Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-aprel, juma kuni Samarqand viloyati faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari 2021—2022-yillarda viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan rejalar xususida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

“Kelgusi ikki yilda viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida qiymati 30 trillion 415 milliard so‘mlik yoki 2,9 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Jumladan, qiymati 12 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 184 ta hududiy loyiha, qiymati 18,4 trillion so‘m bo‘lgan 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 1,8 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezidentning qayd etishicha, Samarqand viloyatida 2021—2022-yillarda energetika sohasida 974 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

“Shuningdek, Fransiyaning Total Eren kompaniyasining 100 million dollar sarmoyasi hisobiga joriy yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shu bilan birga, Samarqand shahridagi ‘Aziya metall prof’ korxonasida 184 million dollar investitsiya evaziga metall list va quvurlar ishlab chiqarish quvvati hozirgi 270 ming tonnadan 870 ming tonnaga oshiriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda davlat rahbari mas’ul tashkilot rahbarlariga ikki hafta muddatda har bir investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlab, har oyda ijrosini muhokama qilish zarurligini qat’iy ta’kidladi.