Daryo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

Prezident Navro‘z bayramini nishonlayotgan barcha xalqlarga, xorijiy hamkorlarga ezgu tabrik va salomlarini yo‘lladi

2 daqiqa o‘qish93 146 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Toshkentdagi Humo Arena majmuasida 21-mart kuni Navro‘z bayrami shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.  Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tantanali tadbirda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“O‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. O‘shanda bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik. Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, quvonchli kunlar boshlanmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari koronavirus hali to‘la bartaraf etilmaganini, unga qarshi harakatlar zoye ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashishni bir lahza ham to‘xtatmaslik, beparvolik va beg‘amlikka berilmaslik kerakligini ta’kidladi.

“Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan uyg‘un va hamohangdir. Xalqimizning fidokorona mehnati, qat’iy siyosiy irodamiz bilan keng ko‘lamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan to‘g‘ri yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz”, — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bu yilgi Navro‘z O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligida o‘tmoqda. Prezident Navro‘z bayramini nishonlayotgan barcha xalqlarga, xorijiy hamkorlarga ezgu tabrik va salomlarini yo‘lladi.

Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni Navro‘z bayrami bilan tabriklagani haqida xabar berilgan edi. Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham Navro‘z bayrami bilan bir-birlarini tabriklab, Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlariga farovonlik tilagan edi. AQSh prezidenti Jozef Bayden ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bayrami bilan tabriklab, maktub yo‘llagandi.

Eslatib o‘tamiz,  koronavirus pandemiyasini inobatga olgan holda O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari karantin qoidalariga amal qilgan holda mahallalarda tashkil etiladi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar