Toshkent metrosining “Yunusobod” bekati. Metrodan tashqariga chiqar ekansiz, Toshkentning boshqa joylaridan hech farq qilmaydigandek. Stansiyada ham, tashqarida ham bu yerda go‘yo hech voqea bo‘lmagandek...

Toshkentdagi “Yunusobod” metro bekati. 2019-yil 18-dekabr kuni tuproq o‘pirilishi hodisasi shu yerda yuz bergan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ushbu bekat qurilishida, 2019-yil 18-dekabr kuni yuz bergan fojia ortidan olti ishchi halok bo‘lgandi. Hodisa yuzasidan o‘sha kuniyoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (ish ochilgan moddalar bo‘yicha aybdorlarga ko‘zda tutilgan eng og‘ir jazo besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish edi), biroq oradan uch oy o‘tib, 2020-yil 18-martida poytaxt prokuraturasi “zarar to‘liq qoplangani”, “aybdorlarga ijobiy tavsifnoma berilgani” va “marhumlarning oila a’zolaridan e’tirozlar yo‘qligi” (vaholanki, bu vaqtda kompensatsiya pullari hali to‘liq berilmagan bo‘lgan) uchun aybdorlik masalasini ko‘rmay ishni yopgan.

Bekat ochildi, olti kishining o‘limi uchun rasman mas’ul deb topilganlar va haqiqiy aybdorlar ozodlikda, oilasi davrasida xursand yuribdi ehtimol, biroq vafot etgan olti kishining oilalari taqdiri, yumshoq qilib aytganda, o‘zgarib ketdi. Barchasiniki bo‘lmasa ham, aksariyatiniki.

Qora kiyingan ayol

Chiqindilar ichidan bo‘shagan yelim idishlarni topib, to‘playdigan Farog‘at opa fojia joyiga — hozir bu joylar chiroyli, sayilgoh deysan — kelib turadi. Bolasini sog‘inib ketganida. Toshkentning boshqa bir chekkasidan ataylab keladi. Keyin yig‘lab-yig‘lab qaytadi.

Farog‘at Turobova.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Farog‘at Turobova 47 yoshda. Metro qurilishidagi tuproq ko‘chishi oqibatida uning o‘g‘li — Ixtiyor ham halok bo‘lgan. Ayol voqeadan ikki kun avval o‘g‘lining oldiga, ish joyiga borganligini eslaydi. “O‘sha yerda, ‘Megapolis’ning ro‘parasida, yo‘lning narigi betidagi joyda tuproq bosgan bolamni”, — deydi u.

— Katta-katta binolar yonidan o‘tib, biroz ko‘cha aylandik. O‘sha kuni uni oxirgi marta ko‘rayotgan ekanman, — deydi Farog‘at opa. — Ichki kiyimlar bilan britva olib bering, paypoq olib bering, bir yuvinib olib kiyay, dedi. Ertasiga qo‘ng‘iroq qilib, somsa yegisi kelayotganini aytdi. 18-dekabrda turib nonushtaga somsa tayyorlar ekanman, soat 9 larga yetkazay derdim. Lekin ishim hech unmasdi, soat 10 dan ham o‘tib ketdi.

Ixtiyor Rahmatov.

Foto: “Daryo”

Aytishicha, hali pishib ulgurmagan somsalari qolib ketgan — qo‘ng‘iroq bo‘lgan: “Ixtiyorning oyog‘ini tuproq bosibdi”. Onani avaylashgan. Farog‘at opa shoshilgancha Yunusobod tomon yo‘lga chiqqan — u o‘tirgan taksining radiosidan bu vaqtda metro qurilishidagi fojia haqida xabar uzatilardi.

“Chinqirib dodlar edim, aftidan, haydovchiga ham xalal berardim. Qani endi manzilga yeta qolsak!”, — deydi Farog‘at opa. “Yomg‘irli kun edi”, — chuqur uh tortadi u. Shundan beri u yomg‘irni yomon ko‘rib qolgan. Hodisa joyiga yetib kelganida: “Bolamni ko‘rmadim, faqat shu chuqurlarni ko‘rdim. Odamlar u yoqdan bu yoqqa yugurardi”.

Ixtiyor onasiga mehribon farzand edi. Ona farzandlari bilan o‘z uylari bo‘lishini orzu qilgan. “Faqat men ishlasam, uy-joy olib bersam bo‘ldi, derdi. Televizorda yaxshi uylarni ko‘rsa, men shunday uy qilib beraman, derdi... Agar u hayot bo‘lganida, men ko‘chalarda baklajka terib yurmasdim”, — deydi ayol.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Har kuni chiqindixonadan yarim xaltadan non ajratib olaman, mening bolam esa non topaman deb o‘lib ketdi”, — deb yig‘layveradi Farog‘at opa. U Ixtiyorning vafotidan keyin ko‘proq qora kiyinadigan bo‘ldi — ishda ham qora xalat, qora ro‘mol.

Farog‘at opaning boshqa ikki o‘g‘li uylanib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketgan. U ikki qizi bilan Samarqanddan kelib, shu yerda, Toshkentda rizqini topyapti. Ona o‘g‘li Ixtiyor hayotligida ham ishlardi. Lekin hozirgidek tonggi 5 dan kech soat 10 gacha emas.

Aytishicha, yelim idish ortidan topadigani haftasiga 180 mingdan 250 ming so‘mgacha, kilosini undan 2,4 ming so‘mdan olib qolishadi. Bundan tashqari, chiqindi qutilaridan ajratib olgan po‘choqni ham sotadi. “Oyiga 200 ming so‘m berishadi”, — deydi ayol.

Farog‘at opaning aytishicha, Ixtiyorning janozasi kuni 100 million so‘m berilgan. Bu pul ma’rakalarga sarflangan; qarzlari bo‘lgan — o‘shalarni ham to‘lashgan. 2020-yil sentabrida plastik kartasiga yana 161 million so‘m tushgan. Bu pulga ayol Samarqand tumanidan, otasiga yaqinroq joydan chala qurilgan uchastka olgan.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Aytishicha, “hali darvoza qo‘yilmagan, svet yo‘q, hojatxona, hammomi ham yo‘q”. Ayolning ta’kidlashicha, boshqa marhumlarning yaqinlari unga qo‘ng‘iroq qilgan va yana 100 million so‘m pul olishi kerakligini tushuntirgan.

“Men bolam o‘lsin, uy olayin demaganman, — deydi Farog‘at opa. — Biz tomonlarda ‘bolasining o‘ligini sotib uyli bo‘ldi’, degan gaplar ham bo‘ldi. O‘zimni osmoqchi ham bo‘ldim. Shuning uchun yozuv-chizuv qilmayman. Lekin o‘sha 100 millon so‘m qonuniy bo‘lsa va berishsa, olaman”.

Qorong‘i cho‘kayotganda chiqindixonadagi ishini tugatadi, chiqindixona hududidagi tor va noqulay, na hammomi va na oshxonasi bo‘lgan ikkiga uch metr hajmdagi muvaqqat uychasi eshigini mahkam yopadi. Arobachasini sudragancha, endi Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yelim idish terishda davom etadi. Unga 7-8 yoshlar chamasi qizaloq ham ergashadi... Yolg‘iz ayol ishlashi kerakligini ta’kidlaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Qishloqda ish yo‘q...”

Metrodagi fojiasi Lobar Rahmonovaning hayotini ham izdan chiqarib yubordi. Uning eri Anvar Diyorov Yunusoboddagi tuproq o‘pirilishining to‘rtinchi qurboni sifatida qayd etilgan.

Qashqadaryoning Yakkabog‘idan bo‘lgan bu yosh oila bor-yo‘g‘i sakkiz yil birga yashadi. Endi uch farzandni oyoqqa qo‘yish Lobarning zimmasiga qoldi. Ana shu mas’uliyat uni Toshkentga boshladi. “Qishloqda ish yo‘q, nafaqa ham berilmay qo‘ydi”, — deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, boquvchisini yo‘qotgani uchun berilishi lozim nafaqa yanvar oyidan buyon berilmagan. Ayol Toshkentdagi tikuv sexida topadigan 900 ming so‘m maoshini bog‘cha to‘lovi va ro‘zg‘or tebratishga amallab yetkazyapti.

Lobar Rahmonova (arxiv surati).

Foto: “Kun.uz”

“Ertalab bolalarni bog‘chaga qo‘yib, ishga boraman. Ish ko‘p emas — futbolka va triko tikamiz, shuning uchun maosh ham haminqadar, — deydi u. — Ishdan qaytib bolalarni olaman, keyin qozon-tovoq... Bolalar injiq bo‘lib ketayotgandek, nazarimda. Baribir otasini qo‘msaydi-da”.

Maktab yoshidagi qizini qishloqda qoldirib kelgan, lekin olib kelmoqchi. Qachon? O‘zi ham bilmaydi. Sharoiti yaxshilanganda, ehtimol.

Anvar Diyorov dafn etilgan kunda oilaga 100 million so‘m berilgan. So‘ng, 2020-yil sentabrida yana 161 million so‘m kartaga tushgan. Biroq Lobar boquvchisini yo‘qotgani uchun berilgan tovon puli to‘liq emas, deb hisoblaydi. Shu fikrda u qaynatasi va qaynakasi bilan birga SBK Universal Construction Group kompaniyasiga qarshi fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan.

“Dastlab berilgan 100 million so‘m hukumat komissiyasining qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan bir martalik — 261 million so‘mlik tovonning bir qismi, deb noto‘g‘ri talqin qilingan. Aslida dafn kunida berilgan 100 million so‘mning hukumat qarorida yozilgan mablag‘ga daxli yo‘q”, — deydi da’vogar tomon advokati Asliddin Mahammadiyev.

Sudning 2020-yil 27-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgar SBK Universal Construction Group’dan da’vogar Lobar Rahmonovaning uch nafar farzandidan har biriga 16 yoshga to‘lgunga qadar har oyda 727 ming so‘mdan kompensatsiya, 100 million so‘m bir martalik kompensatsiya va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 300 million so‘m kompensatsiya undirish belgilangan.

Anvar Diyorovning otasi Normurod akaning aytishicha, o‘g‘lining o‘limidan so‘ng o‘tgan suddan so‘ng xonadonga yana 100 million so‘m — fojia kunidan beri jami 361 million so‘m to‘lab berilgan. Lobarxonning qo‘shimcha qilishicha, marosimlar va bolalarning egni-boshi, bir yillik yeb-ichishlaridan ortgan pulga qaynakasining oilasi bilan birga Toshkentdan kamtarona uy olishgan, hozir hammalari o‘sha uyda yashayapti.

Boshqa marhumlarning yaqinlari olmagan (yo ololmagan) qo‘shimcha 100 million so‘mni Diyorovlar olgani sud qarori silliqqina ijro etilganini anglatadimi? Unga oylik nafaqalar to‘lovi nega to‘xtatilgan?

Sud davom etadi

Advokatning aytishicha, qaror 2020-yil 17-dekabrda qonuniy kuchga kirgan bo‘lsa-da, javobgar tomon yanvarda ham ijroni ixtiyoriy ravishda amalga oshirmagach, majburiy undirish choralarini ko‘rishga to‘g‘ri kelgan. Shu asosda korxona bank hisob raqamlari va mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan. Shundan so‘ng marhum Anvar Diyorovning oila a’zolariga 100 million so‘m pul o‘tkazilgan.

Anvar Diyorov.

Foto: “Daryo”

“Shundan keyin SBK Universal Construction Group negadir ‘da’vo bo‘yicha hal qiluvchi qarorini olmadim’, degan vaj bilan fevral oyida sudga murojaat qildi. Holbuki, da’vo muddati bo‘yicha 20 kun ichida appelyatsiya berishi kerak edi”, — deydi advokat Mahammedov. Ma’lum bo‘lishicha, javobgar tomon kassatsiya tartibida shikoyat berishga qonuniy haqi qolmagani bois, appelyatsiya shikoyatining muddatini tiklash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga ariza bergan.

Advokatning aytishicha, u kompaniyaning o‘sha arizasi haqida eshitgach, uch marta sudga borgan, kotibga, devonxonaga uchragan. Lekin sud qachon bo‘lishi haqida hech kim ma’lumot bermagan.

“Sud ikkinchi tomonga xabar bermay, ishni bir tomonlama ko‘rib, kompaniyaning arizasini qanoatlantirgan va ijro muddatini tiklab bergan, appelyatsiya shikoyatini shahar sudiga yuborish haqida ajrim chiqargan. Agar ijro muddati tiklab berilmaganida edi, hozirda sud qarorining ijrosi to‘xtamagan bo‘lardi”, — deydi advokat. Soddaroq qilib aytganda, agar shu ajrim bo‘lmaganida edi, Lobarxon boquvchisini yo‘qotganlik haqidagi bolalari uchun beriladigan nafaqalarni vaqtida olayotgan bo‘lardi.

Shundan so‘ng advokat Asliddin Mahammedov Toshkent shahar sudiga da’vo muddatini tiklash haqidagi arizani bekor qilish haqida xususiy shikoyat bergan. Ammo advokatning bu arizasi qanoatlantirilmagan. Sud ijro muddatini tiklab, ishni ko‘rish haqida qo‘shimcha ajrim chiqargan.

SBK Universal Construction Group’ning appelyatsiya shikoyati ko‘rilgani yo‘q — 5-martda “hali rasmiylashtirilmagan” deb, 26-martda “tuman sudiga yuborilgan” deb jarayon qoldirilgan. Endi appelyatsiya shikoyati asosidagi sud majlisi 20-aprel kuni soat 10:00 da fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

“Sudda yutishga qanchalik asosingiz bor?”, — deya so‘raymiz advokatdan.

“SBK Universal Construction Group avvalgi instansiyalarda ham ta’kidlab kelgan gapi — janoza kuni berilgan 100 million so‘m maxsus komissiya qaroridagi 261 million so‘mning hisobidan emish. Vaholanki, dafn marosimlari 2019-yil 19-dekabrda bo‘lgan. Maxsus komissiya 24-yanvarda tashkil etilgan va 31-yanvarda har bir jabrdiydaning xonadoniga 261 million so‘mdan bir martalik tovon puli to‘lash haqida dalolatnomani chiqargan”, — deya ta’kidlaydi advokat Mahammadiyev.

Advokat “Daryo” muxbiri bilan suhbatda barcha moliyaviy operatsiyalar yuridik shaxs sifatida SBK Universal Construction Group’ning hisob raqamidan chiqishi kerakligini, korxona bu borada dastlab (janoza kuni) berilgan 100 million so‘m aynan ularning hisobidan chiqqanini tasdiqlovchi biror hujjatni taqdim eta olmaganiga e’tiborni qaratdi.

Vaziyat yuzasidan Bandlik va mehnat munosabat munosabatlari vazirligi “Daryo” so‘roviga mujmal javob berdi. Unda ta’kidlanishicha, “261 million so‘m zarar to‘lovlari summasini oluvchiga yetkazib berish yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi hisobidan amalga oshirilgan. Birinchi to‘langan 100 million so‘m va keyingi to‘langan 161 million so‘m ish beruvchi hisobidan to‘lab berilgan” (vaholangki, gap bu yerda asosiy gap pullar kim tomonidan to‘langanida emas, balki qancha to‘lanishi kerakligi haqida edi).

Fojia ketidan mashmasha: kompensatsiyaning qanchasi kimga?

Shahrisabzning Beshkapa qishlog‘idagi yana bir motamsaro xonadon. Shu yerda yashagan 30 yoshli Jonibek Ravshanovning jasadi tuproq ostidan birinchi olib chiqilgandi. Uning o‘limi ortidan kelgan dard qolgan besh xonadondagi kabi, ammo muammo boshqacha.

Jonibek Ravshanov.

Foto: “Daryo”

Agar Jonibek hayot bo‘lganida edi, uning xonadonida va undan chiqib quda tomonida, mahalla idorasi-yu hokimlikkacha cho‘zilgan uzundan uzun mashmashalar bo‘lmasdi, kelin ham yetim qolgan go‘dagini bag‘riga bosib, ota uyiga ketib qolmasdi.

Agar Jonibek hayot bo‘lganida edi, kelinning kelajagini belgilashga qaynakaning haddi sig‘masdi. Onaizor marhum o‘g‘lidan qolgan yolg‘iz yodgor — qiz-nevarasini yil bo‘yi ko‘rmay, armon qilmasdi. Kelin esa otasi, akalari oldida o‘zini yuk deb bilmas, aslida berilishi kerak bo‘lgan, ammo qo‘liga yetib kelmayotgan nafaqalarni deb sarg‘aymasdi.

“Bevaqt judolik oilaning har bir a’zosiga kuchli zarba bo‘ldi”, deb so‘z boshlaydi marhumning bevasi Dilobar Bahromova. Lekin ko‘p o‘tmay tushunmovchiliklar boshlangan. Bunga berilgan tovon puli sabab bo‘ldi, deb hisoblaydi Dilobar. Aytishicha, mayit yerga qo‘yilganining beshinchi kuni u kelinlik uyidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. “Uydan urib chiqarib yubordilar”, deydi u.

Dilobar Bahromova qizi Feruzaxon bilan birga otasining uyida yashab kelmoqda.

Foto: “Daryo”

“Xo‘jayinimning qirqlari o‘tdi hamki, bormadik, — deb eslaydi Dilobar. — Mart oyiga kelib, menga ‘Nurafshon’ mahallasidan telefon qilishdi, ‘kelin, kelasizmi, gap bor’, deb chaqirishdi. Borsak, erimning akasi ham keldi. 160 million o‘tkazilishini aytishdi, u kishi menga: ‘30 million beraman, shu pul yetimingni boqib olishga yetadi’, deb aytdi”.

Shundan keyin ayoldan tegishli hujjatlar so‘rashgan. Lekin Dilobar hujjatdan qaysi maqsadda foydalanishlarini bilmagani uchun bermagan. Yozga kelib, mahalla xodimlari Dilobardan: “Bular kompensatsiyani olmadi, sen oldingmi”, deb so‘ragan.

“Hokimiyatdagilar ham so‘radi. Yo‘q, olganim yo‘q, deb qo‘ydim. Kompensatsiya puli 261 million chiqqan , bundan tashqari farzandim Feruzaxonga 500 mingdan ajratildi (aslida 519 ming so‘m — “Daryo”). Lekin bu pullarni qaynanam olgan-olmaganliklarini bilmayman”, — deydi yolg‘iz ona.

Ayolning aytishicha, u boquvchisini yo‘qotgani uchun oyma-oy beriladigan nafaqani ham biror marta olmagan. “Bir yildan ortiqroq vaqtdan buyon bolam bilan otamning uyidaman”, — deydi u.

Dilobar Bahromovaning qaynonasi, marhum Jonibek Ravshanovning onasi Risolat Bobomurodova farzandining o‘limi uchun berilishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pullari va nafaqa pullari to‘langanini inkor qilmadi.

Risolat Bobomurodova.

Foto: “Daryo”

“Pullar bizga to‘lab berilmadi desam, yolg‘on gapirgan bo‘laman. Pullarni olgan bo‘lishimiz kerak. Nafaqa pullari esa, mening nomimga ochilgan plastik kartaga tushayotgandir, qiziqib ko‘rmadim”, — deydi Risolat Bobomurodova (tushuntirishlaricha, aya plastik kartani ishlatishni bilmagani uchun karta katta o‘g‘ilda turarkan).

Anglashilishicha, marhum Jonibek Ravshanovning o‘limidan so‘ng uning yaqinlariga 261 million so‘m ikkiga bo‘lib — dastlab 100 million (dafn kuni) so‘m, keyinroq 161 million so‘m to‘lab berilgan. Birinchi 100 millionning 90 millioni marhumning bevasiga tekkan bo‘lsa, qolgan 10 million so‘m va keyin to‘langan 161 million so‘mni marhumning ota-onasi olgan.

Shuningdek, marhumning farzandi va ayoliga to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa pullari ham Risolat Bobomurodova nomiga ochilgan plastik kartaga tushirib berilmoqda. Marhumning bevasi mazkur holatdan norozi. Biz, albatta, oilaviy munosabatlarga aralashgimiz yo‘q.

Lekin masalaning qonuniy jihati bor. Qolaversa, buyog‘i oddiy arifmetika — 261 soni to‘rtga bo‘linadi: ikki hissasi marhumning ota-onasiga va qolgan ikki hissasi bevasi va qiziga. Oylik nafaqada ham shu o‘lchov. Dilobar qizi Feruzaxon 3 yoshga to‘lgunga qadar o‘zi uchun 519 ming so‘mdan, qizi uchun esa u 16 yoshgacha yana 519 ming so‘mdan olishi kerak (darvoqe, o‘tgan bir yil davomida nafaqa foizlari ham o‘sdi).

Yuqorida tilga olingan sud jarayoni Diyorovlar foydasi bilan yakun topsa, SBK Universal Construction Group’da ishlab, vafot etgan yigitlarning bari uchun ularning oilalari tovon pulining qolganini ham olishi uchun yo‘l ochilardi. Shunda kemtik hayotini oliy ta’lim dargohiga kirib, to‘ldirishga harakat qilayotgan Dilobarning orzusi ushalishi oson bo‘lardi.

“Ishlamasam bo‘lmaydi...”

Tuproq ostida qolib halok bo‘lganlardan faqat pastdarg‘omlik Zarif Karimov “O‘zbekiston temir yo‘llari” xodimi edi, Juma stansiyasida ishlardi. Shu bois uning uchun tovon pulini o‘z korxonasi to‘lagan. Oilaga dastlabki 100 milliondan tashqari, yana 281 million so‘m tovon sifatida to‘langan.

Zarif Karimov.

Foto: “Daryo”

Boquvchisini yo‘qotgani uchun har bir farzandi va rafiqasiga 650,6 ming so‘mdan nafaqa oyma-oy berilyapti. Bu borada oilada e’tiroz yo‘q. Ammo Zarifjonning bevaqt vafoti ortidan xonadonda faqat ayriliq og‘rig‘i emas, balki real muammolar ham yuzaga kelganini ularning so‘zlaridan ilg‘ash qiyin emas.

Marhumning bevasi Maysara Irisova tibbiy hamshira ma’lumotiga ega. Ayolning aytishicha, oilada olti jon, qaynonasi kasal, u ham ular birga. “Endi oilaning erkagi ham, ayoli ham o‘zimman”, — deydi Maysaraxon. Kenjasi yaqinda uch yoshga to‘ladi, shu bilan o‘zi uchun ajratilgan nafaqa to‘xtatilishini ta’kidlaydi u.

“Qizlarim repititorga boryapti, dadalari ularning oliy ta’lim olishini shunchalar istardiki... Biri kompyuter deydi, boshqasiga dori kerak. O‘zi kenjamga Jumadagi tibbiyot kollejidan dekretga chiqqanman. Keyin o‘z hisobimdan ta’tilga chiqqandim. Yo‘q, siz ishdan ketgansiz, deyishdi”, — deydi u.

Maysara Irisova uch qizi va bir o‘g‘liga endi ham ona, ham ota.

Foto: “Daryo” / Farhod Norbo‘tayev

Kollej direktori, agar bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘lsa, uni chaqirishlarini aytgan. Lekin aynan uning murojaatidan so‘ng boshqa bir kishi ishga olingan. Maysara ish masalasida hokimlikka ham borgan.

“Soat 6 dan, qorong‘ida bordim, navbatda turish uchun, — deydi ayol. — Ishlamasam bo‘lmaydi, dedim. Yo‘q, ish yo‘q deydi. Kecha ham hokimlikdan yig‘lab chiqdim. Ism-familiyasini bilmayman, shu hokim o‘rinbosari. 1174 nomer, ya’ni navbat yozib qo‘yilibdi-ku, deydi. Bunaqa ish yo‘q, bilaman. Qachon bo‘lishini o‘zlari ham bilmaydi”.

“Daryo” muxbirining safaridan biroz vaqt o‘tib, 16-mart kuni Maysara Irisova tahririyat bilan bog‘landi. Ayolning aytishicha, Pastdarg‘om tuman hokimligi uni tuman tibbiyot birlashmasi (xalq tilida tuman shifoxonasi)ga jo‘natgan. Kadrlar bo‘limi vakili unga ikki oyda ish bilan ta’minlanishini aytgan. Ayol bu va’daga ishonmayapti. “Shifoxonada ‘da’voyim yo‘q’, deb tilxat ham yozdirib olishdi”, — deydi u.

Amakivachchalar xonadonida nima gap?

20 yoshli Davronbek 2019-yil 28-noyabr kuni Rossiyadan qaytib, 11-dekabr kuni Toshkentga, metro qurilishiga ishga ketgan edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, u tuproq ostida qolib, halok bo‘lgan.

Davronbek Abdullayev (chapda) va Oybek Abdullayev.

Foto: “Daryo”

“Davronjonimning Rossiyada ishlab kelgan puliga uyimizga ‘potolok’ qoqqan bo‘lsak, uning o‘limi uchun to‘lab berilgan pulga hovlimiz uchun yangi darvoza oldik, — deydi marhumning onasi Sabohat Jamolova. — U darvozani yangilash uchun ishga borgandi o‘zi... Kam-u ko‘stimizni to‘ldirdik. Uyimizni ta’mirlatdik. Davronjonimdan esdalik deb akasiga yangi mashina xarid qildik. Ammo, armonim shuki, bular Davronjonimning o‘limi bilan keldi. Hech qaysisi Davronjonimsiz tatimayapti”.

“Yunusobod fojiasi”da halok bo‘lgan Davronbek Abdullayevning onasi Sabohat Jamolova hovliga o‘rnatilgan yangi darvoza oldida.

Foto: “Daryo”

Sabohat ayaning aytishicha, oilaga dafn marosimi kuni 100 million so‘m, 2020-yil sentabrida esa yana 161 million so‘m — jami 261 million to‘lab berilgan. Shuningdek, 2020-yilda har oy to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa pullarini to‘liq olgan, ammo 2021-yil hisobidan nafaqa pullari hali to‘langani yo‘q.

“Nafaqa pullarini o‘tgan yili ikkiga bo‘lib to‘lab berishgandi. 2021-yilda ham shu tartibda to‘lashsa kerak”, — deya taxmin qiladi Sabohat opa.

Beshkapalik Davronjon bilan uning o‘zidan 10 yosh katta amakivachchasi ham Yunusobodda halok bo‘lgandi. Aslida u 2019-yil 13-dekabr kuni, fojiadan besh kun avval uyga qaytmoqchi bo‘lgan, biroq “oyligini ololmagani”, “ish 28-dekabrgacha davom etadigan” bo‘lib qolgani uchun qaytolmagan.

Halovat Shukurova.

Foto: “Daryo”

Uning xonadonidagi vaziyat ham qarindoshinikidek — onasi Halovat Shukurovaning aytishicha, dastlab 100 million, keyinroq 161 million so‘m o‘tkazib berilgan. Boquvchisini yo‘qotganlik uchun beriladigan nafaqa 2020-yil uchun to‘liq berilgan, biroq 2021-yilgi nafaqalar hali to‘lanmagan.

Xulosa o‘rnida

Fojia yuz bergan kunlari jamoatchilik vakillari, ijtimoiy tarmoqlarning faollari qurbonlar xotirasini abadiylashtirish, masalan, yangi qurilayotgan bekatga “Quruvchilar” nomini berishni bir emas, bir necha bor taklif qildi. Bekatni qurgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati nom berish xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi vakolatida ekanini ta’kidladi.

Nomi berilmasa ham, shu inshootni qurish vaqtida yuz bergan fojiani eslatuvchi peshlavha o‘rnatilsa ham mayli edi. “Voqea joyiga yaqinroq yerda loaqal bir taxtada xotira yodgorligi o‘rnatish esa hech kimning xayoliga ham kelmaydi”, — deya bu fikrlarni quvvatlaydi stansiya yaqinida ishlovchi Saodatxon Ahrorova. Buning uchun deputatlardan rozilik olish shart emasdir, oddiygina e’tibor kifoya, ehtimol.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Toshkent metrosining “Yunusobod” bekati. Metrodan tashqariga chiqar ekansiz, bu yerlar poytaxtning boshqa joylaridan hech farq qilmaydigandek. Stansiyada ham, tashqarida ham bu yerda go‘yo hech voqea bo‘lmagandek... afsuski, bu yerda olti kishi halok bo‘lgan. Ularning o‘limi uchun biror shaxs aybdor deb topilmagan.

Otabek Qo‘ldoshev (Qashqadaryo), Farhod Norbo‘tayev (Samarqand), Mustahkam Tangriyorova (Toshkent) suhbatlashdi, Mustahkam Tangriyorova nashrga tayyorladi.