatida harakat qilish huquqini sotib oldi, hamda 1955-yilda Illinoys shtatidagi Dez-Plens shaharchasida McDonald’s restoranini(hozirda korporatsiya muzeyiga aylantirilgan) ochdi. Shu yili Rey Krok kompaniya nomini McDonald’s System, Inc. ko‘rinishida ro‘yxatdan o‘tkazdi. 1959-yilga kelib Krok tomonidan ochilgan restoranlarning soni yuzdan oshdi, 1960-yilda esa u kompaniya nomini McDonald’s Corporationga o‘zgartirdi. Rey 1961-yilda Makdonaldlardan 2,7 million dollar evaziga kompaniyaga bo‘lgan barcha huquqlarni sotib oldi. Aynan shu yili oziq-ovqat sanoati uchun kadrlar tayyorlash (avvalo McDonald’s tizimida ishlovchi kadrlarni yetkazib berish)ni maqsad qilgan birinchi o‘quv muassasa — Gamburgerologiya universiteti ochildi. Bugungi kunda dunyoda jami 8 ta shunday universitet faoliyat yuritmoqda. Ular Chikago (AQSh), Tokio (Yaponiya), San-Paulu (Braziliya), London (Buyuk Britaniya), Myunxen (Germaniya), Shanxay (Xitoy), Sidney (Avstraliya) va Moskvada (Rossiya) shaharlarida joylashgan.

1960-yillar boshlaridan kompaniyaning reklamaga katta e’tibor qaratishi o‘z natijasini bermay qolmadi, ushbu doimiy reklamalar natijasida McDonald’s eng taniqli brendlardan biriga aylandi. 1962-yilda “M” harfini tashkil etuvchi ikkita oltin arka kompaniyaning logotipi sifatida tanildi.

1962-yilgi logotip

Foto: “Pngitem.com”

1963-yil sotilgan gamburgerlar soni milliardga yetdi va shu yildan boshlab kompaniya restoranlarga bolalarni jalb qilishga e’tibor qarata boshladi, bunda qizil sochli Ronald Makdonald masxarabozidan foydalanildi. 1968-yilda Big Mac bozorga chiqarildi va 1000-restoran ochildi. 1970-yildan McDonald’s Amerikaning barcha shtatlarida xizmat ko‘rsatishni boshladi. McDonald’s mijozlar qiziqishlarini inobatga olgan holda 1973-yildan restoranlarda nonushta qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘ydi. Oradan yetti yil o‘tib McDonald’s tayyor nonushtalar bozorining to‘rtdan bir qismiga egalik qildi. 1975-yildan boshlab mijozlar avtomobillardan tushmasdan taom buyurtma qilish va uni qabul qilib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu xizmatning yo‘lga qo‘yilishi natija bermay qolmadi, vaqt o‘tishi bilan ushbu xizmat turi McDonald’s Corporation daromadlarining yarmidan ko‘pini tashkil eta boshladi. 1979-yilda McDonald’s yosh bolalar orasida o‘z auditoriyasini kengaytirish maqsadida innovatsion xizmat “Happy Meal”(Baxtli taom) — bolalar uchun o‘yinchoq bilan birga oziq-ovqat mahsulotlarini sotish xizmatini yo‘lga qo‘ydi.

Ronald Makdonald

Foto: Getty Images

Yangi restoranlarning ochilishi eskilarining daromadini kamaytirdi. Natijada har bir tadbirkorlik subyektida bo‘lganidek McDonald’s rahbariyati tomonidan ham daromadni ko‘paytirish maqsadida bir nechta marketing bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi, ammo ularning barchasi ham muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Bunga menyuda yangi taomlarning paydo bo‘lishi (pitssa, makaron va past kaloriyali sendvichlar) yoki yonilg‘i quyish shoxobchalari va savdo markazlarida mini-restoranlarning ochilishini misol qilish mumkin. 1996-yilda nisbatan muvaffaqiyatli loyiha — Walt Disney kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshlarida McDonald’s Britaniyaning Aroma Cafe (1999), Amerikaning Chipotle Mexican Grill (1998),  Donatos Pizza (1999) va Boston Market (2000) kafelar tarmog‘ini sotib olish orqali o‘z faoliyatini kengaytirishga harakat qildi. Biroq ushbu xaridlar ham kerakli natijani bermadi va biroz vaqt o‘tib ushbu kompaniyalar sotib yuborildi.

2016-yilda restoran faoliyati haqida “Asoschi”(The Founder) film-dramasi namoyish etildi.

2019-yil 5-martda McDonald’s korporatsiyasi sun’iy intellekt sohasidagi texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi Isroilning Dynamic Yield kompaniyasi IT-startapini sotib olgani to‘g‘risida e’lon qildi. Bitim korporatsiya tarixida so‘nggi 20 yil ichidagi imzolangan eng yirik shartnoma sanaladi, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra uning miqdori 300 million dollarni tashkil qiladi.

Burger urushlari

Bu atama birinchi marta 1970-yillar oxirida Burger King’ning Amerikada o‘z bozorini kengaytirish va yirik raqobatchisi McDonald’sning gamburger bozoridagi ulushini tortib olish uchun urinishlariga nisbatan qo‘llanildi. Keyinchalik bu urushga Wendy’s va boshqa yetakchi fast-fud kompaniyalari ham qo‘shildi. Bunda kompaniyalar narxlarni pasaytirish, raqobatchilarga qarshi agressiv reklama loyihalari tayyorlash kabi usullardan foydalandi. Ushbu kurashda katta yutuqlarga erisha olmagan McDonald’s boshqa mamlakatlarda o‘z ulushini kengaytirishga harakat qila boshladi. 1980-yillar o‘rtalariga kelib, doimiy reklama xarajatlari barcha asosiy urush qatnashchilariga qimmatga tusha boshladi. Natijda yirik fast-fud kompaniyalarida xodimlar sonining muntazam qisqarishi kuzatila boshlandi. 1987-yilda Burger King Mayami va Floridadagi restoran va shtab-kvartiralarining yuzdan ziyod xodimlarini ishdan bo‘shatdi.

Foto: Google Images

Bu paytda Wendy’s tashkil topganidan(1969-yil) beri birinchi marta operatsion yo‘qotish (OP o‘zi nima? batafsil) haqida e’lon qildi. McDonald’sning esa aksincha operatsion daromadi, yillik foydasi va bozordagi ulushi o‘sdi. Hardee’s kabi kichik tarmoqlar qimmat reklama kampaniyalaridan qochish va kichikroq, geografik jihatdan cheklangan joylarda qolish orqali moliyaviy ahvolni ushlab qolishga harakat qildi.

New York Times’ning yozishicha, 2000-yillar oxiri va 2010-yillar boshlaridagi iqtisodiy inqiroz “Burger urushlari”ning to‘xtashiga olib keldi. Og‘ir iqtisodiy ahvol tufayli iste’molchilar turli imtiyozlar va arzon mahsulotlar qidirishga majbur bo‘ldi. Bu esa fast-fud restoranlari orasida raqobatning yana kuchayishiga olib keldi. Mazkur raqobat doirasida turli orginal mahsulotlarning ko‘chirma nusxalarini yaratib, arzon narxlarda sotish avj oldi. Ushbu soxtalashtirish faoliyatlaridan McDonald’s ham zarar ko‘rmasdan qolmadi. USA Today gazetasida 2014-yil mart oyida chop etilgan maqolaga ko‘ra McDonald’s mahsulotlari savdosining pasayishiga Big Mac va McRib sendvichlarining soxtalashtirilishi sabab bo‘lgan.

KFC bilan davom etayotgan kurash

2019-yilda qovurilgan jo‘ja va tovuq mahsulotlari savdosida yetakchi bo‘lgan KFC kompaniyasining bozordagi ulushlarini egallashga qaratilgan “jo‘ja urushlari” boshlandi. O‘z ulushini burgerlari bilan himoya qilayotgan McDonald’s 2021-yil fevralida ikki yil oldin Popeyes va KFC tomonidan boshlangan ushbu urushga qo‘shildi. Urushga McDonald’sning bevosita qo‘shilishi KFC mahsulotlari sifati va sotuvlar miqdorining oshishiga olib keldi. “YUM brands” (KFC) rahbari Devid Gibsning analizlarga asoslanib ta’kidlashicha, KFC’ning yangi tovuq sendvichlari avvalgi versiyalariga qaraganda ikki barobar ko‘p sotilyapti.

Mos ravishda McDonald’s tomonidan 2021-yil fevral oyining boshlaridan sotuvga qo‘yilgan tovuqli sendvichlar ham ko‘plab mijozlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Kalinowski Equity Research kompaniyasining har chorakda o‘tkazadigan tahlillariga ko‘ra McDonald’s do‘konlari kuniga o‘rtacha 262 ta tovuq sendvich sotmoqda.

Foto: Pinterest

McDonald’s O‘zbekistonda paydo bo‘lishi mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasining sobiq Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyevning 2017-yil 27-sentabrdagi Xalqaro press klub sessiyasida so‘zlagan nutqiga ko‘ra 2017-yildayoq AQShning McDonald’s korporatsiyasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelishga qiziqish bildirgan. Bu bilan bog‘liq xabarlar va taxminlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi 5611-sonli “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-mayda qabul qilingan 365-sonli “Chorvoq erkin turistik zonasi faoliyatini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi natijasida ancha ommalashdi. Biroq hozirga qadar McDonald’s’ning O‘zbekistonga kirib kelishi borasida aniq bir harakat ko‘zga tashlangani yo‘q.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi.