O‘zbekiston Xitoy bilan hammualliflikda yaratilgan koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 1 milliondan ortiq dozasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Vaksinani yetkazib berish ishlari mart o‘rtalarida boshlanadi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sinxua agentligiga bergan intervyusida
ma’lum qildi.
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi
“Ko‘ngillilarda o‘tkazilgan sinovlar koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasi xavfsiz va samarali ekanligini ko‘rsatdi. O‘zbekistonda Xitoy vaksinasining uchinchi bosqich sinovlari o‘tgan yilning dekabrida boshlangan edi. Ayni vaqtda 7 mingdan ortiq ko‘ngilli tadqiqotda ishtirok etdi”, — deydi u.
Vazirning ta’kidlashicha, sinovlar yaxshi natija ko‘rsatgan, emlangan ko‘ngillilarning aksariyatida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmagan.
“Bemorlarning juda kam qismida allergik reaksiyalar va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatildi. Ushbu belgilar nazorat ostida olindi va uch-to‘rt hafta ichida emlangan barcha insonlar o‘zini yaxshi his qilgan, oddiy hayotga qaytgan”, — deydi Abdurahmonov.
Shuningdek, vazir hozirda O‘zbekiston Xitoy tomoni bilan 1 million dozadan ortiq vaksinani xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan.
“Ushbu vaksinalar O‘zbekistonga yetkazib berilgach, taxminan, mart oyining o‘rtalarida mamlakat aholisini ommaviy emlash boshlanadi”, — deydi u.
Avvalroq O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi birinchi bo‘lib foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida
xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiyaning Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashga ham
ruxsat berilgandi. Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish
rejalashtirilgan.
Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval