O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) tartib-intizom qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Superliga 5-turi doirasidagi “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvida yuzaga kelgan tartibsizliklar masalasi ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘FA

Unga ko‘ra, uchrashuv vaqtida “Navbahor” muxlislari hakamni va raqib futbolchilarini haqoratlagani, o‘yinda so‘n esa tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun namanganliklar klubi ikkita uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi.

Qo‘mitaga taqdim etilgan ma’lumotlar, dalillar hamda video-yozuvlar natijasida uchrashuv davomida har ikki jamoaning ayrim rasmiy shaxslari texnik zonani bir necha marotaba tark etib, bosh hakamga qo‘pol tarzda e’tiroz bildirgani, uchrashuvning 90-daqiqasida bosh hakam VAR monitoridan foydalanishi vaqtida uning ish faoliyatiga xalal berilgani aniqlandi. Qolaversa, uchrashuvning so‘ngida “Navbahor” futbol klubi muxlislari uchrashuv rasmiy shaxslarini noma’qul so‘zlar bilan haqorat qilgani, shuningdek, ular tomonidan maydonga turli buyumlar uloqtirilgani, O‘zMTRKga tegishli ko‘chma televizion stansiyaga hujum qilingani va unga jiddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Mavjud dalillar va ko‘rsatmalar atroflicha o‘rganib chiqilib, “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvi vaqtida “Navbahor” futbol klubi ishqibozlarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani sababli O‘FA intizom kodeksining 5.4 va 5.9-bandlariga muvofiq “Navbahor” futbol klubiga nisbatan navbatdagi ikkita uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, “Navbahor lochinlari” futbol klubi Texnik direktori Mustafo Bayramov, darvozabonlar murabbiyi Pavel Sinelnikov stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgani, jamoa ma’muri Abdurauf G‘ulomov uchrashuv yakunida raqib jamoa futbolchilari maydonni tark etayotgan vaqtda noprofessional tarzda ularni juda qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun ularga nisbatan futbol klubi tomonidan ichki intizom chorasini qo‘llash to‘g‘risida “Navbahor” klubiga yozma taqdimnoma kiritildi.

O‘z o‘rnida, uchrashuv vaqtida “Paxtakor” futbol klubi rasmiy shaxslari tomonidan texnik zonani bir necha bor tark etib, stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari sodir etilgani, jamoa rasmiylari va ayrim futbolchilari uchrashuv bosh hakamini bir necha marta noma’qul so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun “Paxtakor” futbol klubiga nisbatan O‘FA intizom kodeksining 5.4-bandiga muvofiq jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘FA bayonoti

Ma’lumot uchun, o‘yin yakunlanib borayotgan bir vaqtda uchrashuv bosh hakami Firdavs Norsafarov videotakrorlardan keyin “Navbahor” darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Dragan Cheran golga aylantirdi va bu orqali “Paxtakor”ning g‘alabasini ta’minladi. Hakamning bu qarori stadionga yig‘ilgan namanganlik muxlislarni junbishga keltirdi.

Tomoshabinlar o‘yin yakunlangach hakam va “Paxtakor” futbolchilar tomon turli buyumlarni uloqtirdi. Bundan tashqari stadion atrofida minglab ishqibozlar to‘planib, o‘z noroziligini namoyish qildi.

Keyinchalik Namangan viloyati IIB ushbu o‘yindan keyin hakamlar va “Paxtakor” vakillari Namangan shahridan kuzatib qo‘yilgani va tartibsizliklarda qatnashgan yetti nafar fuqaro javobgarlikka tortilgani haqida ma’lum qildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!