O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 5-mart kuni “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-aprelgacha quyidagilar ishlab chiqilib, joriy etiladi:

  • har bir mahallaning ID identifikatsiya raqami va hududiy chegarasi ko‘rsatilgan yagona elektron ma’lumotlar bazasi;
  • ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar va oilaga tarbiyaga berilgan (patronat) bolalar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi;
  • davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan yagona elektron axborot tizimi;
  • fuqarolarning avtotransport vositalari sozligi yoki nosozligi bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi.

2021-yil 1-apreldan:

  • Davlat xizmatlari agentligining “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga vasiylikka va homiylikka olingan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali taqdim etiladi;
  • davlat va nodavlat umumta’lim tashkilotlariga o‘quvchini o‘qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar, shuningdek, O‘zbekistondagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarning talaba(o‘quvchi)larini o‘qishga qabul qilishdan boshlab bitirgunga qadar ushbu ta’lim tashkilotlarining tegishli buyruqlari va boshqa hujjatlar faqat yagona elektron ma’lumotlar bazasida shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.

Qaror bilan, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish hamda ularga bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam hamda kompensatsiya tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qarorlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.