Xiaomi texnologik giganti elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya buni strategik yechim sifatida ko‘rib chiqyapti, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Manbalarning ma’lum qilishicha, loyiha hozirda boshlang‘ich bosqichda bo‘lib, dizayn, texnik tavsif kabi jihatlari hali tasdiqlanmagan. Ushbu masaladan xabardor insonning so‘zlariga ko‘ra, loyihani to‘g‘ridan to‘g‘ri Xiaomi asoschisi va bosh direktori Ley Szyun boshqarmoqda. Kompaniya ushbu mish-mishlarga izoh berishdan bosh tortgan.

Ley Szyun 2013-yilda ikki marotaba AQShga amalga oshirgan tashrifi davomida Tesla bosh direktori Ilon Mask bilan uchrashgan edi. O‘tgan yillar davomida uning ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishlari mustahkamlanib bordi. Xiaomi shundoq ham ko‘plab assortimentlari fonida “aqlli” elektromobillar bozoriga kirishga qaror qilgan. Tahlilchilarning taxminicha, Xitoy giganti yaqin yillarda sezilarli darajada rivojlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning yozida Xiaomi kompaniyasi o‘z avtomobilini taqdim etayotgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan va hatto yangi mahsulotning tizerini ham e’lon qilgandi. Keyinroq bu to‘laqonli mashina emas, balki Suzuki Jimny modelining 1:16 masshtabda kichraytirilgan o‘yinchoq modeli bo‘lib chiqdi.