Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolanishi kutilayotgan aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid yangi farmon yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Foto: “Daryo”

“Uy-joy masalasi juda jiddiy, ayniqsa Toshkent shahrida bir necha oilalar bir hovlida yashashadi. Mazkur farmon uy-joyga muhtoj aholi hayotini tubdan o‘zgartiradi. Farmon ijrosi ta’minlansa, oilalarda janjal, jinoyat, ajrim holatlari yanada kamayadi, deb o‘ylayman. Birga yashagandan keyin turli muammolar tug‘iladi, gigiyena masalalari bor.

Har bir oilaning o‘z oshxonasi, o‘z dushi, o‘z hojatxonasi bo‘lsa, xotirjam va bemalol yashaydi.

Bir qancha oilaning bitta hovlida hayot kechirishi qanday ekanligini yaxshi bilaman. Masalan, biz ham to‘rt aka-uka oilamiz bilan bitta hovlida yashaganmiz. Keyinchalik imkon qilib alohida chiqib ketganmiz. Lekin u paytlar odamlar ancha sabrli edi, oilalarda janjal bo‘lmasdi.

Yig‘ilishda ta’kidlab o‘tilgan farmon qabul qilinsa, uylar yanada sifatli quriladi, odamlar hayoti yanada farovonlashadi”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

Bundan avval uy-joy qurilish sifatini oshirish mas’uliyati Ochilboy Ramatov va viloyat hokimlariga yuklatilgani, O‘zbekistonda 2021-yil yakunigacha og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan 1000 nafar ayol ijtimoiy ijara asosida uy-joy bilan ta’minlanishi hamda Shavkat Mirziyoyev quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar 2021-yil oxirigacha uzaytirilishini ta’kidlagani haqida xabar berilgandi.