O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida yuborilgan vaksinatsiya uchun mo‘ljallangan shprislar qabul qilib olindi, deya xabar qilmoqda O‘zA.

Foto: O‘zA

Ta’kidlanishicha, YuNISEF xodimlari Toshkent xalqaro aeroportida COVID-19 vaksinalarini barcha uchun yetkazishga qaratilgan global mexanizm — COVAX doirasida 4500 kilogramm qadoqlangan shprislarni qabul qildi.

Foto: O‘zA

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan vaksina 1-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekistonning hissasi va sa’y-harakatlarini inobatga olib, kompaniya ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan ishlab chiqarishga kelishilgan.

Vaksina koronavirusning “britancha” va “afrikacha” shtammlariga qarshi Moderna vaksinasidan olti barobarga yaxshiroq bo‘lib chiqqani ma’lum qilingan.

Xitoy kompaniyasi mazkur vaksinani hamkorlikda ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyatini o‘rganib, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasini tanlagan.

Bundan tashqari, Rossiya tashqi ishlar vaziri “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekistonda ro‘yxatga olinganini aytdi. Vaksinani ommaviy qo‘llash jarayoniga 17-fevral kuni ruxsat berilgan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston COVAX dasturi doirasida 2,6 million doza AstraZeneca vaksinasini olishi ma’lum qilingan.