Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakatda koronavirusga qarshi uchinchi vaksinaning Chumakov nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgani va ro‘yxatdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Reuters

“‘KoviVak’ deb nomlangan uchinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi, u Chumakov nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan. Mart oyi o‘rtasida dastlabki 120 ming doza fuqarolarni emlashga yo‘naltiriladi”, – degan Mishustin vaksinalar masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda.

U Rossiyaning koronavirusga qarshi profilaktika uchun uchta vaksinaga ega dunyodagi yagona davlatga aylanganini ta’kidlab o‘tgan.

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko jurnalistlar bilan muloqotda preparatning xavfsiz va samarador ekanligi ko‘ngillilar ishtirokidagi tadqiqotlarda aniqlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksina ustida o‘tkazilgan keng miqyosdagi tadqiqotlar u ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin ham davom etadi.

“Endi uchta vaksinaga egamiz va ular orqali fuqarolarni infeksiyadan ishonchli himoya qilishimiz mumkin”, – degan Rossiya SSV rahbari.

Avval vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin klinik sinovlarning uchinchi bosqichi 3 ming nafar ko‘ngillida amalga oshirilishi va parallel ravishda fuqarolarni emlashga yo‘naltirilishi xabar qilingan. Shuningdek, markaz direktorining o‘rinbosari Konstantin Chernov martda ‘KoviVak’ning 100 mingta dozasi bilan odamlarni emlash ishlari boshlanishi haqida gapirgan edi.

Chumakov nomidagi markazda ishlab chiqilgan nomzod vaksinaning dunyodagi boshqa sheriklaridan farqi uning selnoverionli vaksina ekanligida, ya’ni mazkur dori tarkibida o‘lgan SARS-CoV-2 virusi mavjud. Shunga o‘xshash boshqa bir vaksina Xitoyda ishlab chiqilgan.

18-yanvarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning topshirig‘i bilan aholini ommaviy ravishda emlash ishlariga start berilgan. Ayni vaqtda aholini asosan mamlakatning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaksinalar bilan emlash amalga oshirilmoqda va asosan Gamaleya nomidagi markazda ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasidan foydalanilmoqda. Markaz direktorining o‘rinbosari Denis Logunov 10-fevral holatiga ko‘ra Rossiyada vaksinaning ikkala qismi (ikki doza) bilan 1,7 million nafar odam emlangani va dastlabki dozani qabul qilib olganlar soni 2,2 milliondan oshganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Rossiyada “EpiVakKorona” nomli Rospotrebnadzorning “Vektor” markazida ishlab chiqilgan vaksina ham ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biroq mazkur preparat bilan ommaviy ravishda emlash ishlari fevraldan boshlandi. 2022-yil mart oyigacha asosan “Sputnik V”, bahordan esa “Sputnik” va “EpiVakKorona” bilan, mart oxiridan esa “KoviVak” bilan odamlarni vaksinatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, “Sputnik V” vaksinasi VengriyaLivan, Serb Respublikasi, Jazoir, Argentina, Belarus, Boliviya, BAA, Serbiya, Paragvay, VenesuelaMo‘g‘ulistonPokistonTurkmaniston, Falastin va Eronda foydalanish uchun tasdiqlangan.

Shuningdek, O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasini uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida sertifikatlashtirilgan holda ommaviy qo‘llashga ruxsat berilgan. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishi ma’lum qilingan.