Rossiyada oktabr oyining boshidan beri birinchi marta koronavirus bilan kasallanganlarning kunlik ko‘rsatkichi 12 ming kishidan pastga tushdi. Bu haqda “RBK” xabar qildi.

Foto: “RIA Novosti”

Ma’lum qilinishicha, bir sutkada 417 kishi vafot etgan. O‘tgan sutka davomida Rossiyada koronavirus bilan kasallangan 11,8 ming kishi aniqlangan. Bu 8-oktabrdan beri aniqlangan eng minimal ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘sha kunda mamlakatda 11,4 ming fuqaroda koronavirus qayd etilgan.

Kasallikka chalinganlarning eng ko‘p qismi Moskva (1198 kishi), Sankt-Peterburg (913), Moskva viloyati (732) hamda Nijniy Novgorod viloyatida (409) qayd etilgan.

Rossiyadagi koronavirus bo‘yicha tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 4,1 million kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatda koronavirus qurbonlarining umumiy soni esa 84 ming kishidan oshgan. Bu hisobotga o‘limiga asosiy sabab koronavirus bo‘lganlar kiritilgan.

Agar COVID-19 bilan bog‘liq bo‘lgan barcha o‘limlar hisobga olinsa, qurbonlar soni ko‘proq bo‘ladi. “Rosstat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil apreldan dekabrgacha Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq 162,2 ming o‘lim qayd etilgan.

Bundan avval Rossiyada COVID-19’ning “britancha” shtammini aniqlaydigan test ro‘yxatdan o‘tkazilgani, mamlakatda odamga H5N8 parranda grippi yuqishi bilan bog‘liq birinchi holat tasdiqlangani hamda Rossiyada COVID-19’ga qarshi uchinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.