O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining yotoqxonasida yashovchi talabada 10-aprel kuni koronavirus aniqlanganidan so‘ng, talabalar turar joyi ikki haftaga karantinga olingan edi. 12-apreldan boshlab, darslar masofaviy ta’limga o‘tkazilgan. Bosma ommaviy axborot vositalari birinchi bosqich magistranti Shahnoza Xoliqova yotoqxonadagi talabalarning karantindagi hayoti qanday kechayotgani haqida “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Foto: PressPhoto.Uz / Husniddin Ato

O‘sha kuni binodan hech kim chiqarilmadi

Haftaning shanba kuni edi. Odatdagiday o‘qishga tayyorgarlik ko‘rib, chiqib ketayotganimizda yotoqxonadan hech kimni chiqarishmadi. Ikkinchi qavatdan virus chiqqanini aytishib, barchani eshikdan ortga qaytaraverishdi.

12-apreldan boshlab, universitetimiz karantinga olindi. Yotoqxonada yashovchi talabalar, magistrlar qattiq nazorat qilina boshlandi. Hatto hovliga ham chiqishga ruxsat berishmadi.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Hamma shokka tushib qolgandi. Endi o‘qishimiz, ishimiz, shuncha rejalarimiz nima bo‘ladi deb o‘ylanib qoldik. Oziq-ovqat masalalari ham so‘roq ostida qolgandi.

O‘sha kunning o‘zidayoq test topshirdik. Natijalar chiqqunga qadar yotoqxonada hamma bir-biridan shubhalanib yurdi. Oshxonaga chiqsa ham talabalar niqobda edi.

Test natijalari ertasi kuni tushdan keyin chiqdi. Binoning har bir qavatiga qo‘yilgan mikrofonda topshirilgan hamma testlar yaxshi chiqdi deb rasman e’lon qilishdi. Bu xabarni eshitib, qandaydir o‘zimda yengillik his qildim.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Rektor boshchiligida osh qilib berishdi

Natijalar yaxshi chiqqanidan yotoqxonadagilarga universitet hovlisiga chiqishga ruxsat berildi. Ko‘chaga chiqa olmasak-da, hech yo‘q shunga ham xursand edik. Chunki shuncha payt ko‘chada yurgan odam birdaniga bir joyda o‘tirishga majbur bo‘lib qolsa g‘alati bo‘larkan. O‘z-o‘zidan stressga tushib qolarkan.

Ammo universitet ma’muriyati qarab turmadi. Tezda volontyorlar jamoasi tashkil qilindi. Ularga kerakli mahsulotlar ro‘yxatini yozib, pul berdik. Volontyorlar dezinfeksiya qilib olib kirib berishdi.

Adashmasam, dushanba kuni yotoqxonada do‘koncha tashkil qilindi. Nima kerak bo‘lsa o‘sha yerga olib kelinyapti.

Yotoqxonadagi talabalar uchun 14-aprel kuni damlangan osh.

Foto: O‘zJOKU

Rektorimiz ham deyarli har kuni yotoqxonaga kelib, xabar olyapti. Talabalar bilan gaplashib, kimga nima kerak, nima kamchilik bor deb so‘rab turibdi.

Bir kuni o‘zlari bosh qosh bo‘lib osh qilib berdilar.

Yana dushanba kuni universitet ma’muriyati tomonidan har bir qavatga 20 kilogramm guruch, 10 kilogramm shakar, besh litrlik yog‘ va bittadan qo‘y berildi.

Foto: Muborak Toirova

Bundan tashqari Wi-Fi o‘rnatilgan 3-4 ta kompyuter xonasi ochib berilgan. Hozir darslar onlayn tashkil etilayotgani uchun bemalol o‘sha yerga kirib, Wi-Fi’dan foydalanib, darslarga qatnashyapmiz.

Har kuni ijodkorlar bilan turli uchrashuvlar tashkil etilyapti. Kim xohlasa, chiqib qatnashishi mumkin. Shanba kuni kechki payt hovlida bizga kino qo‘yib berishdi.

Qolaversa, universitet hovlisida basketbol, stol tennisi o‘ynash uchun sharoit yaratilgan.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Ishning ko‘pligi ham aslida baxt ekan

Xonada uch kishi turamiz. Bir joyda siqilib qolmadik desak yolg‘on bo‘ladi. Lekin xonada bir birmizga noqulaylik tug‘diradigan, xalaqit beradigan darajada asabiylashmadik. Ko‘pga kelgan to‘y. Ish joyimga vaziyatni tushuntirib, xonada o‘tirdik.

Bilasizmi, derazamiz maktab tarafga qaragan. Derazadan ko‘chada mazza qilib erkin yurgan odamlarni, yugurib yurgan o‘quvchilarni ko‘rib, juda havas qilyapmiz.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Doim o‘qish ish deb u yoqdan bu yoqqa chopib, ko‘p charchardim. Vazifalarning ko‘pligi yoqmasdi, zerikardim. Endi tushundimki, qiladigan ishingiz, boradigan manzilingiz borligi aslida inson uchun eng katta baxt ekan. Hozir bir joyda qamalib qolib, har qancha ishlasam ham, o‘qisam ham mayli deyapman.

Karantin bizni birlashtirdi

Boshqa tarafdan olib qaraganda karantin biz uchun foydali bo‘ldi. Sababi shu paytgacha o‘qiymiz deb xonaga yig‘ib qo‘ygan kitoblarimiz ko‘p edi. Ammo ish, o‘qish deb yugurib yurib, hech o‘qishga hafsala qilolmayotgandik. Hozir bo‘sh vaqtimiz ko‘pligi sabab aksariyat kitoblarni o‘qib tugatdik.

Har bir qavatda joylashgan talabalar dam olish xonasi.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Bundan tashqari o‘zim nasrda ijod qilaman. Ko‘pdan beri yozaman deb o‘ylab yurgan mavzularim bor edi. Shu karantin bahona xonada o‘tirib bemalol o‘sha mavzularda ijod qilishga imkon bo‘ldi.

Meni eng quvontirgani, bu holat bizni birlashtirdi. Ko‘plab, do‘stlar tanishlar orttirishimga sabab bo‘ldi.

Yotoqxonamiz sakkiz qavatdan iborat, 200 dan ortiq talaba bor.

Shu paytgacha hamma o‘qish-ish bilan bo‘lib, o‘z guruhdoshlaridan boshqa hech kim bilan ortiqcha muomala qilmasdi. Mana shu bir haftada hamma bir-birga shunaqa yaqin bo‘lib ketgan. Birorta xona shirinlik qilsa olib chiqadi. Biron nima pishirsa ham bir-biriga ilinadi.

Oshxonada ham bugun iftorlikka nima tayyorlaymiz deb maslahatlashib, ovqatlar pishiramiz. Dam olish xonasiga joylar tayyorlab, birgalikda “og‘zimizni ochamiz”.

Talabalar iftorlikda.

Foto: Maftuna Adhamjonova

Kuni kecha iftorlikka osh qilmoqchi edik. Piyozimiz tugab qolibdi. To volontyorlar olib kelgunicha boshqa xonadagi qizlar mana oling deb berib turishdi. O‘zi oshxonada hammaning bozorligi bir joyda alohida paketlarda turadi. Kimga nima kerak bo‘lsa, so‘rab olaveradi.

Kimningdir tug‘ilgan kuni shu kunlarga to‘g‘ri keldi. Rektorni o‘zi kelib tabriklab, sovg‘a salomlar berib ketdi.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja talabalar bilan uchrashuvda.

Foto: O‘zJOKU

Biz esa tort buyurtma qilib, kichik stol tashkil qildik. Soat 00:00 bo‘lganda hammadan oldin biz tabrikladik. Bu nafaqat biz, balki o‘sha qiz uchun ham esda qolarli kun bo‘ldi deb o‘ylayman.

Angladimki, bunday holatlar insonlarni bir-biriga yaqinlashtirar ekan.

Foto: Shahnoza Xoliqova

Qisqa qilib aytganda, karantin hayotning biz bilsak-da, anglamagan ne’matlarini his qilishga o‘rgatdi. Keyinimiz haqida yaxshilab mulohaza qilib olishga imkon berdi.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi