Xalq deputatlari Ulug‘nor tumani Kengashining navbatdan tashqari oltinchi chaqiriq yigirma ikkinchi sessiyasida Muhammadislomiddin Ahmadjonov tuman hokimi etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar berdi.

Foto: Ulug‘nor tuman prokuraturasi

Muhammadislomiddin Ahmadjonov 1979-yilda Shahrixon tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 2000-yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarini tamomlagan.

Ish faoliyatini Toshkent shahar hokimligi Adliya boshqarmasi katta nazoratchiligidan boshlagan Ahmadjonov Asaka shahar kommunal foydalanish boshqarmasi huquqshunosi, Izboskan tuman prokuraturasi tergovchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, sudlarda jinoyat ishlari ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, Marhamat va To‘raqo‘rg‘on tumanlari prokurori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2020-yildan buyon esa Ulug‘nor tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq 13-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda Ulug‘nor tumanini shu kungacha boshqarib kelgan Doniyor Maqsudov yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun lavozimidan ozod etilishi e’lon qilingan edi.

“Daryo” muxbirining qo‘shimcha qilishicha, Ulug‘norning yangi hokimi viloyatda prokuratura tizimidan chiqqan yagona hokim bo‘lib turibdi. Prokurorlarning hokimlikka tayinlanishi Qashqadaryo viloyatida 2018-yil boshlangan bo‘lib, dastlabki prokuror — hokim Qamashi tumanida ish boshlagan Sherali Sanayev edi. Keyinchalik G‘uzorga tuman prokurori Bekzod Suyunov, Shahrisabz tumaniga esa Muborak tumani prokurori Samad Hasanov hokim etib tayinlangandi.