Suriyada birinchi marta ayol kishi prezidentlik saylovida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Suriya parlamenti raisi Xammud Sabbag xabar berdi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Foto: AP Photo

Associated Press’ning ma’lum qilishicha, damashqlik 50 yoshli ayol Faten Ali Naxar prezidentlik saylovlarida qatnashish haqida mustaqil ravishda qaror qabul qilgan. Lekin uning shaxsi haqida hech qanday batafsil ma’lumotlar keltirilmagan.

Shuningdek, Suriya prezidenti Bashar Asad ham yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun so‘rov yubordi. Amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra, Asad so‘nggi marta saylovlarda qatnashish huquqiga ega. U prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘ygan oltinchi odam bo‘ldi.

Suriya parlamenti navbatdagi prezidentlik saylovlarini 2021-yilning 26-may kuni o‘tkazishni rejalashtirgan.

Suriya muxolifatchilari yaqinlashayotgan saylovlarni ko‘zbo‘yamachilik deb atadi. AQSh va Yevropa Ittifoqi esa saylov natijalarini tan olishni oldindan rad etdi.

“Oliy konstitutsiyaviy sudga nomzodlik uchun hujjatlarni topshirish 19-apreldan boshlanib, 28-aprelgacha davom etadi”, — dedi parlament raisi.

2020-yilning yozida bo‘lib o‘tgan Suriya parlament saylovlarida Asad tarafdorlarining koalitsiyasi — “Milliy progressiv front” g‘olib chiqib, 250 o‘rindan 177 tasini band qilgan edi. Saylovda saylovchilarning 33 foizi ovoz bergan.

Ma’lumot uchun, oxirgi prezidentlik saylovlari 2014-yilda bo‘lib o‘tgan edi, o‘shanda mamlakatni 2000-yildan buyon boshqarib kelayotgan Suriyaning amaldagi prezidenti Bashar Asad g‘olib bo‘lgan edi.

Avvalroq Ekvadorda “KREO harakati” o‘nglar partiyasi vakili, sobiq bankir Gilermo Lasso prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqani haqida xabar berildi. Saylov byulletenlarining 98,05 foizi hisoblab chiqilganidan keyin Lasso prezidentlik saylovining ikkinchi turida 52,48 foiz ovoz to‘pladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa o‘ziga yana davlat rahbarligi lavozimini egallash uchun saylovlarda ishtirok etish imkonini berish nazarda tutilgan qonunni imzoladi. Endi Rossiya prezidenti lavozimini konstitutsiyadagi o‘zgarishlar kuchga kirguniga qadar egallab turgan shaxslarning ikki muddatga prezidentlikka saylanish taqiqi olib tashlandi.